O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Aziz Abduhakimov xorijiy elchi va diplomatik korpus vakillari bilan uchrashdi
2021-03-31 | Turizm
Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov taklifiga binoan O‘zbekistondagi xorijiy mamlakatlarning favqulodda va muxtor elchilari hamda diplomatik korpus vakillari bilan Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi binosida uchrashuv tashkil etildi.
Tadbirda Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Yaponiya, Isroil, Malayziya, Yaponiya, Indoneziya, Birlashgan Arab Amirliklari, Misr, Pokiston, Hindiston, Eron, Koreya, Ozarbayjon va Italiya kabi davlatlarning elchilari va diplomatik vakillari ishtirok etishdi.
Uchrashuv avvalida Bosh vazir o‘rinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov tomonidan mamlakatlar o‘rtasidagi aloqalarni, jumladan, turizm, madaniy meros va sport sohalarini har tomonlama rivojlantirish yo‘lidagi doimiy hamkorlik va sa’y-harakatlar uchun samimiy minnatdorlik bildirildi. Mehmonlar O‘zbekiston hukumati tomonidan pandemiya oqibatlarini yumshatish va turizm sohasini qo‘llab-quvvatlash barobarida tezkor qayta tiklash va yangi o‘sish nuqtalarini topishga doir amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishtirildi. Butun dunyodagi pandemiya sharoitida sayyohlar xavfsizligini ta’minlash muhim omil ekanligi inobatga olinib, xorijiy elchilarga respublikamizda joriy etilgan yangi “Uzbekistan. Safe travel GUARANTEED” sanitar-epidemiologik xavfsizlik tizimi borasidagi taqdimot namoyish etildi.
Shuningdek, mehmonlar Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Samarqand shahrida tashkil etilgan “Ipak yo‘li” xalqaro turizm universiteti faoliyati hamda diplomatik vakolatxonalar rahbarlari universitetida tashkil qilingan turizmni o‘rganish va tadqiq etish bo‘yicha markaziy kutubxona bilan tanishtirildi. Mehmonlar o‘z mamlakatlarida nashr etilgan O‘zbekiston va Markaziy Osiyo haqidagi turli kitob va adabiyotlar, qo‘lyozma nusxalari, tarixiy xaritalar hamda shu kabi foydali materiallar, xorijiy davlatlar haqidagi muhim adabiyotlarni kutubxonaga taqdim qilish shuningdek, mamlakat burchagini tashkillashtirish yuzasidan hamkorlikka tayyorligini bildirishdi.
Tadbir yakunida tomonlar turizm sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, pandemiyaning sohaga zararini kamaytirishga doir ishlar bo‘yicha ma’lumot almashib borish yuzasidan muzokaralar olib borishdi. Xorijiy mamlakat vakillari tomonidan esa bildirilgan tashabbuslar va loyihalar yuzasidan hamkorlikni jadallashtirishga tayyor ekanligi ma’lum qilindi.
Ma’lumot o‘rnida: universitetda so‘nggi uch yilda O‘zbekistondagi eng innovatsion va zamonaviy ta’lim tizimi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, o‘z mavqeini sezilarli darajada mustahkamladi. Xalqaro professor-o‘qituvchilarni jalb qilgan holda talabalarning malakali ta’lim olishi uchun eng zamonaviy va dolzarb o‘quv materiallarini taqdim etishga doir keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi