O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Ichki ishlar vaziri Po'lat Bobojonov Dubay politsiyasi faoliyati bilan tanishdi
2021-02-24 | Xavfsizlik sohasi
Ayni vaqtda amaliy tashrif bilan Birlashgan Arab Amirliklarida bo'lib turgan O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri Po'lat Bobojonov bugun tashrif dasturi doirasida Dubay shahri politsiyasi rahbari, general-mayor Abdulloh Xalifa Al-Marri bilan uchrashdi.
Uchrashuvda jamoat xavfsizligini ta'minlash va jinoyatchilikka qarshi kurash sohasida ikki tomonlama hamkorlik o'rnatish hamda o'zaro tajriba almashish kabi masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Do'stona va konstruktiv ruhda o'tgan uchrashuvdan so'ng, Dubay shahri politsiyasi tizimi faoliyati bilan tanishuv amalga oshirildi.
Jumladan, Dubay politsiya tizimida huquqni muhofaza qilish sohasi, jinoyatchilikka qarshi kurashish, jamoat xavfsizligini ta'minlash hamda har xil turdagi huquqbuzarliklarni oldini olish borasida eng zamonaviy axborot texnologiyalar va dasturiy ta'minotlardan tashkil topgan elektron politsiya, Xavfsiz va Aqlli shahar tizimlarlari, kuch va vositalarni boshqaruv markazi, kiberjinoyatlarga qarshi kurash markazi hamda Dubay shahridagi turistik ob'ektlar va tashrif buyuruvchi sayyohlar xavfsizligini ta'minlash maqsadida Dubay shahrida barpo etilgan “Aqlli politsiya maskani-Smart police station” faoliyatlari bilan tanishildi.
Tashrif tafsilotlari yuzasidan qo'shimcha axborot berib boriladi.
Manba: O‘zbеkiston Rеspublikаsi Ichki ishlаr vаzirligi