O‘zbekiston – Pokiston investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy hamkorligi ko‘rib chiqildi
Joriy yilning 8-mart kuni videokonferensiya shaklida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakovning Pokiston Bosh vazirining savdo, to‘qimachilik sanoati va investitsiyalar masalalari bo‘yicha maslahatchisi Abdul Razzoq Dovud bilan ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalari va savdo-iqtisodiy, transport va logistika, madaniy-gumanitar sohalardagi o‘zaro kelishuvlarni amalga oshirishning hozirgi holati muhokamasiga bag‘ishlangan muzokaralari bo‘lib o‘tdi.
Muzokaralarda Tashqi ishlar vazirligi, Transport vazirligi va “O‘zbekiston Temir yo‘llari” AJ rahbariyati ham ishtirok etdi.
Kun tartibi doirasida “Mozori Sharif – Kobul – Peshavor” temir yo‘lini qurish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikning amaliy jihatlariga e'tibor qaratildi. Muhokama davomida mavjud masalalar atroflicha ko‘rib chiqildi, o‘zaro maqbul yechimlar ishlab chiqildi va loyiha joriy etilishini jadallashtirish bo‘yicha navbatdagi tadbirlar belgilab olindi.
Shuningdek, savdo, investitsiyalar, sanoat kooperatsiyasi, transport, ta'lim, sog‘liqni saqlash va madaniyat sohalarida O‘zbekiston – Pokiston hamkorligini kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi. Shu nuqtai nazardan tomonlar energetika, kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va boshqa istiqbolli sohalarda ishlab chiqilayotgan bir qator qo‘shma investitsiya loyihalarini ko‘rib chiqdilar.
Investitsiyalarni o‘zaro rag‘batlantirish va himoya qilish to‘g‘risidagi bitim loyihasini ishlab chiqish, imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim hamda ikki mamlakat o‘rtasidagi investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan bir qator boshqa ikki tomonlama hujjatlar yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar tahlili olib borildi. Ushbu yo‘nalishdagi hamkorlikni yanada faollashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi va mazkur hujjatlar shakllanishini jadallashtirish bo‘yicha navbatdagi tadbirlar rejalashtirildi.
Shuningdek, joriy yilning iyul oyida Toshkentda bo‘lib o‘tadigan savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston – Pokiston Hukumatlararo komissiyasining 6-yig‘ilishini hamda har ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida Ishbilarmonlar kengashini tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi. Mazkur tadbirlarning o‘tkazilishi ikki tomonlama iqtisodiy sheriklikni rivojlantirishda muhim qadam bo‘lishi ta'kidlandi.
Muzokaralar yakunida tomonlar erishilgan barcha kelishuvlarni hayotga tatbiq etishga o‘zaro sodiqligini ta'kidlab, qo‘shma loyiha va tashabbuslarni ilgari surishni jadallashtirish bo‘yicha birinchi darajali chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqdilar.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi