O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Navro‘z umumxalq bayramiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi tabrik so‘zi

2021-03-22 | Siyosat

Assalomu alaykum, muhtaram vatandoshlar!

Qadrli do‘stlar!

Siz, azizlarni, sizlar orqali ko‘p millatli xalqimizni sharqona yangi yil – Navro‘z bayrami bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman.

Nuroniy otaxon va onaxonlarimizga, hurmatli aka-uka, munis opa-singillarimizga, navqiron yoshlarimiz, suyukli farzandlarimizga, xorijdagi vatandoshlarimizga – butun el-yurtimizga o‘zimning yuksak hurmat-ehtiromim va eng ezgu tilaklarimni izhor etaman.

Hammamiz orziqib va sog‘inib kutadigan yangilanish va yasharish ayyomi – Navro‘zi olam barchamizga muborak bo‘lsin!

Buyuk Alisher Navoiy bobomiz aytganlaridek, har kunimiz Navro‘z bo‘lsin!

 

Hurmatli yurtdoshlar!

O‘tgan yili pandemiya tufayli Navro‘z bayramini har doimgidek katta tantana qilib, keng nishonlay olmagan edik. O‘shanda, bu tashvishli kunlar albatta ortda qoladi, hali ko‘p to‘y-tomosha va sayillarni xalqimiz bilan birgalikda o‘tkazamiz, deb ezgu niyat qilgan edik.

Bugun ana shu orzu va intilishlarimiz ro‘yobga chiqmoqda. Go‘zal va jonajon yurtimizda yana shodiyonalar, yana quvonchli kunlar boshlanmoqda.

Albatta, barchamiz yaxshi tushunamizki, butun dunyoda koronavirus balosi hali to‘la bartaraf etilgani yo‘q. Afsuski, u biz bilan birga, yonimizda yashamoqda.

Xalqimiz sog‘lig‘ini asrash yo‘lida qanday sa’y-harakatlar va katta amaliy ishlar qilganimiz barchangizga yaxshi ma’lum. Endi shuncha mehnatimiz, ko‘rgan chora-tadbirlarimiz bekorga ketmasligi uchun pandemiyaga qarshi kurashni bir lahza ham to‘xtatmasligimiz lozim. O‘zimiz va yaqinlarimizni himoya qilishimiz, beparvolik va beg‘amlikka berilmasligimiz shart. Doimo hushyor va mas’uliyatli bo‘lib yashashimiz,  to‘plagan tajribamizga tayanib, albatta, ehtiyotkorlik bilan tizimli ish olib borishimiz zarur.

Shundagina mehnatkash xalqimiz bilan ezgu maqsadlarimiz va katta rejalarimizni yangi kuch, yangi g‘ayrat bilan davom ettira olamiz.

Bugun sizlarning nurli chehrangizni ko‘rib, xalqimiz ham xuddi go‘zal bahor faslidek kuch va qudratga to‘lib borayotganiga yana bir bor amin bo‘ldim.

Ko‘klam nafasi yurtimiz uzra kezayotgan mana shunday tarovatli kunlarga sog‘-omon yetkazgani uchun Yaratganga cheksiz shukronalar aytish biz uchun ham qarz, ham farzdir.

 

Aziz vatandoshlar!

Pandemiya boshlangan birinchi kunlarda men xalqimizga murojaat qilib, bu sinovdan yanada kuchli va qudratli bo‘lib chiqamiz, deb ishonch bildirgan edim.

Chindan ham, bizning kuchimiz – birlik va ahillikda; bizning qudratimiz – mehr-oqibat, o‘zaro ko‘mak va saxovatda; bizning yutug‘imiz ertangi kunga bo‘lgan yuksak ishonchimizda.

Bu adolatli haqiqatni boshimizdan kechirgan sinovli kunlar yana bir bor isbotladi.

Mana shu mashaqqatli davr bizning bir-birimizga naqadar bog‘liq va kerak ekanimizni yaqqol ko‘rsatdi. Shuningdek, bir-birimizni asrab-avaylab, qadrlab yashashimiz hayotiy zarurat ekanini to‘la namoyon etdi. Biz faqat birgalikda, hamjihatlikda buyuk ishlarga qodir ekanimizni pandemiya sinovlari yana bir karra tasdiqlab berdi, desam, sizlar ham bu fikrga qo‘shilasizlar.

Albatta, koronavirus tufayli dunyoda ko‘p narsa o‘zgarmoqda. Lekin xalqimizning ona tabiatga, muqaddas zaminga muhabbati, azaliy qadriyatlarga ehtirom va sadoqati aslo o‘zgargani yo‘q. Aksincha, bunday olijanob xislatlarimiz yanada ziyoda bo‘lmoqda, sayqal topmoqda.

Shu bois ham azaldan bahoriy uyg‘onish va nafosat timsoli bo‘lgan Navro‘zi olam biz uchun tobora ardoqli bo‘lib bormoqda.

Bu yilgi Navro‘zning yana bir muhim jihati shundaki, u jonajon Vatanimiz mustaqilligining qutlug‘ 30 yillik bayrami tadbirlari o‘tadigan yilga to‘g‘ri kelmoqda.

Navro‘z – chinakam xalq bayrami, milliy o‘zligimiz ko‘zgusi, ma’naviy va madaniy hayotimizning ajralmas qismidir.

Ming yillar oldin ota-bobolarimiz bu ulug‘ ayyomni qanday pok niyat va yorug‘ umidlar bilan kutib olgan bo‘lsalar, bugun ham xalqimiz mana shunday baland kayfiyat bilan Navro‘zga peshvoz chiqmoqda.

Yam-yashil dalalar va gullagan bog‘larda, maydon va xiyobonlarda, qishloq va ovullarda, mahalla va ko‘chalarda Navro‘zning dilbar taronalari – Yangi kun navolari yangramoqda. Qir-adirlarda mard o‘g‘lonlarimiz ko‘pkari chopib, kurash tushmoqda. Keksayu yosh yurtdoshlarimiz sumalak to‘la qozonlar atrofida o‘yin-kulgular qilib, bahor ne’matlari va bayram quvonchini o‘zaro baham ko‘rmoqdalar.

Shunday shukuhli va betakror damlarda barchamiz tinch va osoyishta hayot hamda xotirjamlik qadrini yanada teranroq his etmoqdamiz.

bugungi murodbaxsh va fayzli kunlarda mirishkor dehqon va fermerlarimiz ulkan niyat va rejalar bilan qadrdon dalasi sari yo‘l olmoqda.

Fursatdan foydalanib, azmu shijoatli bobodehqonlarimizni yangi mehnat mavsumi bilan samimiy qutlaymiz. Ushbu qutlug‘ bayram kunlarida joriy yilda ham dalalarda hosillarimiz mo‘l va barakali, rizqu nasibamiz yanada ziyoda bo‘lsin, deb barchamiz duolar qilamiz.

 

Hurmatli bayram ishtirokchilari!

Navro‘zning o‘lmas ruhi va boqiy falsafasi biz bugun bunyod etayotgan yangi O‘zbekiston g‘oyasi bilan g‘oyat uyg‘un va hamohangdir.

Butun olam, yeru ko‘k uyg‘onayotgan bu ajib faslda yurtimizdagi yangi Uyg‘onish davri – Uchinchi Renessans orzusi qalblarimizga beqiyos kuch va ishonch olib kirmoqda.

Xalqimizning fidokorona mehnati, qat’iy siyosiy irodamiz bilan biz keng ko‘lamli islohotlarimizni bundan keyin ham jadal davom ettiramiz. Qanchalik qiyin bo‘lmasin, el-yurtimiz manfaatini, jondan aziz farzandlarimiz kelajagini ta’minlashga xizmat qiladigan, tanlagan to‘g‘ri yo‘limizdan hech qachon ortga qaytmaymiz.

Ayni shu maqsadda mamlakatimizda o‘nlab zamonaviy korxonalar, sanoat hududlari va klasterlar, “IT-park” va texnoparklar, transport-kommunikatsiya tarmoqlari, shinam uy-joylar, ko‘rkam bog‘cha va maktablar, oliy o‘quv yurtlari, tibbiyot, madaniyat va sport maskanlari barpo etilmoqda. Shahar va qishloqlarimiz qiyofasi tobora chiroy ochib, jonajon diyorimiz yanada obod va go‘zal bo‘lib bormoqda.

Zero, Navro‘zi olamning mazmun-mohiyatida insonni ulug‘lash, uning qadri, izzat-hurmatini joyiga qo‘yish kabi ezgu fazilatlar mujassamdir.

Yurtimizda aholining barcha qatlamlari, birinchi navbatda, xotin-qizlar va yoshlarning muammolarini hal etish, ularni bilim va kasb-hunarga o‘rgatish, ish o‘rinlari, daromad manbai, turar-joylar bilan ta’minlashga ustuvor ahamiyat berilmoqda. Ayniqsa, ijtimoiy yordam va ko‘makka muhtoj, ko‘ngli yarim insonlarga chinakam e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish doimiy faoliyatimiz mezoniga aylanmoqda.

Bu boradagi ishlarimiz “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da mazmun va sifat jihatidan mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.

Mana shunday amaliy harakatlarimiz kelgusida yanada kengayib, “Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik!” degan olijanob maqsadimizga albatta yetamiz.

 

Hurmatli do‘stlar!

Navro‘z – inson va tabiatni asrab-avaylashga, tinchlik, do‘stu birodarlik va hamkorlik kabi umumbashariy qadriyatlarni e’zozlashga chorlaydigan ulug‘ bayramdir.

Ushbu qutlug‘ ayyomda turli nizo va adovatlar, gina-arazlar unutiladi, xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro hurmat va ahillik tamoyillari yanada kuchayadi.

Ana shunday beqiyos fazilatlari tufayli Navro‘z nafaqat mamlakatimiz, balki butun Sharq olamida zamonlar osha bezavol yashab kelmoqda. Shuning uchun ham Navro‘z yurtimizda istiqomat qilayotgan 130 dan ziyod millat va elat vakillarini bir oiladek birlashtiradigan go‘zal bayramga aylandi.

Sizlarga ma’lumki, Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan 21-mart – Xalqaro Navro‘z kuni deb e’lon qilinib, u YUNESKOning Insoniyat nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan. Ushbu sananing jahon miqyosida keng nishonlanishi uning xalqaro nufuzi va ahamiyati tobora yuksalib borayotganidan dalolat beradi.

Mana shu nurafshon ayyomda uzoq-yaqin barcha davlatlarning xalqlariga, xorijiy do‘st va hamkorlarimizga ezgu tabrik va salomlarimizni yo‘llab, ularga tinchlik va ravnaq tilaymiz.

 

Qadrli otaxon va onaxonlar!

Muhtarama opa-singillar!

Hurmatli aka-ukalar!

Aziz farzandlarim – navqiron yoshlarimiz!

Qadimiy va go‘zal bayramimiz – Navro‘zi olam bilan barchangizni yana bir bor chin dildan tabriklayman.

Sharqona Yangi yilimiz har bir xonadonga, jonajon O‘zbekistonimizga tinchlik-xotirjamlik, sog‘lik-omonlik, baxtu saodat hamda fayzu baraka olib kelsin!

Ilohim, jamiki ulug‘vor maqsadlarimiz, yaxshi niyat va ulkan rejalarimiz ro‘yobga chiqsin!

Vatanimiz yanada obod, xalqimiz hayoti hamisha farovon bo‘lsin!

Azizlarim, Navro‘zi olam barchamizga, butun xalqimizga qutlug‘ va muborak bo‘lsin!

Manba: O'zA

Поделиться