O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Farg‘onada zamonaviy gemodializ bo‘limlari tashkil etildi
2021-03-30 | Sog‘liqni saqlash
Viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi hamda viloyat Endokrinologiya dispanseriga 15 ta yangi gemodializ apparati o‘rnatilib, gemodializ bo‘limlari tashkil etildi.
Farg‘onada surunkali buyrak yetishmovchiligi bilan og‘rigan va nogironligi bo‘lgan shaxslarning gemodializ hizmatiga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida viloyat mahalliy byudjetidan ajratilgan 2 milliard 300 million so‘mdan ziyod mablag‘ evaziga Germaniyadan 15 ta gemodializ apparati olib kelindi. Natijada Farg‘ona shahridagi viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi qoshida 10 ta hamda viloyat Endokrinologiya dispanseri qoshida 5 ta gemodializ apparatlarga mo‘ljallangan «Ekstrakorporal detoksikatsiya» (gemodializ) bo‘limlari tashkil etildi, hamda Turkiya va Rossiyaning texnik mutaxassislari jalb qilingan holda jihozlar o‘rnatilib, sinovdan o‘tkazildi.
Viloyatda bugunga qadar 22 ta gemodializ apparati bo‘lgan. Endi ularning soni yanada ko‘paydi. Bu esa viloyatda dispanser nazoratida turgan 120 nafar bemorga qulaylik yaratdi. Boshqa viloyatlar yoki davlatlarga borib davolanayotganlarning uzog‘i yaqin bo‘ldi. Hozirda Furqat, Bag‘dod va Marg‘ilon shaharlarida qo‘shimcha gemodializ apparatlarini o‘rnatish bilan birga tumanlararo ixtisoslashgan tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘limlarini tashkil etish ham rejalashtirilgan, deb xabar beradi Farg‘ona viloyat hokimligi matbuot xizamti.
Manba: «Yangi O"zbekiston»