23-mart kuni Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev boshchiligidagi delegatsiya Tojikiston poytaxti Dushanbe shahrida bo‘lib, "Dushanbe –MDHning madaniy poytaxti-2021" tadbirining ochilish marosimi hamda "Navro‘z-Dushanbe-madaniy va sayyohlik aloqalari platformasi" II Xalqaro forumida ishtirok etdilar.
Tojikiston Prezidenti Ijro etuvchi Devonining mehmonxonalar majmuasida Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev hamda Tojikiston Respublikasi Majlisi Oliy Majlisi raisi, Dushanbe shahri raisi Rustami Imomali bilan uchrashdi.
Uchrashuvda azaldan do‘st va qo‘shni bo‘lgan xalqlarimiz va ikki poytaxt o‘rtasida turli sohalardagi aloqalarni rivojlantirish, o‘zaro hamkorlikda istiqbolli loyihalarni amalga oshirish borasida fikr almashdilar.
Rustami Imomali Toshkent shahar hokimini Dushanbeda ko‘rib turganligidan xursandligini bildirib, bu O‘zbekiston poytaxti hokimi boshchiligidagi ilk delegatsiya ekanligini qayd etdi. O‘zbek xalqini Sharqona yil boshi, yangi kun – Navro‘z bilan tabriklab, O‘zbekiston tomoni bilan barcha sohalardagi hamkorlikka tayyor ekanligini ma'lum qildi.
O‘z navbatida Toshkent shahar hokimi ham do‘stona va samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, har ikki tomonda o‘ziga xos yutuqlar borligi, o‘zaro aloqalarni rivojlantirish orqali tajriba almashish, malaka oshirish va ijobiy natijalarga erishish mumkinligiga to‘xtaldi.
Uchrashuvdan so‘ng Toshkent shahar hokimligi delegatsiyasi ichimliklar ishlab chiqaruvchi, granit tosh va marmarni qayta ishlovchi korxonalar faoliyati bilan tanishdilar. Shuningdek, Dushanbedagi ko‘p qavatli uylarning qurilishini ko‘zdan kechirdilar. Tashrif davomida tomonlar mahalliy iqlim sharoitiga moslashtirilgan uy-joylar rejasi hamda O‘zbekistondan qurilish materiallari yetkazib berish borasida fikr almashdilar.Bundan tashqari, delegatsiya a'zolari Dushanbe shahridagi Tennis saroyi, Suv sporti majmuasi, Kohi Navro‘z madaniy-ko‘ngilochar majmuasi hamda Tojikiston Milliy muzeyida ham bo‘ldilar.
Dushanbe shahar meriyasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Grand Road Tashkent MChJ QK Bosh direktori Axmad Saydaliyev Dushanbe shahar raisining transport va yo‘l qurilishi bo‘yicha o‘rinbosari Saidzoda Firdavs va “Dushanbe shahrining yo‘llar va ko‘priklarni qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta'mirlash boshqarmasi” davlat muassasasi rahbari Rahimzoda Muhammadyusuf bilan uchrashdi.
O‘zaro muloqot davomida tojik tomoni yer usti metrosini qurish bo‘yicha O‘zbekiston tajribasini o‘rganishga qiziqish bildirdilar.
Manba: Toshkent shahar hokimligi