O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Aziz Abduhakimov Xivadagi yangi mehmonxonaga subsidiya sertifikatini topshirdi
2021-03-07 | Turizm
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov tomonidan Xiva shahridagi 3 yulduzli “Sayid Islom Kho‘ja” mehmonxonasiga ajratilgan subsidiya sertifikati topshirildi.
«Mamlakatimizda turizm sohasiga qaratilgan yuqori eʼtibor natijasi o‘laroq, Xiva shahridagi temir yo‘l vokzali yaqinida milliy uslubdagi, barcha zamonaviy talablarga javob bera oladigan yangi 3 yulduzli mehmonxona ishga tushirildi. Pandemiya turizm sohasiga katta taʼsir ko‘rsatdi, lekin shunga qaramay sohada faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarimiz uchun hukumatimiz tomonidan turli qaror, farmon hamda qonun hujjatlarida ko‘plab imtiyoz va preferensiyalar berilmoqda. Mamlakatimiz bo‘ylab turistik mavsumning ochilishi arafasida barcha sayohatchilar uchun turizm obyektlari tomonidan ko‘plab chegirmalar eʼlon qilingan. Shu bois ham yurtdoshlarimizni O‘zbekiston bo‘ylab sayohatlarga chorlaymiz!», - dedi Aziz Abduhakimov.
Xorazm viloyatida barpo etilib, ishga tushirilgan “Sayid Islom Kho‘ja” mehmonxonasiga davlat byudjeti hisobidan tegishli qarorga binoan mehmonxonani qurish va jihozlash xarajatlarining bir qismi qoplanib, 2 milliard 280 million so‘m miqdorida subsidiya ajratildi. Mehmonxona o‘zida yuqori zamonaviy va milliy uslub uyg‘unligini aks ettirgan bo‘lib, restoran, fitness zali, bar va umumiy zal xonalari hamda bog‘ va terassadan iborat. “Sayid Islom Kho‘ja” 57 xona va 117 o‘ringa mo‘ljallangan.
Maʼlumot o‘rnida: Prezident Shavkat Mirziyoyevning PQ-4095-sonli qaroriga binoan mamlakatimizda hozirga qadar 6 ta mehmonxonaga subsidiya ajratilib, mablag‘lar topshirilgan.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi