O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikni kengaytirish istiqbollari ko‘rib chiqildi
2021-03-27 | Iqtisodiyot
Joriy yilning 26-mart kuni O’zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Yevropa Ittifoqining (YI) O’zbekiston Respublikasidagi delegatsiyasi rahbari etib tayinlangan Sharlotta Adrian bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida Yevropa Ittifoqi bilan siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy va texnik, madaniy - gumanitar hamkorlikning hozirgi holati, uni kengaytirish istiqbollari, shuningdek, Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni (KShHB) ishlab chiqish, O’zbekiston Respublikasining Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lishi hamda YeIning «GSP+» Preferensiyalar bosh tizimiga qo‘shilishi doirasida birgalikda amalga oshirilayotgan tadbirlar muhokama qilindi.
Tomonlar O’zbekiston va YeI mamlakatlari o‘rtasidagi tovar aylanmasining jadal sur’atlar bilan o‘sishini ta’minlashga qaratilgan sa’y-harakatlarni yanada faollashtirish zarurligini ta’kidladilar va shu munosabat bilan mazkur yo‘nalishda samarali mexanizmlarni ishlab chiqish bo‘yicha yaqindan hamkorlik qilishga kelishdilar.
Shu o‘rinda O’zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonini jadallashtirish maqsadga muvofiqligi alohida ta’kidlandi. Yevropa tomoni O’zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi bo‘yicha ko‘p tomonlama va ikki tomonlama muzokaralar doirasida amaliy yordam ko‘rsatishni davom ettirishga tayyorligini bildirdi.
Muloqot chog‘ida YeIning O’zbekistondagi delegatsiyasi rahbari YeI “GSP+” Preferensiyalar bosh tizimi benefitsiari maqomini olishda erishilgan yutuqlarni mamnuniyat bilan olqishladi. Bu o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilarga 6 mingdan ortiq turdagi mahsulotlarni Yevropa mamlakatlari bozorlariga bojsiz eksport qilish imkonini beradi. Yaqin kunlarda bu borada yakuniy qaror qabul qilinishi kutilayotgani ma’lum qilindi.
KShHB loyihasini kelishish bo‘yicha muzokara jarayonining dinamikasi ham ijobiy baholandi. Xususan, hozirgi kunga kelib, 22 raund muzokaralar o‘tkazildi, hujjatning asosiy bob va bo‘limlari kelishib olindi hamda qolgan masalalarni muhokama qilish va hal etish bo‘yicha faol ishlar olib borilmoqda. Tomonlar muzokara jarayonini jadallashtirish borasida navbatdagi tadbirlarni va bu yo‘nalishda hamkorlikni kuchaytirish choralarini belgilab oldi.
Madaniy – gumanitar munosabatlar istiqbollari, xususan, Yevropaning “Erazmus” va “Gorizont Yevropa” ta’lim dasturlari doirasidagi hamkorlik muhokama qilindi.
Muzokaralar yakunida tomonlar O’zbekiston va YeI o‘rtasidagi ko‘pqirrali sheriklikni kengaytirish bo‘yicha qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishni jadallashtirishga va yaqindan hamkorlik qilishga kelishib oldilar.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi