“Sug‘urta faoliyati to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi
Joriy yilning 4-mart kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi tomonidan “Sug‘urta faoliyati to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi va seminarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Moliya vazirligi huzuridagi Sug‘urta bozorini rivojlantirish agentligi vakillari, sug‘urta kompaniyalari, soha ekspertlari hamda mutaxassislari ishtirok etdi.
Ta'kidlanganidek, “Sug‘urta faoliyati to‘g‘risida”gi qonun loyihasi Prezidentimizning 2019-yil 2-avgustdagi qarori bilan tasdiqlangan 2019-2020 yillarda O‘zbekiston Respublikasi sug‘urta bozorini jadal rivojlantirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ga asosan ishlab chiqilgan.
Seminar davomida sug‘urta kompaniyalari tomonidan sug‘urta da'volarini ko‘rib chiqish muddatlari va hujjatlarni qisqartirish, sug‘urta hodisasini adolatli baholash va to‘lovlarni tezkor to‘lash tizimini yaratish bo‘yicha takliflar bildirildi hamda muhokamalarda qonun loyihasi sug‘urta sohasida tajribadan o‘tgan milliy amaliyot va xalqaro tamoyillarga asoslanganligi Sug‘urta bozorini rivojlantirish agentligi mutaxassislari hamda ekspertlar tomonidan e'tirof etildi.
Seminar yakunida tadbir ishtirokchilari tomonidan bildirilgan taklif va tavsiyalarni inobatga olib qonun loyihasini xalq vakillari tomonidan ikkinchi o‘qishga kiritish uchun fraksiyalar muhokamasiga kiritish maqsadga muvofiq ekanligi ta'kidlandi.
Manba: O‘zbеkistоn Rеspublikаsi Mоliya vаzirligi