O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Aziz Abduhakimov O‘zbekiston gidlarini Butunjahon gidlar kuni bilan tabrikladi
2021-02-23 | Turizm
21 fevral – Butunjahon gidlar kuni munosabati bilan poytaxtdagi “Marriott” mehmonxonasida bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekistonning eng faol gid va ekskursiya yetakchilari to‘plangan tantanali tadbirni Bosh vazir o‘rinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov ochib berdi. Aziz Abduhakimov O‘zbekistonning barcha gid va ekskursiya yetakchilari hamda yo‘l boshlovchilarini kasb bayrami bilan qutlab, ularning kasbi turizm sohasi rivojida naqadar muhim rol o‘ynashini yuksak eʼtirof etdi: “Sayohatga gid bilan chiqish va gidsiz chiqish o‘rtasida farq katta, gid bilan chiqsangiz, o‘sha turistik maskan yo obidani o‘zingiz uchun umuman boshqacha kashf qilasiz.
Shu bois biror mamlakat yo hudud haqida tasavvur hosil qilishda gidlarimiz va ekskursiya yetakchilarimizning tutgan o‘rni juda katta. Har bir mamlakat hamda uning hududlaridagi o‘ziga xos urf-odat va anʼanalarni, obidalar va milliy taomlar tarixini faqat gidlarimiz tushuntirib bera oladi”. Shu o‘rinda Bosh vazir o‘rinbosari gidlarga sayyohlar bilan ishlash davomida qaysi joyda qanday kamchilik borligini ko‘rsatib turish maqsadga muvofiq bo‘lishini taʼkidladi.
Kelgusi avlod vakillarini gid va ekskursiya yetakchiligiga munosib tayyorlash maqsadida ayni vaqtda pandemiya sabab vaqtincha ishsiz bo‘lgan gidlar Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tasarrufidagi texnikum va kollejlar, shuningdek “Ipak yo‘li” xalqaro turizm universitetiga yoshlarga saboq berishga taklif qilindi, hududlardagi turizm kollejlarida ularga zarur sharoit yaratib berilishi qo‘shimcha qilindi.
Maʼlumot uchun: Hozirgi kunda 15 nafar gid Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tasarrufidagi taʼlim dargohlarida – Samarqand turizm va servis texnikumi, Buxoro turizm texnikumi, Xiva turizm va servis texnikumi, Marg‘ilon turizm va servis kolleji, Bo‘stonliq turizm va servis kolleji, Toshkent turizm va servis kollejida pedagog sifatida faoliyat yuritmoqda. Bundan tashqari, tajribali gidlarga o‘zlarining Gid maktablarini tashkil qilish taklif etildi. Shundan so‘ng gidlar va ekskursiya yetakchilariga so‘zga chiqib, O‘zbekistonda turizm sohasiga ko‘rsatilayotgan eʼtibor hamda imtiyozlar uchun o‘z minnatdorchiliklarini bildirishdi. Soha rivoji yo‘lida xizmat qiluvchi taklif va mulohazalari bilan o‘rtoqlashishdi. Tadbir doirasida faxriy gidlar hamda koronavirus pandemiyasi sabab og‘ir ahvolda qolgan gid va ekskursiya yetakchilarga 2 million so‘mlik sertifikatlar topshirildi. Shu bilan birga, turli viktorinalar o‘tkazilib, g‘oliblarga Xalqro islom akademiyasining ziyorat turizm bo‘yicha malaka oshirish kurslariga sertifikatlar hamda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining bayram sovg‘alari berildi.
Taʼkidlash joizki, o‘tgan yilning 21-fevral kuni ham Aziz Abduhakimov mamlakatimizning faol gidlari hamda yosh ekskursiya yetakchilari bilan uchrashib, ularni bayram bilan qutlagan edi. Maʼlumot uchun: Har yili 21-fevral kuni dunyoning ko‘plab mamlakatlarida Xalqaro gidlar kuni (International Tourist Guide Day) nishonlanadi. Ushbu bayram Jahon gidlar uyushmalari federatsiyasi (WFTGA) tomonidan taʼsis etilgan. WFTGA‘ga 1985-yil Birinchi xalqaro gidlar konvensiyasi doirasida asos solingan bo‘lib, bugunga kunda dunyoning 70 dan ortiq mamlakatidan 2 milliondan ziyod kishi uning aʼzosi hisoblanadi. Xalqaro gidlar kuni bayrami 1990 yildan buyon nishonlanib kelinadi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi