Budapeshtda iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston – Vengriya hukumatlararo komissiyasining 6-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
Joriy yilning 17-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi hukumati delegatsiyasining Vengriyaga tashrifi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov va Vengriya tashqi ishlar va tashqi iqtisodiy aloqalar vaziri Peter Siyyarto raisligida iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston – Vengriya hukumatlararo komissiyasi (HK)ning 6-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda ikki mamlakatning asosiy vazirliklari, idoralari, tarmoq birlashmalari shuningdek, ayrim hududlari ma'muriyati vakillari ishtirok etdi.
Yig‘ilish davomida investitsiyaviy, sanoat, savdo-iqtisodiy, bank-moliya va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik hamda hududlararo sheriklik masalalari ko‘rib chiqildi.
Pandemiyaning jahon iqtisodiyotiga salbiy ta'siriga qaramay, O‘zbekiston va Vengriya munosabatlarni faollashtirishga va o‘zaro manfaatli hamkorlikning yuqori darajasini saqlab qolishga muvaffaq bo‘lgani qayd etildi. Xususan, 2020-yilda O‘zbekiston – Vengriya savdo aylanmasi hajmi 2019 yildagiga nisbatan 50 foizdan oshdi. Shu nuqtai nazardan, HKning roli qo‘shma loyihalar va tashabbuslarni ilgari surishning samarali mexanizmi sifatida ta'kidlandi. Shundan kelib chiqib, yig‘ilish doirasida tomonlar o‘zaro savdo ko‘rsatkichlarini sezilarli darajada oshirish hamda qishloq xo‘jaligi, chorvachilik, kimyo, farmasevtika va oziq-ovqat sanoati, qurilish materiallari sanoati kabi sohalarda sanoat kooperatsiyasining qo‘shma loyihalarini ishlab chiqishni faollashtirish bo‘yicha amaliy tadbirlarni hayotga joriy etish to‘g‘risida kelishuvga erishdilar.
Tomonlar O‘zbekiston – Vengriya ishbilarmonlar Kengashi - iqtisodiy sheriklikni chuqurlashtirish uchun yangi platformanining ishga tushirilishini olqishladi. Uning asosiy vazifasi ikki mamlakat ishbilarmonlari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish va O‘zbekiston hamda Vengriya tadbirkorlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni o‘rnatishdan iborat bo‘ladi.
Vengriyadagi moliya tashkilotlarining O‘zbekiston bank tizimini xususiylashtirishdagi ishtirokini nazarda tutgan holda, Bank-moliya sohasida erishilgan muvaffaqiyat yuqori baholandi. Ushbu tashabbus doirasida, shuningdek, savdo va eksportoldi moliyalashtirish, xavflarni boshqarish hamda bank talablariga rioya qilishni ta'minlash kabi yo‘nalishlarda O‘zbekiston banklari xodimlarining malakasini oshirish uchun seminarlar va mahorat darslari tashkil etiladi.
Tadbir davomida qator ikki tomonlama hujjatlar imzolandi. Hususan, ikki mamlakat Savdo-sanoat palatalari o‘rtasida O‘zbekiston – Vengriya Ishbilarmonlik kengashini tuzish to‘g‘risida bitim, Toshkent va Peshten viloyatlari o‘rtasida birodarlik aloqalarini o‘rnatish to‘g‘risida Memorandum, O‘zbekiston Respublikasi Innovasion rivojlanish vazirligi va Vengriya «ArchEnerg International Cluster» sanoat klasteri o‘rtasida muqobil energiya va infratuzilmani rivojlantirish sohalarida tajriba almashish va o‘zaro manfaatli axborot bilan ta'minlash bo‘yicha hamkorlik qilish to‘g‘risida Memorandum va alohida sohalarda boshqa bitimlar imzolandi.
Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha tomonlar tadbir davomida erishilgan asosiy kelishuvlar va ikki davlat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada chuqurlashtirishning muhim yo‘nalishlarini aks ettiruvchi yakuniy bayonnomani imzoladilar.
Tadbir yakunida ikki mamlakat delegasiyalari rahbarlari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha kun tartibida ko‘rib chiqilgan eng muhim jihatlar haqida so‘z bordi hamda tomonlarning erishilgan barcha kelishuvlarni o‘z vaqtida va to‘liq amalga oshirishga sodiqligi bildirildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi