O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
IPHRC raisi Marg‘ub Batt: O‘zbekiston inson huquqlari bo‘yicha qator xalqaro tashabbuslarni ilgari surib, yuqori natijalarga erishmoqda
2021-03-08 | Jamiyat
O‘zbekistonning Saudiya Arabistonidagi elchisi Ulug‘bek Maqsudov Jidda shahrida Islom hamkorlik tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiyasi (IPHRC) raisi Marg‘ub Batt bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
M.Batt O‘zbekistonning BMT Inson huquqlari bo‘yicha Kengashiga a’zo etib saylangani va 2021-yil 1-yanvardan o‘z vazifalarini bajarishga kirishgani bilan qizg‘in tabriklab, ushbu voqea O‘zbekiston tarixida ilk bor sodir bo‘laganini urg‘uladi.
Suhbatdosh, ayniqsa, BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining bahorgi sessiyasi doirasida Jeneva shahrida bo‘lib o‘tgan Yuqori darajadagi segment ishida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Kengashga a’zo davlat rahbari sifatida ilk bor qanashib, o‘z chiqishida mamlakatimizda demokratik o‘zgarishlarni yanada chuqurlashtirish va Kengash doirasidagi faoliyatning ustuvor yo‘nalishlari haqidagi so‘zlari va tashabbuslarini yuqori baholadi.
“Xususan, «Hech kimni e’tibordan chetda qoldirmaslik» tamoyiliga amal qilish, gender siyosatini qat’iy davom ettirish, alohida ehtiyojga ega shaxslar huquqlarini ta’minlash, yoshlar huquqlarini himoya qilish, majburiy mehnat va bolalar mehnatiga barham berish, inson huquqlari sohasi bo‘yicha ta’limni rivojlantirish, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar sonini kamaytirish kabi Prezident Shavkat Mirziyoyevning belgilagan yo‘nalish va tashabbuslari cheksiz tahsinga sazovor hamda O‘zbekiston Respublikasi inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlariga doimiy ravishda sodiq qolishiga dalolat bo‘la oladi”, - deya qayd etdi M.Batt.
IPHRC raisi Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida respublikada so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan keng qamrovli siyosiy islohotlarni yuqori baholadi va xalqaro siyosiy maydonda mamlakatimizning faollashayotganini ta’kidladi. Shu ma’noda O‘zbekiston bu maqomga to‘la haqli ekanligini e’tirof etib, xorijiy mamlakatlar O‘zbekistonni bu yo‘nalishda qo‘llab-quvvatlayotgani bejiz emasligini aytdi.
M.Batt, shuningdek, O‘zbekiston inson huquqlari bo‘yicha qator xalqaro tashabbuslarni ilgari surib, yuqori natijalarga erishgani, jumladan, Yoshlar huquqlari bo‘yicha xalqaro konvensiyani qabul qilish tashabbusi, 2020-yil noyabr oyida “Zamin” jamoat fondi tomonidan bolalar huquqiga bag‘ishlangan xalqaro anjuman muvaffaqiyatli o‘tkazilgani, Samarqand forumi va hokazolar xalqaro hamjamiyat tomonidan alohida e’tirof etilayotganini qayd etdi.
Suhbatdosh IPHRC O‘zbekiston Respublikasini bundan buyon ham har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi