“Do‘stlik – II” hind-o‘zbek hamkorlikdagi o‘quvining mashg‘ulot jarayonlari qizg‘in pallaga kirdi.
12-mart kun Hindiston armiyasi kapitan Shishir Shukla tomonidan avtomagistrallar va aholi yashash punktlariga kirish yo‘llariga qo‘yiladigan mobil blokpostlarda xizmatni tashkillashtirish, avto mashinalar va fuqarolarni tekshiruvdan o‘tkazish, shuningdek shubhali buyumlar va terrorchilar aniqlanganda, ularni zararsizlantirish bo‘yicha nazariy mashg‘ulot o‘tkazilib, mashg‘ulotning ikkinchi yarmida amaliy harakatlar namoyish etildi.
Ko‘rgazmali mashg‘ulotlarning ikkinchi o‘quv nuqtasida Hindiston armiyasi kapitan Shishir Shukla tomonidan o‘rmon ichida joylashgan qishloq hududida joylashib olgan terrorchilarni qidirib topish, ularni qurshab olish va zararsizlantirish bo‘yicha dastlab nazariy, so‘ngra amaliy ko‘rgazmali mashg‘ulot tashkillashtirildi.
O‘tkazilgan mashg‘ulotlar davomida ishtirokchilar faollik va tashabbuskorlik ko‘rsatishdi. Jumladan, O‘zbekiston harbiy xizmatchilari tomonidan qo‘shimcha taklif va mulohazalar bildirildi. Shu tariqa hamkorlikda o‘tkazilayotgan mazkur o‘quvlarda harbiy san'at borasida o‘zaro tajriba almashishdek ustuvor maqsadga erishilmoqda.
O‘quv dasturidan dam olish soatlarida madaniy sport tadbirlari tashkil etilishi ham o‘rin olgan.
Leytenant Orifjon MAMAJONOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar departamenti. Hindiston, Utaranchal shtati, Ranikxet provinsiyasi
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi