O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida

2021-03-09 | Hujjatlar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Mamlakat iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotining barcha jabhalarida xotin-qizlarning faolligini oshirish, ularning ta’lim va kasbiy ko‘nikmalar olishi hamda bandligini ta’minlashga har tomonlama ko‘maklashish, tadbirkorlik tashabbuslarini yanada qo‘llab-quvvatlash, joylarda “Ayollar daftari”ni shakllantirish va unga kiritilgan xotin-qizlar muammolari, ehtiyojlari va qiziqishlarini tizimli o‘rganish, tahlil qilish va hal etish borasidagi ishlarni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqish maqsadida, shuningdek, “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturiga muvofiq:

1. Respublika xotin-qizlar jamoatchilik kengashi (keyingi o‘rinlarda – Respublika kengashi) 1-ilovaga muvofiq tarkibda tashkil etilsin va uning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:

xotin-qizlarni ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularni qo‘llab-quvvatlashga doir islohotlarning mazmun-mohiyati va ahamiyatini aholi o‘rtasida keng targ‘ib qilish;

xotin-qizlarning ta’lim va kasbiy ko‘nikmalar olishlari, munosib ish topishlariga har tomonlama ko‘maklashish, tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, iqtidorli yosh xotin-qizlarni aniqlash va ularning qobiliyatlarini to‘g‘ri yo‘naltirish;

hududlarda, ayniqsa, qishloqlarda xotin-qizlarga ko‘rsatiladigan tibbiy-ijtimoiy xizmatlar sifatini, ular o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini ta’minlash borasidagi ishlar samaradorligini oshirish;

turar joyga muhtoj xotin-qizlarni uy-joy bilan ta’minlash, turmush va mehnat sharoitlarini yaxshilash, daromadlarini ko‘paytirish borasida tizimli chora-tadbirlarni belgilash;

xotin-qizlarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxldor masalalarni chuqur tahlil qilish, ilg‘or tajribalar asosida mavjud muammolarni hal qilish bo‘yicha qonunchilik va amaliyotni takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish;

xotin-qizlarning oilalarni mustahkamlash, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni asrab-avaylash hamda ularning farzand tarbiyasidagi rolini oshirish choralarini ko‘rish;

hududiy xotin-qizlar jamoatchilik kengashlari, mahallalardagi “Ayollar maslahat kengashlari” faoliyatini muvofiqlashtirish, ularning davlat va jamoat tashkilotlari bilan samarali hamkorligini ta’minlash, ularga uslubiy-amaliy ko‘maklashish;

“Ayollar daftari” bilan manzilli ishlash, mutasaddi tashkilotlar, sektorlar tomonidan xotin-qizlarning muammolari o‘z vaqtida bartaraf etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish.

2. Xotin-qizlar muammolarini tizimli ravishda hal etish, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha respublika komissiyasi (Q.M.Rafikov) joylarga chiqqan holda quyidagi yo‘nalishlarda ishlarni har bir xonadon va mahalla kesimida tashkil etishi belgilab qo‘yilsin:

xotin-qizlarning muammolari, ehtiyojlari va qiziqishlarini uyma-uy yurish orqali o‘rganish ishlarini tashkil etish, sektor rahbarlari, mahalla raislari va ularning oila, xotin-qizlar va ijtimoiy-ma’naviy masalalar bo‘yicha o‘rinbosarlarining ayollar bilan ishlash borasidagi faoliyatini samarali tashkil qilish;

«Ayollar daftari»ni shakllantirish va unga kiritilgan xotin-qizlar bilan manzilli ishlash, ijtimoiy ahvoli va turmush sharoiti og‘ir, ishsiz hamda zo‘ravonlikka uchragan ayollar muammolarini aniqlash va hal qilish bo‘yicha mas’ul idora va rahbarlarning natijaga yo‘naltirilgan faoliyatini yo‘lga qo‘yish va muvofiqlashtirish;

sektor rahbarlari, hokimlarning xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchilari tomonidan joylardagi xotin-qizlar muammolarini hal etish bo‘yicha “yo‘l xaritalari”ni ishlab chiqib, amalga oshirish va xalq deputatlari mahalliy Kengashlarida har oyda hisobot berishni yo‘lga qo‘yish;

muhtoj xotin-qizlarni sanatoriyalar, davolash-profilaktika muassasalarida sog‘ligini tiklash, ichki turizm uchun yaratilgan imkoniyatlardan keng foydalangan holda sayohat va dam olishlarini tashkillashtirish;

yuqoridagi masalalar yuzasidan muntazam ravishda ommaviy axborot vositalarida, shu jumladan markaziy va mahalliy televideniyeda ko‘rsatuvlar va chiqishlarni tashkillashtirish.

3. Xotin-qizlarni va oilani qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda – Jamg‘arma) sifatida qayta tashkil etilsin va uning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:

og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarga, shu jumladan nogironligi bo‘lgan shaxslar, nogironligi bo‘lgan farzandlarini tarbiyalayotgan, kam ta’minlangan, farzandlarini to‘liqsiz oilada tarbiyalayotgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj xotin-qizlarga uy-joylarning boshlang‘ich badalini to‘lab berish;

xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, sog‘lig‘ini saqlash, ayollar sportini rivojlantirish, mehnat va o‘qish sharoitlarini yaxshilash bilan bog‘liq tadbirlarni moliyalashtirishga ko‘maklashish;

xotin-qizlarning tadbirkorlik tashabbuslarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash uchun tijorat banklariga resurs mablag‘larini belgilangan tartibda joylashtirish;

xotin-qizlarga mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblar bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni egallashlari uchun zarur sharoitlar yaratish bilan bog‘liq tadbirlarni moliyalashtirishga ko‘maklashish.

Belgilab qo‘yilsinki, Respublika kengashi (T.K.Narbayeva, Q.M.Rafikov) Jamg‘arma mablag‘lari xarajatlari parametrlarini tasdiqlaydi, mablag‘lardan to‘g‘ri va samarali foydalanish bo‘yicha doimiy monitoring o‘rnatadi.

4. Quyidagilar Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish manbalari etib belgilansin:

Respublika kengashining asoslangan hisob-kitoblariga muvofiq har yili 300 milliard so‘mgacha bo‘lgan miqdorda ajratiladigan O‘zbekiston Respublikasi Qonuni bilan tasdiqlanadigan Davlat byudjeti mablag‘lari;

Jamg‘armaning bo‘sh turgan mablag‘larini tijorat banklari depozitlariga joylashtirish hisobidan olingan daromadlar;

jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari, xalqaro moliya institutlari va xorijiy tashkilotlarning grantlari;

qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

5.Belgilansinki:

a) Jamg‘arma har yili AT “Xalq banki”ga 100 milliard so‘m miqdoridagi mablag‘larni 2021-yilda Markaziy bankning asosiy stavkasidan 4 foiz past stavkada, 2022-yildan boshlab esa Markaziy bankning asosiy stavkasida yo‘naltiradi;

b) quyidagi dasturlarni muvaffaqiyatli o‘zlashtirgan xotin-qizlarga mazkur mablag‘lar hisobidan tuman (shahar) mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari tavsiyasiga ko‘ra, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun 3 yilgaчa muddat va 6 oygaчa imtiyozli davr bilan Markaziy bankning asosiy stavkasida bazaviy hisoblash miqdorining 150 baрavaриgaчa bo‘lgan miqdorda kreditlar ajratiladi:

Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi hamda Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi tomonidan ma’qullangan dasturlar asosida tashkil etilgan o‘quv kurslarini;

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining “Ishga marhamat” monomarkazlari, kasb-hunarga o‘qitish markazlari, mahallalardagi kasb-hunarga o‘qitish maskanlari hamda Xotin-qizlar tadbirkorlik markazlari yoki nodavlat ta’lim muassasalarining kasbga o‘rgatish o‘quv kurslarining maxsus o‘qitish dasturlarini;

v) ajratiladigan kreditlar, istisno tariqasida, 2022-yil 1-yanvarga qadar Markaziy bankning asosiy stavkasi doirasida, 2022-yil 1-yanvardan tijorat banki tomonidan bozor tamoyillari asosida mustaqil ravishda belgilanadigan stavkalarda beriladi. Bunda, tijorat banklari tomonidan bozor tamoyillari asosida mustaqil ravishda belgilanadigan stavkalarda beriladigan kreditlar bo‘yicha foiz xarajatlarining bir qismini kompensatsiya qilish mexanizmi qo‘llaniladi;

g) Xotin-qizlar va oilani qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi orqali Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi huzuridagi “Obod va xavfsiz mahalla” jamg‘armasiga va “Mahalla va oila” institutiga Davlat byudjetidan ajratib kelingan mablag‘lar 2021 yildan boshlab Moliya vazirligi tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri “Obod va xavfsiz mahalla” jamg‘armasiga va “Mahalla va oila” institutiga ajratiladi.

6.Moliya vazirligi (T.A.Ishmetov):

a) 2021-yilda “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” va “Temir daftar”ga kiritilgan xotin-qizlarni uy-joy bilan ta’minlash maqsadida, ularga ipoteka kreditlari bo‘yicha boshlang‘ich badalni to‘lab berish va ijtimoiy uy-joylar sotib olish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlariga:

noturar joylarda istiqomat qilayotgan ayollarni uy-joy bilan ta’minlashga – 10 milliard so‘mdan;

otasidan ayrilgan, yolg‘iz onasi qaramog‘ida bo‘lgan voyaga yetgan uy-joyga muhtoj xotin-qizlarni uy-joy bilan ta’minlashga – 5 milliard so‘mdan mablag‘ ajratsin;

b) bir hafta muddatda ayollar muammolarini tizimli va manzilli ravishda o‘rganish va hal etish doirasida shakllantirilgan maxsus jarrohlik amaliyotlari o‘tkazish orqali davolanishga muhtoj ehtiyojmand xotin-qizlar рўйхaтиdagи hamda “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” va “Temir daftar”ga kiritilgan xotin-qizlarning davolanishi uchun Jamg‘armaga 30 milliard so‘m yo‘naltirsin.

Belgilansinki, mazkur bandda ko‘zda tutilgan chora-tadbirlarni moliyalashtirishga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti topshiriqlariga asosan hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish xarajatlari uchun ajratilgan mablag‘lar hisobidan jami 240 milliard so‘m yo‘naltiriladi.

7. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar va tuman (shahar) hokimliklari:

2021-yilda “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan boquvchisini yo‘qotgan, nogironligi bo‘lgan va o‘zgalar parvarishiga muhtoj xotin-qizlarga bir martalik moddiy yordam ko‘rsatish uchun 80 milliard so‘m, shuningdek, noturar joylarda istiqomat qilayotgan xotin-qizlarga turar joy ijarasi kompensatsiyasini to‘lash uchun 11 milliard so‘m;

har chorakda mahalliy byudjet prognozining ortiqcha bajarilgan qismining kamida 15 foizini “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga yo‘naltirsin.

Bosh prokuratura (N.T.Yo‘ldoshev) 2021-yilda majburiy undiruvlar hisobidan “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armalariga 150 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilishini ta’minlasin.

8. Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi (G.M.Marufova) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar, tuman (shahar) hokimlari bilan birgalikda 2021-yil 1-mayga qadar mazkur qarorning 6–7-bandlarida nazarda tutilgan mablag‘lar yo‘naltiriladigan xotin-qizlar ro‘yxatini shakllantirib, to‘lovlarni amalga oshirishni boshlasin.

Respublika kengashi (T.K.Narbayeva, Q.M.Rafikov) ushbu mablag‘larning o‘z vaqtida ajratilishi va manzilli ishlatilishi ustidan tizimli nazorat o‘rnatsin hamda mas’ul vazirlik va idoralar faoliyatini muvofiqlashtirib borsin.

9. Respublika “Hunarmand” uyushmasi (U.T.Abdullayev) Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi (G.M.Marufova), Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (N.B.Xusanov), Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda xotin-qizlarni hunarmandchilikka jalb etish chora-tadbirlarini amalga oshirsin. Bunda:

2021-yil mobaynida har bir hududda asosan xotin-qizlar faoliyat yuritadigan hunarmandchilik turlariga ixtisoslashgan klasterlar faoliyati tajriba sifatida joriy etiladi;

ushbu klasterlar hunarmandchilik mahsulotlari uchun xom ashyo yetishtirish, uni qayta ishlash va sotish faoliyatini qamrab oladi, shuningdek, klasterlar ustav kapitalining 50 foizi teng ulushlarda Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi va Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi, qolgan 50 foizi hunarmandlarning o‘z mablag‘i hisobidan shakllantiriladi.

10.Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (N.B.Xusanov), Moliya vazirligi (T.A.Ishmetov), Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi (G.M.Marufova), Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining quyidagi takliflari ma’qullansin:

“Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ni samarali yuritish, ishsiz fuqarolarga bandlik sohasida tizimli yordam ko‘rsatish hamda “mahallabay’’ tizim asosida ishlarni tashkil qilish maqsadida har bir mahallada mehnat inspektoriga “jamoatchi yordamchi”larni jalb etish;

“jamoatchi yordamchi”lar bilan 11 oy muddatgacha jamoat shartnomalari tuzish hamda ularning ish haqini mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining bir yarim baravari miqdorida belgilash;

“jamoatchi yordamchi”larning ish haqini Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamg‘armasi hisobidan moliyalashtirish.

11. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (N.B.Xusanov) bir oy muddatda:

o‘z tasarrufiga o‘tayotgan kasb-hunar ta’lim muassasalarining bo‘sh turgan qismini tadbirkorlik sub’ektlariga o‘quv xonasi va ishlab chiqarish sexi tashkil etish uchun 30 yilgacha bo‘lgan muddatga imtiyozli ijaraga berish tartibini;

xotin-qizlar tadbirkorlik sub’ekti sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganidan so‘ng 3 oy mobaynida ularga berilgan bo‘sh turgan binolarning ijara to‘lovlarini Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravarigacha bo‘lgan miqdorda to‘lab berish, shuningdek, bo‘sh turgan binolarni 1 yilgacha bo‘lgan muddatda imtiyozli ravishda ijaraga berish tartibini joriy etsin.

12. Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi (G.M.Marufova) bir oy muddatda:

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda xotin-qizlarni kasbga o‘rgatish, ularning bandligini ta’minlashga ko‘maklashuvchi nodavlat notijorat tashkilotlari o‘rtasida grantlarni e’lon qilsin;

Moliya vazirligi va Adliya vazirligi bilan birgalikda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi va uning hududiy tuzilmalarini ayollar huquqlarini himoya qilish maqsadida kiritilgan da’vo arizalari bo‘yicha davlat bojidan ozod qilishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

13. Bosh prokuratura (S.B.Ortiqova), Adliya vazirligi (R.K.Davletov), Ichki ishlar vazirligi (P.R.Bobojonov) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda 2021-yil yakuniga qadar Zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hamda o‘z joniga qasd qilishning oldini olish markazlari faoliyatini samarali tashkil etish choralarini ko‘rsin. Bunda:

bir oy muddatda barcha hududlarda zo‘ravonlikka uchragan xotin-qizlarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha bittadan namunaviy markazlar tashkil qilinsin;

ushbu namunaviy markazlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun Vazirlar Mahkamasi zaxira jamg‘armasidan jami 10 milliard so‘m hamda mahalliy byudjetlar qo‘shimcha manbalaridan mablag‘lar yo‘naltirilsin.

14. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 12-iyundagi PQ–4749-son qarori hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 3-fevraldagi PF–6155-son Farmoniga muvofiq 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligining tavsiyanomasiga ega bo‘lgan xotin-qizlar uchun davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari ajratilganligi, shuningdek, ehtiyojmand oilalar farzandi bo‘lgan xotin-qizlar uchun oliy ta’limga ajratiladigan davlat grantlari soni ikki baravarga oshirish orqali ikki mingtaga yetkazilishi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi qo‘shimcha davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari doirasida xotin-qizlarga tanlovda ishtirok etish uchun tavsiyanoma berishda “Temir daftar” va “Ayollar daftari”ga kiritilgan oilalarning qiz farzandlari hamda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarga alohida e’tibor qaratsin.

15. 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab bazaviy to‘lov-kontrakt asosida davlat oliy ta’lim muassasasiga qabul qilingan, ota-onasi yoki ularning biridan ayrilgan muhtoj qizlar, boquvchisi yo‘q yolg‘iz ayollarni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamda davlat oliy ta’lim muassasalari hisobidan o‘qitish tartibi joriy etilsin. Bunda, o‘qish uchun to‘lov pullari:

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan 100 nafardan xotin-qizlar uchun har yili mahalliy byudjetning qo‘shimcha manbalari hisobidan;

moliyaviy barqaror davlat oliy ta’lim muassasalari tomonidan ularning Kengashi qaroriga asosan 50 nafargacha xotin-qizlar uchun davlat oliy ta’lim muassasalarining byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi.

16. Maktabgacha ta’lim vazirligi (A.V.Shin):

a) bir oy muddatda Moliya vazirligi bilan birgalikda quyidagilarni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqsin:

ijtimoiy himoyaga muhtoj yolg‘iz ayollarning farzandlarini maktabgacha ta’lim tashkilotlariga imtiyozli ro‘yxatga kiritish orqali qabul qilish;

boquvchisini yo‘qotgan ayollarga farzandini maktabgacha ta’lim tashkilotlari, shu jumladan oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalariga berish xarajatlarini byudjetdan qoplash;

b) Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda:

ikki oy muddatda bolaning ilk rivojlanishiga xizmat qiladigan maktabgacha ta’limning muqobil shakllarini yanada kengaytirish maqsadida mahallalarda bo‘sh turgan va foydalanilmayotgan binolar (xonalar)ni xatlovdan o‘tkazsin;

ikki oy muddatda maktabgacha ta’lim tashkilotlari mavjud bo‘lmagan mahallalarda maktabgacha ta’lim bilan qamrab olinmagan bolalar ro‘yxatini shakllantirsin;

2021 yil yakuniga qadar maktabgacha ta’limga ehtiyoj mavjud bo‘lgan mahallalarda, shu jumladan qishloq joylarida maktabgacha ta’limning muqobil shakllarini tashkil qilish va ularni zarur moddiy-texnika vositalari bilan ta’minlash choralarini ko‘rsin.

17. “El-yurt umidi” jamg‘armasi (A.Sh.Bekmurodov) Innovatsion rivojlanish vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda bakalavriat bosqichini muvaffaqiyatli tamomlab, xorijiy mamlakatlarning nufuzli ta’lim, ilmiy yoki boshqa muassasalariga “El-yurt umidi” jamg‘armasining stipendiyalari asosida o‘qishga yuboriladigan stipendiatlar orasida xotin-qizlar ulushini kamida 20 foizga ko‘paytirsin.

18. Oliy Majlis palatalari bir oy muddatda xotin-qizlarni, shu jumladan nogironligi bo‘lgan ayollarni davlat va jamiyat oldidagi fidokorona xizmatlari, mamlakatning iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy salohiyatini oshirishga qo‘shgan hissasi, irodasi, ilmiy va amaliy sohalardagi erishgan yutuqlari uchun ularni rag‘batlantirishni nazarda tutuvchi davlat mukofotlarini ta’sis etish masalasini ko‘rib chiqsin.

19. Xalq deputatlari mahalliy Kengashlari o‘z sessiyalarida mutasaddi davlat organlari rahbarlarining xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishga ko‘maklashish, shuningdek, xotin-qizlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha axborotini eshitib borsin.

20. Quyidagilar:

Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi Ijro etuvchi direksiyasi tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq;

Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi hamda Jamg‘arma Respublika kengashining ishchi organlari hisoblanishi belgilab qo‘yilsin.

21. Respublika kengashi (T.K.Narbayeva, Q.M.Rafikov) bir oy muddatda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi bilan birgalikda xotin-qizlarning jamiyat hayotidagi o‘rnini mustahkamlash maqsadida zamonaviy ijtimoiy va siyosiy faol xotin-qizlarning milliy imijini keng targ‘ib qilish bo‘yicha media-reja ishlab chiqsin hamda uning ijrosini ta’minlasin.

22. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (A.J.Xadjayev), Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi (G.M.Marufova) ikki oy muddatda yoshlarga har tomonlama o‘rnak bo‘layotgan ayollarimizni jalb qilgan holda, xotin-qizlar uchun “Iffatli ayol” teleko‘rsatuvi namoyishini yo‘lga qo‘ysin.

23.Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari xotin-qizlarga motivatsiya berish maqsadida fan, san’at, adabiyot, ishlab chiqarish sohasida hamda davlat va jamiyat faoliyatining boshqa tarmoqlarida katta amaliy tajribaga ega bo‘lgan hamda alohida xizmat ko‘rsatgan eng obro‘li fuqarolar bilan doimiy ravishda uchrashuvlar tashkil etib borsin.

24. Adliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

25. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.

Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan 2021-yil 1-iyul va 2022-yil 1-yanvargacha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berilsin.

O‘zbekiston Respublikasi

Prezidenti                                            Sh.MIRZIYOYEV

 

Toshkent shahri,

2021-yil 5-mart

Manba: O'zA

Поделиться