Uy-joy qurish va aholini uy-joy bilan ta’minlash ustidan jamoatchilik nazorati o‘rnatiladi
Oliy Majlis Senati Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi tomonidan “Uy-joy qurilishi va ipoteka bozorini rivojlantirishga doir ustuvor vazifalarning amalga oshirilishida “Xalqparvar” komissiyaning roli” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Davlatimiz rahbari raisligida 2021-yil 3-mart kuni uy-joy qurilishi va ipoteka bozorini rivojlantirish chora-tadbirlari bo‘yicha bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida aholini uy-joy bilan ta’minlash bo‘yicha ijtimoiy uy-joy qurish va ijaraga berish, ipoteka krediti shartlarini yengillashtirish va birinchi badal uchun subsidiyalar ajratish bo‘yicha vazifalar belgilangan edi.
Davra suhbatida mazkur chora-tadbirlar maxsus dasturining mas’ul vazirlik va idoralar tomonidan ijro etilishi hamda mazkur sohada parlament va jamoatchilik nazoratining olib borilishi muhokama qilindi.
Yig‘ilishda qayd etilganidek, 2021-yilda 54 ming oilani uy-joy bilan ta’minlash mo‘ljallanmoqda. Davlat ipoteka dasturi asosida 45 mingta uy quriladi. Mana shunday hajmdagi qurilish ishlarini amalga oshirish maqsadida davlat byudjetidan 11 trillion 500 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi. Bu 2020 yilda yo‘naltirilgan mablag‘lar bilan hisoblaganda 4 barobarga ko‘p, degani. Eng muhimi, barpo etilayotgan yangi turar-joy majmualari aholiga maqbul shart va qulay imkoniyatlar asosida taqdim etiladi.
Prezidentimizning 2021-yil 11-martdagi tegishli farmoni bilan uy-joy qurilishi uchun davlat tomonidan ham aholiga, ham quruvchilarga imtiyoz va qulayliklar yaratish nazarda tutilgan. Jumladan, Moliya vazirligi tijorat banklariga pul mablag‘larini hamda tijorat banklari aholiga ipoteka kreditlarini 6 oylik imtiyozli davr (mijozning xohishiga ko‘ra) bilan 20 yil (yigirmanchi yilni ham qo‘shgan holda) muddatga ajratadi.
– Shahar va qishloqlarda ipoteka kreditlari bo‘yicha dastlabki badal sotib olinadigan kvartira qiymatining 15 foizidan kam bo‘lmagan miqdorda belgilanadi, – deydi Moliya vazirligi departament direktori Farrux Botirov. – Bunda daromadi yuqori bo‘lmagan va uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj fuqarolarga ipoteka krediti bo‘yicha dastlabki badalning bir qismini qoplash uchun Davlat byudjetidan subsidiyalar uy-joy hisoblangan qiymatining 10 foizi miqdorida ajratiladi. Masalan, 300 million so‘mlik uyning boshlang‘ich badali 45 million bo‘lyapti. Past daromadli aholi 5 foizini to‘laydi. Bu 15 million so‘m, degani. Bunda cho‘ntagida 15 million so‘m bo‘lgan aholi ham uyli bo‘lishi mumkin. Bu esa oylik to‘lovlarning kamayishiga ham olib keladi. Ya’ni, oldin o‘rtacha to‘lov 4,2 million bo‘lgan bo‘lsa, endilikda 3,7 millionga tushyapti. Shundan fuqaro to‘laydigan qismi 2,2 million so‘mni tashkil qiladi. Shuningdek, kreditlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi va har bir viloyatda 500 ta, jami 6 ming 500 ta yakka tartibdagi uy-joyni qurish (rekonstruksiya qilish) uchun ipoteka kreditining eng ko‘p miqdorlaridan oshmaydigan va dastlabki badali yakka tartibdagi uy-joyni qurish (rekonstruksiya qilish) ishlari qiymatining 15 foizidan kam bo‘lmagan miqdorida, 6 oylik imtiyozli davr bilan 20 yil (yigirmanchi yilni ham qo‘shgan holda) muddatga ajratiladi.
Ta’kidlanganidek, daromadi yuqori bo‘lmagan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj fuqarolarga yakka tartibdagi uy-joylarga ajratilgan ipoteka kreditlari bo‘yicha dastlabki besh yil mobaynida foiz stavkasining 10 foizlik punktdan oshgan qismini qoplash uchun Davlat byudjetidan subsidiyalar ajratiladi.
2021-yil 1-iyundan boshlab ipoteka krediti bo‘yicha dastlabki badal va foiz to‘lovlarining bir qismini qoplash uchun subsidiyalar to‘lashning soddalashtirilgan tartibi joriy qilinadi va fuqarolar tomonidan subsidiya olish uchun arizalar yil davomida topshirilishi mumkin. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan Davlat byudjeti parametrlarida davlatimiz rahbari topshiriqlariga asosan hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun nazarda tutilgan mablag‘lar hisobidan mingta kvartira sotib olinishi belgilandi.
Bu kvartiralar uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan fuqarolar, shu jumladan, xotin-qizlar sotib olingan uy-joylarga davlat uy-joy fondidagi turar joylarni ijaraga berish tartibiga muvofiq joylashtiriladi.
Bundan tashqari, uy-joylar qurilishida nazorat mexanizmi ishlab chiqilib, viloyat, tuman va shahar hokimlari quruvchilar bilan birga, mahalliy Kengashlarda hamda ommaviy axborot vositalari orqali xalqqa har oyda hisobot berishi belgilab qo‘yilgan.
Farmonda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining ijtimoiy hamkorlikni yanada kuchaytirish, kompensatsiya, subsidiya va davlat tomonidan taqdim etiladigan boshqa imtiyozlarni adolatli taqsimlash hamda ulardan samarali foydalanish maqsadida hududlarda senatorlar, deputatlar va jamoat faollari ishtirokida “Xalqparvar” komissiyalarini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullangan.
Oliy Majlis Senati Kengashining tegishli qarori bilan uy-joy qurilishi va ipoteka bozorini rivojlantirishga doir ustuvor vazifalarning amalga oshirilishi ustidan parlament va jamoatchilik nazorati o‘rnatilib, xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlari huzuridagi “Xalqparvar” komissiya namunaviy tarkibi hamda namunaviy Nizomi tasdiqlandi.
“Xalqparvar” komissiyasi mahalliy hokimliklar hamda mas’ul davlat idoralarining uy-joylar qurish uchun yer uchastkalarini ajratish, qurilish ishlarini o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish, subsidiya to‘lanadigan fuqarolarni tanlab olish bo‘yicha ishlarni amalga oshiradi. Shu bilan birga, uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan fuqarolar ro‘yxatini shakllantirish faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish hamda mazkur sohada byurokratiya, sansalorlik va boshqa ma’muriy to‘siqlarning oldini olishga qaratilgan aniq choralarni ko‘radi.
Davra suhbatida shuningdek, kun tartibidagi masalalar yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.
Nurillo NASRIEV
Manba: O'zA