O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston elchisi Ozarbayjon qishloq xo‘jaligi vaziri bilan ikki tomonlama hamkorlikni yana-da rivojlantirish masalalarini muhokama qildi
2021-03-01 | Iqtisodiyot
O‘zbekiston elchisi Bahrom Ashrafxonov Ozarbayjon qishloq xo‘jaligi vaziri Inam Kerimov bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mamlakatimiz elchixonasi maʼlumotiga ko‘ra, uchrashuvda qishloq xo‘jaligi sohasida O‘zbekiston-Ozarbayjon hamkorligini yana-da rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Muloqotda mamlakatimizning qishloq xo‘jaligi sohasida erishilayotgan natijalar haqida batafsil maʼlumot, shu jumladan 2020-2030 yillarda O‘zbekiston qishloq xo‘jaligini rivojlantirish strategiyasining mazmun-mohiyati va maqsadlari to‘g‘risida axborot taqdim etildi.
Ozarbayjon vakili O‘zbekiston qo‘lga kiritayotgan yutuqlarni yuqori baholab, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlar birodar respublikaning yana-da jadal va izchil rivojlanishi hamda istibolli ravnaqi uchun mustahkam poydevor yaratishiga ishonch bildirdi.
O‘zbekiston-Ozarbayjon munosabatlari masalalariga to‘xtalar ekan, tomonlar qishloq xo‘jaligi sohasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish izchilligini ijobiy baholadi. Shuningdek, ushbu yo‘nalishdagi aloqalarni yana-da jadallashtirish uchun mavjud imkoniyatlardan to‘la foydalanilmayotgani bildirildi.
Uchrashuv yakuniga ko‘ra, ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini yana-da rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar majmuini amalga oshirish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi