Buyuk ajdodlarimiz boy harbiy merosi va milliy jang san'ati tarixini o‘rganish konsepsiyasi. Jarayon va oraliq natijalar taqdimoti
Insoniyat tarixidan ma'lumki, bizning buyuk xalqimizni sharaf bilan tilga olinishi uchun milliy moddiy va ma'naviy qadriyatlarimizga aylangan boy merosimiz bor.
Joriy yilning 12-yanvar kuni Qurolli Kuchlar Akademiyasida Xavfsizlik Kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida Prezidentimiz, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Miromonovich Mirziyoev tomonidan milliy harbiy merosimizning jahonda tutgan o‘rni, milliy harbiy san'at tarixi, Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Shohruh Mirzo, Zahiriddin Muhammad Boburning harbiy boshqaruvi va sarkardalik mahorati, strategiya va jang taktikasini chuqur o‘rganib, ta'lim – tarbiya jarayonida keng foydalanish bo‘yicha topshiriqlar berilgan edi. Chunki milliy jang san'ati tarixini bilmasdan turib, jahon jang san'ati namunalarini o‘rganib bo‘lmaydi.
Qurolli Kuchlar Akademiyasida buyuk ajdodlarimizning boy harbiy merosini o‘rganish bo‘yicha olib borilayotgan tizimli tadqiqotlar va “O‘zbek milliy jang san'ati” nomli kitobni yaratish jarayoni bilan yaqindan tanishish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat maslahatchisi Abdujabar Abduvaxitov ishtirokida ilmiy seminar tashkil etildi.
Seminarda mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari polkovnik Hamdam Qarshiev, respublikamizning taniqli tarixchi olimlari, Fanlar Akademiyasi Tarix instituti, O‘zbekiston davlat sharqshunoslik universiteti, Qurolli Kuchlar Akademiyasi ilmiy-tadqiqotlar instituti professor-o‘qituvchilaridan tarkib topgan ijodiy guruh faoliyatining birlamchi natijalari ko‘rib chiqildi. Bu tadqiqot ishi, istiqbolga yo‘naltirgan ishlar qatoriga kirib, bo‘lajak ofiserlarimizga harbiy-kasbiy kompetensiyalarni shakllantirish uchun xizmat qilishi nazarda tutilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat maslahatchisi yaratilayotgan ilmiy asar yuzasidan o‘z tavsiyalarini berib, tadqiqotlarda sivilizasion-sulolaviy yondashuv asosida, ya'ni har bir sulolaning jang san'atini rivojlanishiga qo‘shgan hissasini xalqchil tilda bayon etish lozimligini, aniq tarixiy dalillarni ilmiy talqiniga alohida e'tibor qaratishni ta'kidladi. Shu bilan birga yaratilgan ilmiy-ommabop kitobni mamlakatimizning nufuzli tadqiqot institutlari tomonidan taqrizlashni amalga oshirish, bu yo‘nalishda olib borilayotgan tadqiqotlar natijalari asosida ilmiy seminarlar va matbuot anjumanlarini tashkil etish, ilmiy maqolalar chop etish, milliy harbiy merosni o‘rganishdek ulkan ishda, xorijiy mutaxassislar, chet davlatlar muzey va arxivlaridan tarixiy manbalarni keltirish borasida respublikamizning tegishli vazirlik va idoralari bilan hamkorlik qilish tavsiya etildi.
Qurolli Kuchlar Akademiyasi boshlig‘ining ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, falsafa fanlari doktori, professor Rustam Samarov ijodiy guruh tomonidan olib borilayotgan ilmiy izlanishlarning birlamchi natijalari to‘g‘risida taqdimot qilib, “O‘zbek milliy jang san'ati” kitobini yaratishda “to‘rt konsept” zamonaviy modeli asosida milliy harbiy meros namunalari o‘rganilayotganligini ta'kidlab o‘tdi.
Birinchi konsept: Turonda, Movarounnahrda, Turkistonda va O‘zbekistonda jang san'atining shakllanishi va rivojlanishini bayon etish tarzida.
Ikkinchi konsept: Sulolaviy yondashuv asosida, ya'ni har bir sulolaning jang san'ati rivojlanishiga qo‘shgan hissasini bayon etish tarzida.
Uchinchi konsept: Shaxsiy-faoliyatli yondashuv asosida, ya'ni tarixiy shaxslarning harbiy sarkardalik faoliyati, ularning jasoratlari namunasini (taktika va strategiya kontekstida) bayon etish tarzida.
To‘rtinchi konsept: Tarixiy-madaniy yondashuv konsepsiyasi asosida: g‘alaba qozonish mahorati, qurol-aslahalarni yaratish va takomillashtirish, qo‘shin tuzish – bu mudofaa tafakkurini hosilasi ekanligini bayon etish.
Ta'kidlash joizki, yaratilayotgan harbiy-ilmiy asar konsepsiya tuzilmasi tarixchi olimlarda juda katta qiziqish uyg‘otdi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Tarix instituti rektori o‘rinbosari Sherzodxon Mahmudov tomonidan “O‘zbek milliy jang san'ati” nomli kitobni tayyorlash jarayonida O‘zbekistonning yangi tarix asarini yaratayotgan tarixshunos olimlar bilan ijodiy hamkorlik qilish, ular bilan ma'lumotlarni tizimlashtirish asosida bahs-munozaralar o‘tkazish taklifi kiritildi.
Ayniqsa, ijodiy guruh faoliyatiga AQSh Qurolli Kuchlari Qo‘mondonlik-shtab kolleji yetakchi mutaxassisi, tarix fanlari doktori Robert Baumann ham o‘zining ilmiy izlanishlari natijasi bilan hissa qo‘shayotganligi, olib borilayotgan tadqiqotlarning keng qamrovli ekanligidan darak beradi.
Shuningdek, ilmiy seminar doirasida professor R.Samarov tomonidan akademiyada buyuk ajdodlarimizni tasvirlovchi mavzuviy o‘quv xonalar jihozlanayotganligi, ofiserlar tomonidan magistrlik va doktorlik dissertasiyalari tayyorlanayotganligi, ijodiy guruh a'zolari tomonidan izlab topilgan barcha tarixiy manbalar jamlanib, harbiy strategiya va taktika, qurol-aslahalar, razvedka, muhandislik, frontorti ta'minot evolyusiyasi nuqtai nazaridan tahlil qilib borilishi haqida ma'lumot berildi.
Xulosa sifatida ta'kidlash joizki, Qurolli Kuchlar Akademiyasi harbiy-ilmiy jamoatchiligi Prezidentimiz tomonidan qo‘yilgan ushbu muhim vazifani respublikamizning taniqli olimlari bilan hamkorlikda muvaffaqiyatli tarzda bajarish yo‘lida izlanishlar olib bormoqda.
Buyuk ajdodlarimizning boy harbiy merosini o‘rganib, milliy jang san'ati tarixini yaratish bizning davlatdorchiligimiz tarixini harbiy faoliyat bobidagi jihatlarini boyitish uchun xizmat qiladi. Harbiy-ilmiy tadqiqot natijalari Vatanimiz mustaqilligining 30 yilligi to‘yiga munosib sovg‘a bo‘ladi hamda harbiy ilm-fanni rivojlantirish, harbiy ilmiy maktabimizni yaratishga qo‘shgan salmoqli hissamiz bo‘ladi, degan umiddamiz.
Polkovnik Azizjon TOIROV, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Akademiyasi Ilmiy-tadqiqotlar instituti bo‘lim boshlig‘i
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi