O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Innovatsion rivojlanish vazirligi “Olima ayollar grantlari” tashabbuskor amaliy va innovatsion loyihalar tanlovini eʼlon qiladi (40-tur))
2021-03-05 | Innovatsiya
Tanlovning asosiy maqsadi – respublikamizda xotin-qizlarni ilm-fanga keng jalb qilish, fan-taʼlim va iqtisodiyotning turli tarmoq va sohalarida ilmiy faoliyat bilan shugʻullanayotgan xotin-qizlarning yangi gʻoya va ishlanmalarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish uchun ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida bajariladigan tashabbuskor amaliy va innovatsion loyihalar natijalari boʻyicha iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning mavjud muammolari, real ehtiyojlari hamda hududiy muammolarni hal etishga qaratilgan ilmiy hajmdor mahsulotlar va innovatsion texnologiyalarni yaratishdan iborat.
Tanlov Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning 2021-yil 26-fevral kuni xotin-qizlarning muammolarini hal qilish va ularni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash masalalari yuzasidan boʻlib oʻtgan uchrashuvida belgilab berilgan ustuvor vazifalar doirasida tashkil etilmoqda.
Mazkur tanlov Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatni rivojlantirishning normativ-huquqiy bazasini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 9-martdagi 133-son qarorida belgilangan talablarga muvofiq oʻtkaziladi.
Loyiha ijrochilarining tarkibi faqatgina xotin-qizlardan iborat boʻlishi, ilmiy jamoaning oʻrtacha yoshi 45 yoshdan oshmasligi, shuningdek ilmiy jamoada yosh olimalar, iqtidorli talaba-magistrlar ishtirok etishi lozim.
Tanlovda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi tizimidagi ilmiy-tadqiqot va oliy taʼlim muassasalarida hamda ilmiy faoliyat bilan shugʻullanuvchi boshqa tashkilotlarda faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar ishtirok etishlari mumkin.
Loyiha rahbari tegishli tartibdagi ilmiy darajaga ega boʻlishi, soʻnggi 5 yil ichida ilm-fanning tegishli sohasida faol ilmiy faoliyat olib borayotgan hamda oxirgi 3 yil davomida Scopus hamda Web of Science xalqaro ilmiy bazalarida kamida bitta ilmiy maqola chop etgan boʻlishi shart.
Loyiha rahbari bir vaqtning oʻzida bir turdagi ikkita loyihaga rahbar boʻlishiga ruxsat etilmaydi.
Tanlovga taqdim etiladigan ilmiy loyihalar grant.mininnovation.uz elektron platformasining “Tanlovga ilmiy loyiha taqdim etish” sahifasi orqali 2021-yilning 15 apreliga qadar faqat elektron shaklda qabul qilinadi.
Elektron roʻyxatdan oʻtmagan, shuningdek loyiha rahbarining oxirgi 3 yil davomida Web of Science hamda Scopus xalqaro ilmiy bazalarida chop etilgan kamida bitta ilmiy maqolaning nusxasi ilova qilinmagan loyihalar tanlovga qabul qilinmaydi. Scopus bazasidan chiqarib yuborilgan jurnallarda chop etilgan maqolalar ham inobatga olinmaydi.
Ilmiy loyiha hujjatlarini grant.mininnovation.uz elektron platformasi orqali roʻyxatdan oʻtkazish jarayonida quyidagi hujjatlar asl nusxalarining pdf/doc shakli elektron platformaga yuklanishi lozim:
ijrochi tashkilotning rahbari tomonidan imzolangan yoʻllanma hat (.pdf);
ijrochi tashkilotning ilmiy (ilmiy-texnik) kengashi qaroridan koʻchirma (.pdf);
amaliy yoki innovatsion loyiha matni (imzo va muhr qoʻyilgan holda, .pdf va .doc/.docx).
Taqdim etilgan loyihalar tanlov talablariga qatʼiy rioya qilinganligi, loyiha materiallarining ishonchliligi va haqqoniyligi, koʻchirmachilikka (plagiatga) yoʻl qoʻyilmaganligi, talablar asosida shakllantirilganligi, shuningdek loyiha yakunida qoʻlga kiritiladigan muhim ilmiy natijalarning tadqiqot dizayniga muvofiq toʻliq asoslanganligi va soʻralgan mablagʻlarning tanlov shartlarida keltirilgan moliyalashtirish hajmiga muvofiq toʻgʻri hisob-kitob qilinganligi boʻyicha dastlabki texnik ekspertizadan oʻtkaziladi.
Dastlabki texnik ekspertizadan oʻtmagan loyihalar tanlovning keyingi bosqichiga tavsiya etilmaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 18-iyuldagi PQ-3855-son qaroriga muvofiq, ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida bajarilgan amaliy va innovatsion tadqiqotlar natijalari ular yakunlanganidan soʻng toʻliq tijoratlashtirilishi shart.
Taqdim etilgan loyihalardagi maʼlumotlarning haqqoniyligi va ishonchliligi hamda tanlov gʻoliblari tomonidan ilmiy-texnik loyihalarning natijadorligi, tijoratlashtirish darajasi, tanlov dasturlari vazifalarida belgilangan, kutilayotgan natijalarni toʻla va oʻz vaqtida sifatli bajarilishiga ilmiy loyiha rahbarlari, ilmiy loyihani bajaruvchi tashkilot rahbarlari va tegishli yuqori turuvchi tashkilotlarning masʼul xodimlari javobgar hisoblanadilar.
Eslatma: Tanlovga taqdim etilgan loyihalarning koʻrib chiqish natijalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar grant.mininnovation.uz elektron platformasining “Tanlovlar natijalarni aniqlash boʻyicha interfaol xizmat” sahifasi, shuningdek www.mininnovation.uz veb-saytidagi “Tanlovlar” ruknining “Tanlov natijalari” interaktiv xizmati orqali taqdim etib boriladi.
Ilmiy loyihalarni grant.mininnovation.uz elektron platformasining “Tanlovga ilmiy loyiha taqdim etish” sahifasi orqali elektron roʻyxatdan oʻtkazish bilan bogʻliq texnik masalalar boʻyicha Innovatsion rivojlanish vazirligining texnik jihatdan qoʻllab-quvvatlash xizmati: +998-71-203-32-32, +998-94-296-07-70
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish agentligi