O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
2-mart O‘zbekiston BMTga aʼzo bo‘lgan kun: Deputatlar va talabalar O‘zbekiston-BMT hamkorligining ustuvor yo‘nalishlari haqida fikr almashdi
2021-03-02 | Jamiyat
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi tomonidan Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti bilan birgalikda «O‘zbekiston Respublikasining BMTga aʼzo bo‘lganligining 29 yilligiga bag‘ishlab «O‘zbekiston va BMT hamkorligining ustuvor yo‘nalishlari» mavzusida «davra suhbati» tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri
Tadbirda O‘zbekiston va BMT o‘rtasida 1992-yil 2-mart kuni asos solingan hamkorlikning asosiy bosqichlari va istiqbolli yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, BMT dunyoda kechayotgan har qanday siyosiy jarayonlarni muvofiqlashtirish va boshqarish, mintaqaviy mojarolarni bartaraf etish, tabiiy ofatlarning oldini olish, qashshoqlikka qarshi kurashish kabi keng qamrovli muammolarni hal etish yo‘lida faoliyat yuritib kelmoqda.
O‘zbekiston va BMT o‘rtasidagi hamkorlikning bosh maqsadi – dunyoda tinchlik va xavfsizlikni taʼminlash, davlatlararo hamjihatlik va do‘stona qo‘shnichilik aloqalarini mustahkamlash, xalqaro iqtisodiy, madaniy va ijtimoiy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish, inson huquqlari va erkinligini qo‘llab-quvvatlashdan iborat ekanligi taʼkidlandi.
Ishtirokchilar tomonidan O‘zbekiston o‘tgan yigirma to‘qqiz yil mobaynida BMTning faol aʼzolaridan biriga aylanganligi, ayniqsa 2020-yilning 23-sentabrida bo‘lib o‘tgan BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida Prezidenti Shavkat Mirziyoyev global va mintaqaviy ahamiyatga ega tashabbuslarni ilgari surganligi eʼtirof etildi.
Taʼkidlanganidek, davlatimiz rahbarining nufuzli minbardagi nutqi mamlakatimiz inson va uning huquqlari yo‘lida o‘zi tanlagan yo‘ldan ortga qaytmasligini, xalqaro huquqning inson huquqlariga oid umum eʼtirof etilgan prinsip va normalarini qatʼiy himoya qilishini va uni faol ilgari surishini yana bir bor namoyon etdi.
Qatnashchilar, shuningdek, O‘zbekiston va BMT o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikning asosiy bosqichlari va ustuvor yo‘nalishlari, BMT doirasida eʼlon qilinayotgan O‘zbekiston tashabbuslari va ularning amalga oshirilishi, BMT Inson huquqlari bo‘yicha Kengashida O‘zbekiston aʼzoligining asosiy vazifalari, O‘zbekistonning BMT Taraqqiyot dasturi va uning ixtisoslashgan muassasalari bilan hamkorligining hozirgi holati va istiqbollari yuzasidan keng fikr almashdi.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi