O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Navoiy va Vesprem viloyatlari o‘rtasida hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi
2021-03-29 | Iqtisodiyot
Navoiy viloyati hokimligi va Vengriyaning Vesprem viloyati ma’muriyati o‘rtasida ZOOM dasturi orqali videokonferensiya bo‘lib o‘tdi.
So‘nggi yillarda Navoiy viloyatining Vengriya bilan ikki tomonlama hamkorligi yangi sifat darajasiga ko‘tarildi, barcha sohalar va yo‘nalishlarda munosabatlar o‘rnatilib faol rivojlanmoqda.
Joriy yilning 15-18 fevral kunlari Budapesht shahrida O‘zbekiston Respublikasi va Vengriya o‘rtasidagi Hukumatlararo komissiyasining 6-yig‘ilishi viloyatimiz uchun muhim yangi imkoniyatlarni ochib berdi.
Mazkur yig‘ilishda Navoiy viloyati va Vengriya davlatining Vesprem ma’muriyati o‘rtasida birodarlik munosabatlarini mustahkamlashga kelishib olingan edi.
Bo‘lib o‘tgan video konferensiyada Vesprem viloyati Kengashi deputati janob Tibor Rivas, Vengriyaning O‘zbekistondagi elchixonasi maslahatchisi janob Yanosh Vanik, O‘zbekiston Respublikasining Avstriya Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Abat Fayzullayev hamda Navoiy viloyati hokimi o‘rinbosari Kamoliddin Xasanov ishtirok etdi.
Tadbirda Navoiy viloyati hokimligi va Vesprem viloyati ma’muriyati o‘rtasida savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, gumanitar va madaniy sohalarda hamkorlik Kelishuvi loyihasi muhokama etildi hamda imzolash bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Shuningdek, Vesprem viloyati ma’muriyatiga bugungi iliq do‘stona uchrashuv uchun minnatdorchilik bildirilib, ular Navoiy viloyatiga taklif etildi. Bu tashrif ikki tomonlama hamkorlikni yangi, samarali bosqichga olib chiqishiga ishonch bildirildi.
Abduvali Bo‘riyev
Manba: O'zA