O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
YUNЕSKOda o‘zbek tili va O‘zbekistondagi tillar turfa xilligi taqdimoti bo‘lib o‘tdi
2021-02-21 | Madaniyat
O‘zbekiston Respublikasining YUNЕSKO huzuridagi Doimiy vakolatxonasi 19-fevral - Xalqaro ona tili kunini nishonlashga bag‘ishlab virtual tarzda o‘tkazilgan yuqori martabali “davra suhbati”da ishtirok etdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirning ochilish marosimida YUNЕSKO Bosh direktori Odri Azule, uning o‘rinbosarlari Stefaniya Jannini, Firmin Matoko va Ernesto Ottone hamda O‘zbekiston va Bangladeshning tashkilotdagi doimiy vakillari qatnashdi. Ta’kidlash kerakki, bu yilgi yuqori martabali tadbirga Tashkilotga a’zo-davlatlar orasidan faqat O‘zbekiston va Bangladesh taklif qilindi.
Xalqaro ona tili kuniga YUNЕSKOning 1999-yilda bo‘lib o‘tgan bosh anjumanida asos solingan bo‘lib, ushbu kun 2000-yildan buyon har yili 21-fevral kuni keng nishonlanadi. Tashkilot doirasida bo‘ladigan tadbirlar (seminar, festival, madaniy anjuman va boshqalar) Bangladesh tashabbusi bilan boshqa davlatlar ishtirokida o‘tkaziladi. Joriy yildagi tadbirlarda O‘zbekiston Respublikasi rasman hammuallif sifatida ishtirok etmoqda.
Bu yil ushbu xalqaro sana munosabati bilan tashkil etilayotgan tadbirlar “Ta’lim va jamiyat keng qamrovligini ta’minlash uchun ko‘p tillilikni rivojlantirish” mavzusi ostida o‘tkazilmoqda. “Davra suhbati”da ona tili va lingvistik turfa xillikni rivojlantirishni qo‘llab-quvavatlash, keng targ‘ib qilish hamda ularni davlatlar, mintaqalar va global miqyosda ilgari surishning ilmiy-amaliy, siyosiy-ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy va boshqa jihatlari, bu yo‘nalishdagi mavjud muammolar va imkoniyatlar atroflicha muhokama qilindi.
YUNЕSKO Bosh direktori O.Azule insonlarning o‘zini, hissiyotlari va fikrlarini ifoda etish hamda jamiyat bilan bog‘lash vositasi bo‘lgan dunyoda mavjud 7 mingdan ortiq tilni “favqulodda boy meros”, deb ta’rifladi. Lekin, uning fikricha, ushbu boylik turli omillar, jumladan axborot-kommunikatsiya tizimlarining mutanosib joriy etilmaganligi, tillarning kelajak avlodlarga qoldirish uchun yetarli ishlar olib borilmayotganligi tufayli tobora xavf ostida qolmoqda. Bosh direktorga ko‘ra, “lingvistik turfa xillikning yemirilishini oldini olish uchun eng yaxshi yo‘l - bu tillarning jamiyatda, jumladan, maktablarda yashashidir”.
Bosh direktor maktablarda ko‘p tillikni rag‘batlantirishga qaratilgan choralarni qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, linvistik turfa xillik jamiyatdagi ko‘pgina sohalardagi tengsizlikka qarshi kurash uchun muhim vositadir. O.Azule YUNЕSKO o‘tgan yil ishga tushirgan va uning doirasida 60 mingdan ziyod kitob turli tillarga tarjima qilingan “Hikoyani tarjima qil” tashabbusi ishtirokchilari sha’niga iliq fikrlar bildirdi.
YUNЕSKO Bosh direktorining ta’lim masalalari bo‘yicha o‘rinbosari S.Jannini Tashkilotning “Hikoyani tarjima qil” xalqaro kampaniyasida O‘zbekistonning faol ishtirok etayotganiga alohida to‘xtalib o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 2020-yil dekabr oyida O‘zbekistonda rasman ishga tushirilgan ushbu tashabbus mamlakatda kitoblarni turli tillarga tarjima qilish va pandemiya davrida yoshlar orasida uyda kitob o‘qishni targ‘ib qilish va rag‘batlantirishga qaratilgan o‘ta muvaffaqiyatli qo‘shma loyiha hisoblanadi.
O‘zbekiston Doimiy vakolatxonasi rahbari tadbir qatnashchilariga mamlakatimiz sivilizatsiyalar chorrahasida joylashgani, unda turli millat va elat vakillari tinch-totuv birgalikda yashab kelayotgani hamda bugungi kunda olib borilayotgan barcha tillarni rag‘batlantirish chora-tadbirlari haqida atroflicha ma’lumot berdi. Davlatimizda bo‘layotgan siyosiy-ijtimoiy va iqtisodiy jarayonlar misolida ko‘pmillatlilik va ko‘ptillilikni qo‘llab-quvvatlash nafaqat ta’lim va ilm-fan balki davlat va mintaqada o‘zaro hamjihatlik va bag‘rikenglikni mustahkamlash, iqtisodiy va ijtimoiy o‘sishga zamin yaratadigan muhim omil sifatida tavsiflandi.
Alohida e’tibor ulug‘ o‘zbek shoirlari va mutafakkirlari Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Boburning tug‘ilgan kunlarini nishonlash munosabati bilan fevral oyida O‘zbekiston va boshqa xorijiy davlatlarda o‘tkazilayotgan keng qamrovli madaniy-ma’rifiy tadbirlarga qaratildi. O‘zbek adabiyotining buyuk namoyondalari hisoblangan ushbu adiblarning o‘lmas asarlari ham uzoq yillar davomida madaniy turfaxillik va ko‘ptillilikni targ‘ib etib kelayotganligiga to‘xtalib o‘tildi.
Ishtirokchilarga joriy yil Xivada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan o‘tkaziladigan “Markaziy Osiyo jahon sivilizatsiyalari chorrahasida” xalqaro madaniy forumi to‘g‘risida xabar berildi. Ushbu tadbir ham madaniy va lingvistik turfaxillikni rag‘batlantirishga hamda bu borada Markaziy Osiyo davlatlari qo‘shib kelayotgan ulkan hissani o‘rganish, targ‘ib va tashviq qilish uchun navbatdagi muhim tadbir ekanligi ta’kidlab o‘tildi.
“Davra suhbati”dan so‘ng turli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar vakillari, tilshunoslar va mutaxassislar ishtirokida ilmiy-amaliy vebinar tashkil etildi. Tadbirda, jumladan, ona tili va boshqa tillarni bolalarning ta’lim olishi, shaxs sifatida shakllanishi, har bir inson, oila va jamiyatda o‘zlikni anglash, o‘zaro hurmat va tolerantlikni mustahkamlash, tengsizlikni kamaytirish va inson huquqlarini ta’minlash kabi ijtimoiy jarayonlardagi muhim roli, pandemiya cheklovlari davrida davlatlar va jahon hamjamiyatining aholining barcha qatlamlari uchun uzluksiz ta’limni ta’minlashda ko‘ptillilik va imo-ishora tilini o‘rni va afzalliklari, turli tillarni o‘rganish, madaniy va lingvistik turfaxillikni targ‘ib qilishda yangi axborot-kommunikatsion texnologiya va platformalarni joriy etishning ahamiyati haqidagi masalalarga alohida e’tibor qaratildi.
Bugun Bangladesh taklifi bilan 30 ga yaqin davlat, jumladan, O‘zbekiston hammuallifligida Xalqaro ona tili kuni munosabati bilan virtual tillar ko‘rgazmasi va madaniy tomoshalar o‘tkazish rejalashtirilgan. Ushbu tadbirlar davomida jonli efirda ishtirokchi davlatlar tomonidan tayyorlangan turfaxillik, ko‘ptillilik va ko‘pmillatlilikni targ‘ib qiladigan axborot-targ‘ibot va videomateriallar namoyishi uyushtiriladi. O‘zbekiston tillar ko‘rgazmasida Alisher Navoiyning “Ne lutf ediki” g‘azalini va Erkin Vohidovning “Inson” qasidasidan parcha, madaniy tomoshalarda esa turli millat va elat vakillari tomonidan O‘zbekistonga bag‘ishlanga “Ehtirom” she’ri va Erkin Vohidovning “Inson” qasidasi asosida yaratilgan qo‘shiq videoroligi bilan qatnashadi. Barcha foto va videomateriallar maxsus onlayn portalda joylashtiriladi.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi