O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Hindiston standartlar byurosi bosh direktori bilan uchrashuv o‘tkazildi
2021-03-08 | Iqtisodiyot
Respublikamizning Hindistondagi elchisi Dilshod Axatov ushbu mamlakat Standartlar byurosi bosh direktori Pramod Tivari bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasida standartlashtirish, sertifikatlash va texnik reglamentlar sohasidagi hamkorlik masalalarining joriy holati va istiqbollari muhokama qilindi. Qayd etish lozim, 2020-yil 11-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston-Hindiston oliy darajadagi “virtual sammit” doirasida imzolangan “Mahsulotlar muvofiqlik sertifikatlarini o‘zaro tan olish to‘g‘risida”gi bitim, mazkur yo‘nalishdagi amaliy hamkorlik uchun muhim asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
Byuro direktori O‘zbekistonda standartlashtirish va sertifikatlash sohasida, shu jumladan, sohaga ilg‘or innovatsion texnologiyalarni jalb qilish yo‘nalishi bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar va erishilayotgan amaliy natijalarni ijobiy baholadi.
Suhbat chog‘ida tomonlar ikki davlat o‘rtasida mahsulotlar muvofiqlik sertifikatlarini o‘zaro tan olinishi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi eksport-import operatsiyalarini yengillashtirib, ishbilarmonlar uchun keng qulayliklar yaratishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Hamkorlikning yana bir muhim yo‘nalishi sifatida odamlar salomatligi va xavfsizligiga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan iste’mol tovarlarini standartlashtirish va sertifikatlash bo‘yicha qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish, shuningdek Hindistonning texnik va iqtisodiy hamkorlik dasturi (ITEC) grantlari doirasida bu sohada yuqori malakali, professional mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha o‘quv kurslarini tashkil etishga kelishib olindi.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi