Suv resurslaridan samarali foydalanish va suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilishga oid qabul qilingan qarorlarning mazmun-mohiyati va ularda belgilangan vazifalar ijrosi bilan jamoatchilikni tanishtirish maqsadida 2021-yilning 22-fevral kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligida tashkil etilgan matbuot anjumanida markaziy va mahalliy matbuot nashrlari, radio-televidenie, internet jurnalistlari va blogerlar qatnashdi.
Prezidentimizning 2020-yil 5-dekabrda qabul qilingan “Qoraqalpog‘iston Respublikasida suv resurslaridan samarali foydalanish va yerlarning meliorativ holatini yaxshilash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori nafaqat suvchilar, yoki dehqonu fermerlar, balki butun Orolbo‘yi xalqining taqdiriga daxldor bo‘lgan, aholining turmush farovonligini yaxshilashga qaratilgan muhim hujjat bo‘lganligi alohida e'tirof etildi.
Ochiq muloqot tarzida o‘tkazilgan matbuot anjumanida jurnalist va blogerlar tomonidan berilgan savollarga vazirlikning mas'ul xodimlaridan tashqari tadbirga taklif qilingan olimlar, o‘tgan yili suv tejovchi texnologiyalarni joriy etib, yuqori natijalarga erishgan fermerlar ham javob berib, ilmiy asoslar va tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.
- O‘tgan yili 30 gektar maydonga tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy qildik, - deydi Qanliko‘l tumanidagi “Sardor sarialtin” fermer xo‘jaligi rahbari Shukurulla Sa'dullaev. – Matbuot anjumanida o‘z tajribamdan kelib chiqib, suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish kelgusida yuqori hosil olib, faoliyatimni rivojlantiraman degan fermerlar uchun bugungi kun talabi ekanligini ishtirokchilarga tushuntirishga harakat qildim.
G‘ayrat Otajonov,
Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Suv xo‘jaligi vazirligi matbuot kotibi
Manba: O‘zbekiston Respublikasi suv хo‘jаligi vаzirligi