Joriy yilning 23-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov “Indorama” (Singapur) kompaniyasi direktori Prakash Kejrival bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida Qo‘qon shahrida yigiruv ishlab chiqarishini, Qashqadaryo, Sirdaryo va Farg‘ona viloyatlarida umumiy maydoni 100 ming gektarga yaqin paxta-to‘qimachilik klasterlarini tashkil etish loyihasini hamda Qo‘qon superfosfat zavodini modernizasiya qilish loyihasini nazarda tutgan holda, singapurlik investorning O‘zbekistondagi loyihalari amalga oshirilishi muhokama qilindi. Jumladan, joriy yilda xo‘jaliklar bilan o‘zaro hamkorlik qilish, ishlab chiqarish ob'ektlarini muhandislik kommunikasiyalariga ulash va dala ishlarini olib borish bilan bog‘liq masalalar ko‘rib chiqildi.
Xorijiy investor Qashqadaryo viloyati Kasbi tumanida logistika markazi va mashina-traktor parkini qurish orqali yangi tashkil etilayotgan ishlab chiqarish ob'ektlarining texnik bazasini kengaytirish hamda Sirdaryo viloyati Sardoba tumanida paxtani qayta ishlash bo‘yicha yangi korxona tashkil etish yuzasidan rejalarini bildirdi. Tomonlar ushbu tashabbuslarni amalga oshirish doirasida o‘zaro hamkorlik qilish yo‘llarini muhokama etdilar, shuningdek, mavjud amaliy masalalarni hal etishning aniq algoritmlarini ishlab chiqdilar.
Uchrashuv yakunida singapurlik investor tarafidan Respublikada amalga oshirilayotgan loyiha va tashabbuslarni O‘zbekiston tomoni to‘liq qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanligiga ishontirildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi