Toshkentda O‘zbekiston – Belarus Ishbilarmonlar kengashining 1-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
Joriy yilning 4-mart kuni Belarus Respublikasi hukumati delegatsiyasining O‘zbekiston Respublikasiga tashrifi doirasida Toshkent shahrida O‘zbekiston – Belarus Ishbilarmonlar kengashining 1-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Belarus tomonidan Bosh vazir o‘rinbosari A.Subbotin, Belarus Savdo-sanoat palatasi raisi V.Ulaxovich, Belarusning yirik kompaniyalari va «BelAZ», «MAZ», «MTZ», «Minsk motor zavodi», «Belfarmprom» kabi sanoat birlashmalari, yirik universitetlar va ilmiy-tadqiqot institutlari rahbarlari, O‘zbekiston tarafidan esa Bosh vazir o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov, Savdo-sanoat palatasi raisi A.Ikromov, vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari hamda yirik sanoat korxonalari rahbarlari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda ikki mamlakat delegatsiyalari rahbarlari so‘zga chiqib, ikki tomonlama munosabatlarning yuqori darajasi va o‘zaro ishonchni ta'kidladilar. Shuningdek, investitsiya, sanoat va savdo-iqtisodiy sohalarda hamkorlikni rivojlantirish uchun keng istiqbollarni belgilab oldilar hamda O‘zbekiston va Belarus kompaniyalarini o‘zaro manfaatli qo‘shma investitsiya loyihalari hamda savdo shartnomalari sonini ko‘paytirish maqsadida faol hamkorlik qilishga chaqirdilar.
Belarus tomoni yangi tashkil etilgan Kengash ikki mamlakat tadbirkorlarining istiqbolli biznes g‘oyalarini amaliyotga tatbiq etish va alohida tarmoqlar va sanoat korxonalari o‘rtasida yaqin kooperatsion aloqalarni o‘rnatish uchun funksional maydon vazifasini o‘tashiga ishonch bildirdi. Qolaversa, ikki tomonlama sheriklikni mustahkamlash va qo‘shma loyihalar hamda tashabbuslarni muvaffaqiyatli amalga oshirish jarayonini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga sodiqlik bildirildi.
O‘zbekiston tomoni bir qator ustuvor tarmoqlarda ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish uchun muhim salohiyat va foydalanilmagan zaxiralar miqdorini ta'kidlab, Belarus biznesining O‘zbekistonda mavqeini mustahkamlash va ikki mamlakat tadbirkorlari o‘rtasida uzoq muddatli aloqalarni yo‘lga qo‘yish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida yaqin hamkorlikka tayyorligini ma'lum qildi.
Belarus kompaniyalariga Respublikaning investitsiyaviy salohiyati va qishloq xo‘jaligi, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, sog‘liqni saqlash va farmatsevtika, ta'lim, yengil sanoat sohalari va boshqa yo‘nalishlardagi sheriklik imkoniyatlari to‘g‘risida batafsil ma'lumot berildi. Tegishli vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari va xususiy kompaniyalar rahbarlari har bir tarmoqning investitsiyaviy va sanoat salohiyati taqdimotini o‘tkazdilar, shuningdek, aniq istiqbolli loyiha takliflarini bildirib, Belaruslik hamkasblar va bo‘lajak hamkorlar bilan ularni batafsil o‘rganishga tayyor ekanliklarini qayd etdilar.
Ishtirokchilarning fikriga ko‘ra, Kengashning tashkil qilinishi ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarni tizimlashtirishdagi muhim qadam bo‘lib, kelajakda O‘zbekiston va Belarus tadbirkorlari sherikligini mustahkamlash va kengaytirishning barqaror mexanizmiga aylanishi mumkin.
Tadbir qatnashchilari O‘zbekistonda investitsiya va tashqi savdo faoliyatini amalga oshirish uchun u yoki bu sohada yaratilgan shart-sharoitlar bilan har tomonlama tanishish, hamkorlikning umumiy manfaatlari va istiqbollarini muhokama qilish hamda kelgusida birgalikda ishlab chiqish uchun aniq loyiha takliflarini muhokama qilish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Aniq yo‘nalishlar va loyihalar bo‘yicha kelgusidagi qo‘shma ishlarning amaliy jihatlarini ko‘rib chiqish maqsadida «G2B» va «B2B» shaklida uchrashuvlar o‘tkazildi.
Tadbir yakunida O‘zbekiston Respublikasi va Belarus Respublikasi savdo-sanoat palatalari o‘rtasida 2021-2022 yillarga mo‘ljallangan, ikki davlat ishbilarmon doiralarining amaliy hamkorligiga qaratilgan aniq chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi», shuningdek, bir qator investitsiya bitimlari va savdo shartnomalari imzolandi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi