Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri Rahmat Mamatov bugun Buxoro viloyati Olot tumaniga tashrif buyurdi hamda hududda olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar bilan atroflicha tanishdi.
Dastlab tumanning chegara hududida joylashgan “Arabxona” mahalla fuqarolar yig‘inida bo‘lib, yangidan qurilayotgan mahalla markazi hamda “Oilaviy shifokorlik punkti” binosida olib borilayotgan qurilish-ta'mirlash ishlarining borishini ko‘zdan kechirdi.
Vazir R.Mamatov “Arabxona” mahalla fuqarolar yig‘iniga murojaat bilan kelgan xotin-qizlar bilan uchrashuv davomida bildirilgan masalalarni hal qilish yuzasidan tegishli tashkilot mas'ullariga zarur topshiriqlar berdi.
Ushbu mahallada hozirgi vaqtda 2 018 nafar aholi istiqomat qiladi. Hududda olib borilgan o‘rganishlar davomida ishsiz fuqarolar bandligini ta'minlash, ehtiyojmand oilalarga chorva mollari olib berish, subsidiya asosida issiqxonalar qurib berish hisobiga ularni daromad manbai bilan ta'minlash bo‘yicha zarur choralar ko‘rildi.
Tashrif davomida tumanning chegara hududida joylashgan “Qirlishon” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida olib borilayotgan obodonlashtirish, aholining shaxsiy tomorqa yerlaridan foydalanish, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” hamda “Temir daftar” ga kiritilgan fuqarolar bilan ishlash tizimi ham atroflicha o‘rganildi.
715 nafar aholi istiqomat qiladigan mahalladagi xotin-qizlar va yoshlarning aniqlangan muammolarini o‘rnatilgan tartibda hal etish choralari ko‘rildi.
Vazir R.Mamatov tomonidan Olot tumanida olib borilgan o‘rganishlar davomida hududda “mahallabay” ishlash tizimini yanada takomillashtirish, mavjud muammolarni hal qilish hamda shaxsiy tomorqa yerlaridan unumli foydalanishlari uchun aholiga zarur yordam ko‘rsatish bo‘yicha tumandagi mutasaddi tashkilotlar vakillariga kerakli tavsiyalar berib o‘tildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi