O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
MOQda Xalqaro tekbol federatsiyasi mutasaddilari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
2021-03-07 | Sport
Tekbol! Ushbu sport turi yurtimizga kirib kelayotganligi haqida xabar bergandik. Ayni paytda tekbol sport turi jadal rivojlanib, butun dunyoda ommalashib bormoqda.
Mazkur sport turi asoschilari vengriyalik sobiq futbolchi Gabor Borshani va dasturchi Viktor Xusardir. Tekbol – bu sodda qilib aytganda, stol tennisi va futbolni birlashtirgan sport turi.
Xalqaro tekbol federatsiyasi Prezident Gabor Borshani, vitse-prezident Viktor Xusar va Bosh kotib Junior Marius-Vizerdan iborat Xalqaro tekbol federatsiyasi delegatsiyasi yurtimizga tashrif buyurdi. Nufuzli mehmonlar O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasida kutib olindi.
Sportimiz mutasaddilari O‘zbekistonga kirib kelayotgan yangi sport turi – tekbolni rivojlantirish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazishdi. Unda Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi o‘rinbosari Ravshan Ermatov, Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi Rustam Shoabdurahmonov va MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimovlar ishtirok etdi.
Taʼkidlash joiz, tadbir boshlanishidan avval professional tekbolchilar MOQ binosida o‘z mahoratlarini namoyish qilishdi. Bu esa yig‘ilgan mehmonlarga o‘zlari uchun yangi sport turini kashf qilishlariga imkon berdi. Mazkur jarayonda Ravshan Ermatov va Rustam Shoabdurahmonov ham o‘z imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazishdi.
Bundan tashqari, MOQ anjumanlar zalida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun matbuot anjumani tashkil etildi. Unda dastlab so‘z olgan Ravshan Ermatov so‘nggi paytlarda muhtaram Prezidentimiz rahnamoligida O‘zbekistonda sportni rivojlantirishga katta eʼtibor qaratilayotgani, tekbol qiziqarli sport turi ekanligi va u bilan shug‘ullanish uchun ko‘p xarajat talab etilmasligini taʼkidladi. Shuningdek, ushbu sport turi aholi uchun juda foydali bo‘lishini va davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga hissa qo‘shishini taʼkidladi.
"Ko‘pgina mutaxassislarning fikriga ko‘ra, tekbol O‘zbekiston uchun juda mos keladi. Ushbu sport turi kam harajatli va u bilan deyarli hamma joyda o‘ynash mumkin. Xalqaro federatsiya mamlakatimizda tekbolni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlashga va jihozlar bilan yordam berishga tayyor. Kelajakda tekbol Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilishi mumkin va biz O‘zbekistonga kirib kelgan sport turlarining ro‘yxati to‘ldirilayotganidan juda xursandmiz", – dedi Oybek Qosimov.
Shuning bilan matbuot anjumani o‘z yakuniga etdi. Uchrashuv yakunida ishtirokchilarga sovg‘alar topshirildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligi