O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
TIV rahbari o‘rinbosari: Keyingi vaqtlarda O‘zbekistonga xorijdan qaytib kelgan 150 dan ortiq vatandosh rahbar hamda masʼul lavozimlarda faoliyat yuritmoqda
2021-02-19 | Siyosat
O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Furqat Sidiqov bugun Milliy matbuot markazida bo‘lib o‘tgan brifingda so‘zlagan nutqida vatandoshlar bilan ishlash masalasiga alohida eʼtibor qaratdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Tashqi siyosiy faoliyati konsepsiyasida xorijda istiqomat qiladigan vatandoshlarimiz manfaatlarini himoya qilish, ularni qo‘llab quvvatlash, O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga va uning xorijiy mamlakatlar bilan o‘zaro manfaatli, do‘stona munosabatlarini qurishga o‘z hissasini qo‘shmoqchi bo‘lgan vatandoshlarga imkoniyatlar yaratish masalalariga alohida to‘xtab o‘tilgan, - deb taʼkidladi Furqat Sidiqov. – Keyingi yillarda ko‘plab vatandoshlarimiz yurtimizga qaytib, turli sohalar rivojiga o‘z hissasini qo‘shishmoqda. Hozirda ularning 150 nafardan ortig‘i rahbar hamda masʼul lavozimlarda faoliyat yuritmoqda.
Bundan tashqari, xorijdagi vatandoshlar orasidan salohiyatli investorlar, malakali mutaxassislar, xalqaro tashkilotlar vakillari, olim hamda iqtidorli talabalardan iborat 30 dan ziyod xorij davlatda istiqomat qilayotgan 480 dan ortiq vatandosh ro‘yxati shakllantirildi”.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi