Qoraqalpog‘istonda “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar muammolari ijobiy hal etilmoqda
Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tumanidagi 1-sonli kasb-hunar maktabida “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar ishtirokida tadbir tashkil etildi.
Unda interaktiv metodlardan samarali foydalanilgan holda malakali psixologlar tomonidan ayollarga zarur tavsiya va maslahatlar berildi.
Ma'lumot o‘rnida aytish lozimki, To‘rtko‘l tumanida “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularga tibbiy va huquqiy maslahatlar berish va bandligini ta'minlash bo‘yicha bir qancha amaliy ishlar olib borilmoqda.
Jumladan, bugungi kunga kelib, tumanda “Ayollar daftari”dagi ijtimoiy himoyaga muhtoj ishsiz xotin-qizlarning 15 nafari doimiy ishga joylashtirildi. Kasbga o‘qish istagini bildirgan 33 nafar ayol mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasb-hunarlarga o‘qitildi.
Shuningdek, boquvchisini yo‘qotgan, ehtiyojmand ayollarning 6 nafari, I guruh nogironligi bo‘lgan xotin-qizlarning 3 nafari, 1 va undan ortiq nogiron farzand tarbiyalayotgan ayollarning 2 nafariga moddiy yordam ko‘rsatildi. Tibbiy himoyaga muhtoj 68 nafar ayol chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, 48 nafar xotin-qizga huquqiy maslahatlar berildi hamda 27 nafariga psixologik yordam ko‘rsatildi.
Bundan tashqari, ishsiz xotin-qizlarning bandligini ta'minlash maqsadida Xo‘jayli tumani Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi tomonidan “Jon Qong‘irot” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida kasb-hunarga o‘qitish markazi tashkil etildi. Hozirgacha ushbu markazda 14 nafar ishsiz ayollar tikuvchilik hunari bo‘yicha o‘quv kurslarini tamomlab, sertifikatlarga ega bo‘ldi.