O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Qirg‘iziston Tashqi ishlar vaziri bilan uchrashuv to‘g‘risida
2021-02-27 | Siyosat
2021-yilning 27-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Bishkek shahriga amaliy tashrif doirasida Qirg‘iz Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Ruslan Kazakbayev bilan uchrashdi.
Bo‘lib o‘tgan suhbat chog‘ida ikki mamlakatning o‘zaro manfaatli sohalardagi sermahsul hamkorlik qilayotganligi qayd etildi. O‘zbekiston va Qirg‘izistonning ko‘plab mintaqaqiy va xalqaro masalalar bo‘yicha maqelari yaqin bo‘lib, bu ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasida izchil hamkorlikni davom ettirish uchun mustahkam zamin yaratayotgani e’tirof etildi.
Turli darajalarda o‘tkazilishi rejalashtirilgan uchrashuvlar jadvali va kun tartibi yuzasidan ham fikr almashildi.
Markaziy Osiyoda davlatlararo aloqalarning bugungi holati va rivojlanish istiqbollari batafsil ko‘rib chiqildi. Hududlararo savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, investitsiyalar, innovatsiyalar va texnologiyalarni jalb qilish, yangi bozorlarga eksport hajmini oshirish yo‘lida sa’y-harakatlarni birlashtirish muhimligi e’tirof etildi.
Qirg‘iziston tomoni joriy yil Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiyaga taklif qilindi.
Manba: O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi