“Yallama” chegara bojxona postida “Port nazorat guruhi”ning rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi
Joriy yilning 19-fevral kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti giyohvandlik vositalar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi (BMT boshqarmasi) hamda Jahon bojxona tashkilotining “Konteynerlar tashuvini nazorat qilish” global dasturi doirasida “Yallama” chegara bojxona postida “Port nazorat guruhi”ning rasmiy ochilish marosimi o‘tkazildi.
Tadbirda BMT boshqarmasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakili Ashita Mittal boshchiligidagi boshqarma vakillari, Davlat bojxona qo‘mitasi Raisi o‘rinbosari B. Rahimov ishtirok etdilar.
Shuningdek,ochilish marosimida “Konteynerlar tashuvini nazorat qilish” global dasturining donor tashkilotlari vakillari ham videokonferensaloqa shaklida ishtirok etdilar.
Bugundan e'tiboran mazkur chegara bojxona postida “Port nazorat guruhi” faoliyati rasman ishga tushirildi.
Tadbirda “Konteynerlar tashuvini nazorat qilish” dasturi istiqbolidan kelib chiqib, Davlat bojxona qo‘mitasi va BMT boshqarmasi tomonidan hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari yuzasidan o‘zaro kelishib olindi.
Ta'kidlash joizki, “Konteynerlar tashuvini nazorat qilish” global dasturi doirasida Davlat bojxona qo‘mitasi BMT boshqarmasi bilan 2014-yildan buyon faol hamkorlik qilib kelmoqda.
Dastur maqsadi - ishtirokchi mamlakatlarga konteynerda yuk tashish vositalarining giyohvand moddalar savdosi, transmilliy uyushgan jinoyatchilik va boshqa noqonuniy faoliyat uchun ishlatilishining oldini olish uchun dengiz portlari va quruqlikdagi portlarda huquqni muhofaza qilishning barqaror mexanizmlarini ishlab chiqishda yordam berish.
“Konteynerlar tashuvini nazorat qilish” dasturi mamlakatlar uchun dengiz portlari va quruqlik portlarida huquqni muhofaza qilish organlarini muvofiqlashtirish va boshqarish bo‘yicha samarali yechimni taklif etadi.
Ushbu dastur doirasida O‘zbekistonning “Chuqursoy texnik idora”, “Yallama” va “Olot” chegara bojxona postlari “Port nazorati guruhlari” vakillari uchun BMT boshqarmasi tomonidan trening va o‘quv-kurslari o‘tkazilib kelinmoqda. Mashg‘ulotlar davomida xodimlar integratsiyalashgan yondashuv yordamida yuqori xavfli konteynerlarni aniqlashni o‘rganishmoqda.
Mazkur global dastur doirasidagi faol hamkorlik va o‘zaro yordam bojxona xodimlari uchun chegara o‘tkazish punktlarida transport vositalariva tovarlar harakatini sifatli va samarali nazorat qilishga, shu bilan birga, xodimlarning bilim va salohiyatini oshirishga o‘z hissasini qo‘shmoqda.
BMT boshqarmasi tomonidan “Yallama” chegara bojxona postidagi “Port nazorat guruhi” uchun alohida xona to‘liq jihozlanib, komp'yuter, mebel' va konteynerlar harakatini nazorat qilishga asoslangan maxsus kuzatuv uskunalari bilan ta'minlandi.
Tadbir davomida Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi boshlig‘i O. Choriyev “Yallama” bojxona postidagi barcha texnik vositalarning ishlash tizimi va ularning salohiyatlari to‘g‘risida BMT boshqarmasi vakillarini tanishtirdi.
Jumladan, BMT boshqarmasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakili A. Mittal transport vositalarining kunlik harakatlanish imkoniyatlari va ularning soddalashtirilgan bojxona proseduralaridan o‘tishi, eksport va import yo‘laklaridagi qulayliklar bilan yaqindan tanishib, ularni yuqori baholadi.
Manba: O‘zbеkistоn Rеspublikаsi Dаvlаt bоjхоnа qo‘mitаsi