Joriy yilning 1-aprel kuni Davlat rahbarining topshirig‘iga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari S.Umurzakov boshchiligidagi va vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari va tijorat banklari rahbarlaridan iborat Eksport va investitsiyalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha hukumat komissiyasi tadbirkorlar va eksportchilarning muammolarini aniqlash va hal qilish, shuningdek, hududda tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha yangi taklif va tashabbuslarni o‘rganish maqsadida Buxoro viloyatiga yo‘l oldi.
Komissiya a'zolarining korxonalar va ishlab chiqarish ob'ektlariga borib, tadbirkorlar bilan ishlab chiqarishning hozirgi holatini o‘rganish hamda uni ichki va tashqi bozorda yuqori qo‘shimcha qiymatga va talabga ega bo‘lgan yangi turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarishni o‘zlashtirish orqali kengaytirish, shuningdek, sanoat ishlab chiqarish hajmini oshirish va yangi ish o‘rinlarini yaratish uchun qo‘shimcha zaxiralarni aniqlashga yo‘naltirilgan ishlar tashkil etildi.
Shuningdek, Komissiyaning joylardagi faoliyati doirasida ochiq muloqot tashkil etilib, unda viloyatning 400 dan ortiq tadbirkor va eksportchilari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbir ishtirokchilari Komissiya rahbariyatiga bevosita murojaat etish va o‘zlarining tadbirkorlik va sanoat faoliyati jarayonida yuzaga kelayotgan muammolarini muhokamaga olib chiqish imkoniga ega bo‘ldilar. Har bir ko‘tarilgan muammo tegishli vazirlik va idoralarning yuqori mansabdor shaxslarini jalb qilgan holda har tomonlama ko‘rib chiqildi va tadbirkorlarning talab va ehtiyojlariga javob beradigan maqsadli yechimlar ishlab chiqildi. Tadbir davomida mutasaddi rahbarlarga ushbu yechimlarni tezkor amalga oshirish va tadbirkorlarni kelgusida ham qo‘llab-quvvatlash maqsadida ular bilan bevosita aloqalarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Hozirgi sharoitda davlat va biznes o‘rtasida bevosita muloqotning yo‘lga qo‘yilishi mavjud “o‘sish nuqtalari”dan foydalanib, tadbirkorlikni rivojlantirish, hududlarning iqtisodiy salohiyatidan maksimal darajada foydalanish, shuningdek, yuzaga kelayotgan muammolarni aniqlash va zudlik bilan hal etishning eng samarali vositasi ekanligi ta'kidlandi.
Muhokama yakunida mutasaddi rahbarlarga aniq muddatlar va amalga oshirish mexanizmlari ko‘rsatilgan amaliy chora-tadbirlar dasturini shakllantirish topshirildi. Hukumat komissiyasi tomonidan Buxoro viloyatida olib borilgan faoliyat natijasida qabul qilingan qarorlarning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi zimmasiga yuklatildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi