O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Ta’lim sifatini ta’minlash maqsadida o‘tkaziladigan jarayonlarda korrupsiyani oldini olish masalalari muhokama etildi
2021-03-09 | Ta’lim
Joriy yilning 5-mart kuni Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamkorligida “Ta’lim sifatini ta’minlash maqsadida o‘tkaziladigan jarayonlarda korrupsiyani oldini olish” mavzusida videoseminar o‘tkazildi.
Unda Xalq ta’limi, Maktabgacha ta’lim va Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklari mutasaddilari, Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi va vazirlikning hududiy bo‘linmalari boshliqlari, maktablar o‘qituvchilari va boshqalar ishtirok etishdi.
Tadbirda ta’lim sifatini ta’minlash maqsadida o‘tkaziladigan jarayonlarda korrupsiyani oldini olish bo‘yicha shu paytga qadar amalga oshirilgan ishlar va istiqboldagi rejalar haqida ma’lumot berildi.
Tadbirda ishtirok etgan Agentlik direktori A.Burxanov o‘z ma’ruzasida quyidagi masalalarga e’tibor qaratdi:
- Korrupsiyaga qarshi kurashishda jazo muqarrarligini ta’minlash bilan birga, uning oldini olish choralarini ko‘rish juda muhim. Shundan kelib chiqib, Agentlik zimmasiga davlat organlarida korrupsiyaga qarshi ichki muvofiqlik “komplayens-nazorat” tizimini joriy etish vazifasi yuklatilgan. Mamlakatimizdagi 26 ta vazirlik va idoralar singari Xalq ta’limi vazirligi markaziy apparati tuzilmasida ham “Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimi, komplayens-nazoratni amalga oshirish bo‘limi” tashkil etilgan. Tizimda korrupsiyani oldini oluvchi qator ichki normativ-hujjatlar qabul qilingan. Natijada ushbu xizmat tomonidan xalq ta’limi tizimida 78 mlrd. so‘mlik moliyaviy xato va kamchiliklar hamda noqonuniy o‘zlashtirish holatlari aniqlangan. 214 nafar mansabdor shaxslarga nisbatan intizomiy jazo choralari qo‘llanilgan, 34 nafar xodimlar lavozimidan ozod etilgan.
Bu ko‘rsatkichlar vazirlikning “Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimi, komplayens-nazoratni amalga oshirish bo‘limi” oldida oldinda ko‘pgina vazifalar turganini anglatadi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar Ta’lim inspeksiyasi ko‘rsatayotgan davlat xizmatlari sifatini doimiy ravishda oshirib borish va turli korrupsiogen omillarni bartaraf etish maqsadida pedagog kadrlarni attestatsiya o‘tkazish jarayonida o‘qituvchilar hamda xorijiy davlatlarda olingan diplomlarni tan olish bo‘yicha murojaat qilgan talabgorlar o‘rtasida so‘rovnomalar o‘tkazib borish yo‘lga qo‘yilganini ta’kidlashdi. So‘rovnoma natijalari asosida ushbu jarayonlarga tashqaridan aralashish holatlari va fuqarolarni aldab firibgarlik yo‘li bilan shug‘ullanayotgan shaxslar to‘g‘risida ma’lumotlar huquqni muhofaza qiluvchi organlariga taqdim etilib borilmoqda.
Qayd etilganidek, Ta’lim inspeksiyasi takliflari asosida ta’lim tizimida qabul, kirish imtihonlari, talabalar bilimini baholash jarayonlarining adolatli va shaffof tizimi joriy etildi. Ta’lim sifatini baholash jarayonlarida korrupsiogen holatlarning oldini olish uchun ta’lim muassasalarini litsenziyalash, xorijiy davlatlarda berilgan diplomlarni tan olish, pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish, ta’lim muassasalari attestatsiyasi va akkreditatsiya jarayonlari to‘liq elektronlashtirilgan.
Xususan, xorijiy diplomlarni tan olish va pedagoglar attestatsiyasi malaka (test) sinovlari real vaqt rejimida, zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalari vositalari bilan ta’minlangan xonalarda onlayn tarzda o‘tkazilmoqda.
Yig‘ilishda Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va Xalq ta’limi vazirliklari o‘zaro hamkorlikda korrupsiyani oldini olish va bartaraf etishga qaratilgan shu kabi amaliy sa’y-harakatlarni davom ettirishga kelishib olishdi.