O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Sinxron suzish bo‘yicha O‘zbekiston chempionatida sodir bo‘lgan holat yuzasidan rasmiy bayonot
2021-03-24 | Sport
Poytaxtimizdagi Respublika Olimpiya zaxiralari kolleji suv havzasida sinxron suzish bo‘yicha O‘zbekiston chempionati bo‘lib o‘tdi.
Taʼkidlash joiz, 2021-yil boshidan beri suv sporti turlari (suzish, sinxron suzish,
suv polosi, suvga sakrash) bo‘yicha bir qancha O‘zbekiston chempionatlari hamda milliy terma jamoalarning o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan o‘z vaqtida o‘tkazildi va moliyalashtirildi.
Shu yilning 15-18-mart kunlari ROZKda bo‘lib o‘tgan sinxron suzish bo‘yicha O‘zbekiston chempionati g‘olib va sovrindorlarini taqdirlash jarayonida ayrim sabablarga ko‘ra g‘olib sportchilarga medallar o‘z vaqtida topshirilmadi.
Mazkur holat Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi o‘rinbosari Ravshan Ermatov boshchiligida vazirlikning tegishli boshqarma mutasaddilari, Suv sporti turlari bo‘yicha Respublika oliy sport mahorati maktabi hamda O‘zbekiston suzish federatsiyasi vakillari ishtirokida muhokama qilindi.
Unda vazirlik masʼul xodimlari, Suv sporti turlari bo‘yicha Respublika oliy sport mahorati maktabi hamda O‘zbekiston suzish federatsiyalari tomonidan ushbu muammoni o‘z vaqtida bartaraf etish choralari ko‘rilmaganligi keskin tanqid qilindi.
Kamchilikka yo‘l qo‘ygan masʼullarga tegishli intizomiy jazo choralari qo‘llanildi.
Shuningdek, kelgusida bu kabi holatlar takrorlanmasligi yuzasidan qatʼiy nazorat o‘rnatilishi lozimligi taʼkidlandi.
Yig‘ilishda sportchi hayoti davomida biron bir yutuqqa erishish uchun yillar davomida o‘z ustida ishlashi, mehnat qilishi, o‘z hayotini sportga bag‘ishlashi, har bir qo‘lga kiritilgan medal esa sportchining mashaqqatli mehnatlari uchun rag‘bat hisoblanishi, shuningdek, har bir sport sohasida xizmat qilayotgan mutasaddi xodimlar sportchilarning mehnatini qadrlashi va hurmat qilishi lozimligi alohida qayd etildi.
Bugungi kunda sinxron suzish bo‘yicha O‘zbekiston chempionati g‘olib va sovrindorlari uchun medallar tegishli viloyatlarga yuboriladi hamda hududiy Jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi tomonidan taqdirlash marosimini yuqori darajada tashkil etish choralari ko‘riladi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligi