O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Tashqi ishlar vazirligida O‘zbekistonda olib borilayotgan yoshlarga oid davlat siyosatining asosiy tamoyillari muhokama qilindi

2021-02-27 | Yoshlar

Bugun Tashqi ishlar vazirligida «O‘zbekistonda olib borilayotgan yoshlarga oid davlat siyosatining asosiy tamoyillari va yo‘nalishlari» mavzusida «davra suhbati» bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda vazirlik xodimlari hamda videokonferensaloqa vositasida O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari vakillari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti professor-o‘qituvchilari va talabalar ishtirok etdi.

Anjumanda Alisher Navoiy nomidagi O‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori Shuhrat Sirojiddinov va O‘zbekiston yoshlar umumjahon assotsiatsiyasi raisi Rahmatjon Umarov maʼruza qildi.

Davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan yoshlarga oid siyosatning maqsad va ustuvor vazifalari xususida fikr yuritildi. Mamlakatimizda  yoshlarning ijtimoiy hamda maʼnaviy kamol topishi uchun shart-sharoitlar yaratib berishga qaratilgan saʼy-harakatlarning mazmun-mohiyati va ahamiyatiga alohida eʼtibor qaratildi.

Jumladan, O‘zbekistonning yoshlarga oid davlat siyosati millati, irqi, tili, dini, ijtimoiy mavqei, jinsi, maʼlumoti va eʼtiqodidan qatʼiy nazar yoshlar to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilish, yigit-qizlarni huquqiy va ijtimoiy jihatdan himoya qilish, O‘zbekiston Konstitutsiyasi va qonunlari doirasida o‘z manfaatlarini amalga oshirish yo‘llarini erkin tanlab olishiga kafolat berish kabi qator qoidalarga asoslanishi aytib o‘tildi.

- Bugun O‘zbekiston tashqi siyosat mahkamasida yoshlar siyosatiga bag‘ishlab o‘tkazilayotgan ochiq muloqotda ishtirok etayotganimdan xursandman, - dedi Shuhrat Sirojiddinov. - Albatta, yoshlar tarbiyasi va ularni milliy ruhda tarbiyalash vazifalari barcha zamonlarda muhim bo‘lib kelgan. Prezidentimiz Oliy Majlisga Murojaatnomasida va boshqa anjumanlarda yoshlarga oid davlat siyosatiga alohida eʼtibor qaratdilar. Davlatimiz rahbari yoshlarimiz ongiga milliy ruh va ajdodlarimiz merosini chuqur singdirish uchun bong urish kerakligini kuyunchaklik bilan gapirdilar. Shuningdek, «Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili» davlat dasturida ham bu yo‘nalishda aniq vazifalar belgilandi. Ushbu vazifalarning dolzarbligi shundaki, bugun biz yoshlarga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatmasak, ularni jipslashishga undamasak keyin kech bo‘ladi. Jumladan, ayrim nopok kuchlar o‘zlarining g‘ayrioddiy mafkuralarini farzandlarimiz ongiga sindirish orqali millatimiz, tilimiz va muqaddas dinimiz ildiziga bolta urishga urinmoqda. Shu bois yoshlarimizga milliy g‘oya va milliy mafkuramizni singdirishda qog‘ozdagi harakatlardan qochib, amaliy ishlarga o‘tish vaqti keldi, deb o‘ylayman. Bu borada Tashqi ishlar vazirligi zimmasida ham  katta masʼuliyat bor. Sizlar xorijda yurgan mehnat migrantlari va oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan talabalarning muammolari bilan bevosita tanishib, imkon qadar ularga zarur yordamingizni ayamasligingiz zarur.

Tadbirda Tashqi ishlar vazirligi tomonidan joriy yilgi davlat dasturida belgilangan  vazifalar ijrosi bo‘yicha keng qamrovli ishlar olib borilayotgani qayd etildi. Vazirlik xorijdagi yosh vatandoshlar, mamlakatimiz hududidagi yoshlar va vazirlik tizimidagi yosh avlod vakillari bilan ishlash yo‘nalishida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida tizimli ishlarni yo‘lga qo‘ygan.

Xususan, xorijda mehnat qilayotgan va taʼlim olayotgan yurtdoshlarimizga zarur huquqiy va moddiy yordam ko‘rsatilmoqda. Shuningdek, elchixonalar chet el universitetlari bilan aloqalarni mustahkamlash va turli taʼlim dasturlarini yurtimiz oliy taʼlim tizimiga jalb etish bo‘yicha muntazam tarzda muzokaralar olib bormoqda. Ushbu saʼy-harakatlar natijasida mamlakatimizda ilg‘or xalqaro oliy taʼlim dasturlari keng tadbiq etilyapti.  Bu borada diplomatik vakolatxonalarga O‘zbekiston yoshlar umumjahon assosiatsiyasi yaqindan ko‘mak berayotir.

- O‘zbekistonda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularni yetuk mutaxassislar bo‘lib yetishishi uchun barcha imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Jumladan, yoshlarimizning xorijda taʼlim olishi uchun qator loyiha va dasturlar  eʼlon qilinmoqda, - dedi O‘zbekiston yoshlar umumjahon assosiatsiyasi raisi Rahmatjon Umarov. - Ushbu vazifalarni bajarish va yoshlarga oid davlat siyosatini targ‘ib etishga yaqindan ko‘maklashish maqsadida davlatimiz rahbarining  tashabbusi bilan 2017 yilda O‘zbekiston yoshlar umumjahon assotsiatsiyasi tashkil etildi. O‘tgan yillar davomida assosiatsiyaning 15 ta mamlakatda koordinatorlari ish boshladi. Ular mamlakatimizning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari bilan yaqindan hamkorlik qilib kelyapti va qator loyihalar amalga oshiryapti. Xususan, pandemiya paytida “Musofir”, «Xorijdagi hayot» loyihalari doirasida o‘quv-seminarlari, onlayn shakldagi «davra suhbat»lari o‘tkazildi. Ayni paytda 30 ming nafar yoshlarimiz chet elda tahsil olmoqda. So‘nggi uch-to‘rt oy davomida xorijiy universitetlarni tamomlagan 540 nafar vatandoshimiz bizga ish so‘rab murojaat qildi. Ularning 60 foizini davlat idoralariga ishga joylashishga ko‘mak berildi. O‘ylaymanki, Tashqi ishlar vazirligi bilan hamkorligimiz bundan keyin ham izchil rivoj topadi.

Jobir Xo‘jaqulov,

Zafar Yuldashkulov (Foto),

Manba: “Dunyo” axborot agentligi

Поделиться