O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

O‘zbek va qirg‘iz bizneslarini o‘zaro yaqinlashtirish sari

2021-03-11 | Iqtisodiyot

Joriy yilning 11-mart kuni Qirg‘iziston Respublikasi Prezidentining O‘zbekiston Respublikasiga davlat tashrifi doirasida Toshkent shahridagi «Yashnobod» texnoparki hududida O‘zbekiston – Qirg‘iziston biznes-forumi hamda O‘zbekiston Respublikasi va Qirg‘iziston Respublikasi o‘rtasidagi Ishbilarmonlar kengashining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirlarda asosiy vazirlik va idoralar rahbarlari hamda ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etdi. Qirg‘iziston delegatsiyasiga Bosh vazir o‘rinbosari - iqtisodiyot va moliya vaziri U.Karmishakov, O‘zbekiston delegatsiyasiga esa Bosh vazir o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov rahbarlik qildi.
 
Forumning ochilish marosimida ikki mamlakat delegatsiyalari rahbarlari so‘zga chiqib, O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi munosabatlarning jadal rivojlanib borayotgani va shu tufayli bugungi kunda iqtisodiyotning ustuvor sohalarida yirik loyihalar birgalikda amalga oshirilayotgani va ishlab chiqilayotganini ta'kidladilar. Xususan, so‘nggi yillarda O‘zbekiston – Qirg‘iziston qo‘shma korxonalarining soni ikki baravar ko‘paygani, savdo aylanmasi besh barobar ortgani va pandemiyaning salbiy oqibatlariga qaramasdan 2020-yilda o‘zaro savdo hajmi 10 foizga o‘sgani ta'kidlandi.
 
Ikki mamlakat hukumatlarining muntazam va yaqin muloqotni o‘rnatishga tayyorligi bildirildi. Bu ikki tomonlama munosabatlarda yuzaga kelayotgan barcha muammolarni tezkor tartibda hal qilish va ikki davlat ishbilarmon doiralarining yaqinlashuvi va o‘zaro manfaatli hamkorligi uchun sharoitlarni izchil yaxshilash imkonini beradi. Shuningdek, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatish va qo‘shma loyihalarni muvaffaqiyatli joriy etishga har tomonlama ko‘maklashish orqali savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada mustahkamlash hamda O‘zbekiston va Qirg‘iziston korxonalari o‘rtasidagi sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishga sodiqlik bildirildi.
 
Shu nuqtai nazardan, tomonlar ikki mamlakat xususiy biznes vakillari o‘rtasida uzoq muddatli munosabatlarni yo‘lga qo‘yish, o‘zbek-qirg‘iz ishbilarmonlari hamkorligi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, qo‘shma loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va ilgari surish uchun ishonchli platforma sifatida Ishbilarmonlar kengashini tuzishni ma'qulladilar.
 
Biznes-forum davomida ikki mamlakat savdo-sanoat palatalari, tegishli vazirlik, idora rahbarlari hamda xususiy sektor vakillari ham so‘zga chiqdilar. Rasmiy qismdan so‘ng “B2B” shaklidagi ikki tomonlama uchrashuvlar sessiyasi bo‘lib o‘tdi, unda ikki mamlakat tadbirkorlari hamkorlik istiqbollari va aniq loyiha takliflarini muhokama qilish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
 
Istiqbolli tarmoqlar – qishloq xo‘jaligi, mineral va organik o‘g‘itlar, qurilish materiallari ishlab chiqarish, to‘qimachilik va charm – poyabzal sanoati, ipakchilik tarmog‘i, turizm va logistika sohalarida hamkorlikni rivojlantirish salohiyati atroflicha ochib berildi. Shuningdek, biznes-forum qatnashchilariga har ikki mamlakatda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish va ularni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yaratilgan shart-sharoitlar, davlat aktivlarini xususiylashtirish va davlat ishtirokidagi korxonalarni transformasiyalash borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar, shuningdek, investorlar huquqlarini himoya qilish, eksportni rag‘batlantirish va biznes yuritish uchun sharoitlarni yaxshilash mexanizmlari haqida batafsil ma'lumot berildi.
 
Ishtirokchilar O‘zbekiston va Qirg‘izstonda investitsiya va tashqi savdo faoliyatini amalga oshirish uchun u yoki bu sohada yaratilgan shart-sharoitlar bilan to‘liq tanishish, umumiy manfaatlar va hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish va kelgusida birgalikda hayotga tatbiq etish uchun aniq loyihaviy takliflarni ko‘rib chiqish imkoniga ega bo‘ldi.
 
Forum yakunlari bo‘yicha o‘zbek va qirg‘iz tadbirkorlari o‘rtasida bir qator savdo shartnomalari hamda qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha bitimlar imzolandi.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi

Поделиться