O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Xalq taʼlimi vaziri Namangandagi “qizil” toifadagi maktablar holatini oʻrgandi
2021-02-21 | Ta’lim
Xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov Namangandagi “qizil” toifadagi umumtaʼlim maktablarini koʻzdan kechirdi.
Namangan shahridagi 62-umumtaʼlim maktabi 1996-yilda bunyod etilgan boʻlib, ayni paytda maskanda 1345 nafar oʻquvchi tahsil oladi.
Xalq taʼlimi vaziri maskandagi kutubxona va kompyuter sinflarini koʻzdan kechirdi, faoliyat boʻyicha takliflarini berdi. 62-, 63- maktablarda tahsil olayotgan oʻquvchilar soni taʼlim muassasalari quvvatiga nisbatan ikki koeffitsiyentdan yuqori boʻlganligi sababli “Istiqbol” hamda “Kelajak tongi” MFY hududlarida 540 oʻrinli yangi maktablar qurilishi boʻyicha davlat investitsiya dasuriga kiritish zarurligini taʼkidladi.
Navbatdagi manzil Namangan shahridagi 32-umumtaʼlim maktabi boʻldi. Taʼlim dargohi 1992-yilda qurilgan. Mazkur maktab 1269 oʻringa moʻljallangan boʻlib, ayni paytda 699 nafar oʻgʻil-qiz tahsil olmoqda.
Vazir maktabda oʻqituvchilarning bilim berishi uchun yetarli shart-sharoitlar yaratilgan boʻlishiga qaramay, muassasa quvvatiga nisbatan kam quvvatligini qayd etdi va maktab maʼmuriyatiga taʼlim maskanining koeffitsiyentini koʻtarish boʻyicha koʻrsatma berdi. Shuningdek, Sherzod Shermatov muassasa chekka hududda boʻlishiga qaramay, kompyuter sinflaridagi 76 Mb/s tezlikdagi internetning faol ishlashini alohida eʼtirof etib, informatika xonasidan unumli foydalanish, bolalarni dasturlashga qiziqtirish, marketing tizimini yoʻlga qoʻyish boʻyicha tavsiyalar berdi.
Vazir 11-sinf oʻquvchilari bilan suhbatda ularning istiqboldagi maqsadlari, tanlagan oliy taʼlim muassasalari bilan qiziqdi va oʻzining ushbu yoʻnalishdagi tavsiyalarini berdi. 2019-2020-yilda muassasani 54 nafar oʻquvchi bitirib, ulardan faqatgina 2 nafari oliy taʼlim maskaniga oʻqishga kirgani tanqidiy baholandi. Bitiruvchilarni OTMlarga yoʻnaltirish, taʼlim sifat-samaradorligini oshirish, bu borada aniq mexanizm ishlab, kadrlar tarkibini qayta koʻrib chiqish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Namangan viloyati xalq taʼlimi boshqarmasi
Axborot xizmati
Manba: «Yangi O"zbekiston»