O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Sun’iy intellekt texnologiyalarini jadal joriy etish uchun shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida
2021-02-18 | Hujjatlar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
“Raqamli O‘zbekiston – 2030” Strategiyasiga muvofiq hamda sun’iy intellekt texnologiyalarini jadal joriy etish va ularni mamlakatimizda keng qo‘llash, raqamli ma’lumotlardan foydalanish imkoniyatini va ularning yuqori sifatini ta’minlash, ushbu sohada malakali kadrlar tayyorlash uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida:
1. Quyidagilar tasdiqlansin:
a) quyidagi asosiy ustuvor yo‘nalishlarni nazarda tutuvchi 2021-2022 yillarda sun’iy intellekt texnologiyalarini o‘rganish va joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi (keyingi o‘rinlarda – Dastur) 1-ilovaga muvofiq:
sun’iy intellektni qo‘llashning asosiy yo‘nalishlari va tamoyillarini, shuningdek, yaqin va uzoq istiqbolda ushbu sohani kompleks shakllantirish uchun shart-sharoitlarni belgilovchi Sun’iy intellektni rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish;
iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada, davlat boshqaruvi tizimida sun’iy intellekt texnologiyalarini ishlab chiqish va ulardan foydalanishda yagona talablar, javobgarlik, xavfsizlik va shaffoflikni belgilovchi normativ-huquqiy bazani ishlab chiqish;
aholi manfaatlari yo‘lida davlat xizmatlari ko‘rsatish sifatini yaxshilash, shuningdek, ma’lumotlarni qayta ishlashda davlat organlarining samaradorligini oshirish uchun sun’iy intellekt texnologiyalaridan keng foydalanish;
foydali texnologik yechimlarni ishlab chiqish bo‘yicha fundamental va amaliy ilmiy tadqiqotlarni o‘tkazish va ularni keyinchalik tijoratlashtirishni rag‘batlantiruvchi sun’iy intellekt sohasida innovatsion ishlanmalarning mahalliy ekotizimini yaratish;
sun’iy intellekt texnologiyalarini qo‘llovchi dasturiy ta’minot ishlab chiquvchilariga raqamli ma’lumotlardan foydalanish uchun sharoit yaratish, shuningdek, davlat organlari va tashkilotlarining tegishli ma’lumotlarini tezkor raqamlashtirishni ta’minlash;
sun’iy intellekt sohasidagi ilmiy ishlar va ishlanmalarning investitsion jozibadorligini shakllantirish, shu jumladan, tovarlarning (ish va xizmatlarning) ichki va tashqi bozorlarda raqobatbardoshligini oshirish;
mahalliy korxonalar va mutaxassislarning sun’iy intellekt sohasidagi axborot resurslari va bilimlardan foydalanish imkoniyatini ta’minlash, shuningdek, zarur ta’lim muhitini rivojlantirish;
qo‘shma xalqaro tadqiqot faoliyatini amalga oshirish, kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish, respublikamizning nufuzli reytinglar va indekslarda pozitsiyasini yaxshilash maqsadida sun’iy intellekt va uni qo‘llash texnologiyalari sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish;
b) quyidagi ustuvor tarmoqlar va sohalarda, shu jumladan, Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki rezidentlarini jalb qilgan holda Sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha 2021-2022 yillarda amalga oshiriladigan tajriba-sinov loyihalar ro‘yxati 2-ilovaga muvofiq:
qishloq xo‘jaligi sohasida: yerni masofadan zondlash ma’lumotlari asosida tuproq va qishloq xo‘jaligi ekinlari holatini, shuningdek, qishloq xo‘jaligi texnikasi, shu jumladan, kombaynlar ishini monitoring qilish jarayonida sun’iy intellekt texnologiyalarini qo‘llash – Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, “O‘zbekkosmos” agentligi (J.Xodjayev, Q.Yuldashev, Sh.Qodirov);
bank sohasida: tijorat banklari faoliyatini monitoring qilish samaradorligini oshirish va ular tomonidan tartibga solish talablari (SubTech va RegTech) bajarilishini soddalashtirish, shuningdek, bank xizmatlari ko‘rsatish sifatini tahlil qilish, foydalanuvchilarni masofadan biometrik identifikatsiyalash (Face-ID) va kredit tavakkalchiliklarini baholash uchun sun’iy intellekt texnologiyalarini qo‘llash – Markaziy bank, “O‘zbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki” AJ, AT “Aloqabank” (M.Nurmuratov, A.Mirsoatov, K.Irisbekova);
moliya sohasida: byudjet xarajatlari, pensiya, ijtimoiy va sug‘urta to‘lovlari, shuningdek, nafaqa to‘lovlarini tahlil qilish
va samaradorligini oshirish uchun sun’iy intellekt texnologiyalarini qo‘llash – Moliya vazirligi (T.Ishmetov);
soliq sohasida: yuridik shaxslarning soliq tushumlarini tahlil qilish, soliq to‘lovlaridagi tafovutlarni aniqlashda sun’iy intellekt texnologiyalarini qo‘llash – Davlat soliq qo‘mitasi, Moliya vazirligi (Sh.Kudbiyev, D.Sultonov);
transport sohasida: lokomotivlarni boshqarish jarayonida ularning harakatini kuzatib borish va xavfli vaziyatlarda mashinistlarni ogohlantirishda, jamoat transporti harakatini tahlil qilish va ularning optimal yo‘nalishlarini aniqlashda, shuningdek, avtomobil harakatini va transportdagi tirbandliklarni monitoring qilishda sun’iy intellekt texnologiyalarini qo‘llash – Transport vazirligi, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ, “Toshshahartransxizmat” AJ, Ichki ishlar vazirligi (I.Mahkamov, X.Xasilov, A.Jo‘rayev, A.Ikramov);
energetika sohasida: energiya resurslarini ishlab chiqarish va ularning iste’molini prognoz qilishda, texnologik uskunalar ishini optimallashtirishda sun’iy intellekt texnologiyalarini qo‘llash – Energetika vazirligi, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ (A.Sultanov, U.Mustafoyev);
sog‘liqni saqlash sohasida: inson o‘pkasining kompyuter tomografiyasi tahlili asosida pnevmoniyani aniqlash hamda mammografiya tahlili asosida ko‘krak bezi saratoniga ilk bosqichda tashxis qo‘yish uchun sun’iy intellekt texnologiyalarini qo‘llash – Sog‘liqni saqlash vazirligi (A.Xadjibayev, A.Azizov);
farmatsevtika sohasida: bozorning dori vositalari va tibbiy buyumlariga bo‘lgan ehtiyojlarini tahlil qilish va prognozlashtirishda sun’iy intellekt texnologiyalarini qo‘llash – Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi, “Dori-Darmon” AK, Sog‘liqni saqlash vazirligi (S.Kariyev, U.Salixbayeva, A.Azizov);
elektron hukumat sohasida: elektron davlat va moliya xizmatlarini ko‘rsatishda foydalanuvchilarni masofadan turib biometrik identifikatsiyalash (Face-ID) uchun sun’iy intellekt texnologiyalarini qo‘llash – Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh.Sadikov).
2. Quyidagilarga:
Innovatsion rivojlanish vazirligiga (I.Abduraxmonov) sun’iy intellekt sohasida ilmiy-texnik tadqiqotlar va innovatsion ishlanmalarni qo‘llab-quvvatlash;
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga (Sh.Sadikov) sun’iy intellekt asosidagi dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqish va joriy qilish uchun texnologik sharoitlarni yaratish;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 5-oktabrdagi PF-6079-son farmoni bilan tashkil qilingan “Raqamli O‘zbekiston – 2030” Strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha muvofiqlashtirish komissiyasiga (A.N.Aripov) (keyingi o‘rinlarda – Muvofiqlashtirish komissiyasi) Dasturni hamda sun’iy intellekt texnologiyalarini tatbiq etish va qo‘llash bilan bog‘liq boshqa tashabbuslarni kompleks muvofiqlashtirish yuzasidan javobgarlik yuklansin.
3. Muvofiqlashtirish komissiyasi (A.N.Aripov) yetakchi xorijiy mutaxassislar va kompaniyalarni jalb qilgan holda 2021-yil 1-dekabrga qadar yaqin va uzoq istiqbolga mo‘ljallangan Sun’iy intellektni rivojlantirish стрaтегиясиni tasdiqlash uchun kiritsin.
4. Belgilansinki:
sun’iy intellekt sohasida ilmiy tadqiqotlar va innovatsion ishlanmalarni moliyalashtirish Innovatsion rivojlanish va novatorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda – Jamg‘arma) mablag‘lari hisobidan ushbu maqsadlar uchun alohida ochiladigan hisob raqami orqali amalga oshiriladi;
sun’iy intellekt texnologiyalarini qo‘llovchi ilmiy tadqiqotlar va innovatsion ishlanmalarni maqsadli moliyalashtirish Jamg‘armaning mablag‘lari hisobidan Muvofiqlashtirish komissiyasi ishchi organining xulosasiga ko‘ra amalga oshiriladi;
Innovatsion rivojlanish vazirligi Muvofiqlashtirish komissiyasining xulosasiga ko‘ra, davlat ilmiy dasturlari bo‘yicha ilmiy loyihalarni moliyalashtirish uchun mo‘ljallangan Davlat byudjeti mablag‘lari doirasida Jamg‘armaga sun’iy intellekt sohasida ilmiy tadqiqot va innovatsion ishlanmalarni hamda ushbu sohani rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlarini moliyalashtirishga mablag‘larni yo‘naltirish huquqiga ega.
5. Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti huzuridagi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari ilmiy-innovatsion markazi hamda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston milliy universiteti huzuridagi Intellektual-dasturiy tizimlar ilmiy-amaliy markazi negizida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi huzuridagi Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti (keyingi o‘rinlarda – Institut) tashkil qilinsin.
Quyidagilar Institutning asosiy vazifalari etib belgilansin:
“Raqamli O‘zbekiston – 2030” Strategiyasini har tomonlama amalga oshirishga qaratilgan ilmiy tadqiqotlarni tashkil qilish hamda iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha va davlat boshqaruvi tizimida sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy qilish;
sun’iy intellekt sohasida fundamental va amaliy ilmiy tadqiqotlarni olib borish, raqamli texnologiyalarni rivojlantirishning ilmiy ekotizimini shakllantirish;
sun’iy intellekt texnologiyalari asosida boshqaruv va ishlab chiqarish jarayonlarini avtomatlashtirish bo‘yicha innovatsion mahsulotlarni hamda ularning modellari, algoritmlari va dasturiy ta’minotini ishlab chiqish;
sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish bo‘yicha yetakchi xorijiy innovatsion va ilmiy muassasalar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish.
6. Belgilansinki:
Institut yuridik shaxs maqomiga ega davlat ilmiy tashkiloti bo‘lib, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti huzuridagi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari ilmiy-innovatsion markazi hamda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston milliy universiteti huzuridagi Intellektual-dasturiy tizimlar ilmiy-amaliy markazining shartnomalari va majburiyatlari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi;
2021-yil 1-martdan boshlab Institutning joriy faoliyati, bino va inshootlardan foydalanish, xodimlar mehnatiga haq to‘lash (ilmiy xodimlardan tashqari) bo‘yicha xarajatlarni moliyalashtirish Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi;
Institut xodimlariga Fanlar akademiyasi tizimidagi ilmiy-tadqiqot muassasalarining tegishli lavozimlari uchun belgilangan mehnatga haq to‘lash miqdorlari va shartlari tatbiq etiladi;
Davlat byudjetining mazkur qaror doirasida Institut faoliyatini tashkil qilish bilan bog‘liq xarajatlari 2021 yilda birinchi darajali byudjet mablag‘larini taqsimlovchi sifatida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi uchun ajratilgan byudjet ajratmalari doirasida moliyalashtiriladi, 2022 yildan esa Davlat byudjetining xarajatlar parametrlarida belgilangan tartibda nazarda tutiladi.
7. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi markaziy apparati tuzilmasida 15 ta shtat birligidan iborat bo‘lgan Sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy qilish va rivojlantirish departamenti tuzilsin.
Belgilansinki:
departament xodimlari soni mazkur qarorning 5-bandiga muvofiq qayta tashkil qilinayotgan markazlarning shtat birliklari hisobidan shakllantiriladi;
departament ishini umumiy muvofiqlashtirish, uni malakali kadrlar bilan to‘ldirish Bosh vazir maslahatchisi – Vazirlar Mahkamasining IT-texnologiyalar, telekommunikatsiyalar va innovatsion faoliyatni rivojlantirish masalalari departamenti boshlig‘i tomonidan amalga oshiriladi.
8. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, davlat organlari, tijorat banklari va yirik sanoat korxonalarining Sun’iy intellektni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma alyansni 3-ilovaga muvofiq tarkibda tashkil qilish bo‘yicha taklifi ma’qullansin.
Belgilansinki:
Qo‘shma alyans sun’iy intellekt texnologiyalarini iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada, davlat boshqaruvi tizimida joriy qilish bo‘yicha ustuvor loyihalarni jadal va birgalikda amalga oshirish, ularni ishlab chiqish xarajatlarini optimallashtirish, ushbu sohadagi eng yaxshi tajribalarni davlat organlari va tashkilotlari o‘rtasida ommalashtirish maqsadida tashkil qilinadi;
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Qo‘shma alyansning ishchi organi hisoblanadi.
9. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Davlat statistika qo‘mitasi 2021-yil 1-sentabrga qadar O‘zbekiston Respublikasi Ochiq ma’lumotlar portali faoliyati doirasida mahalliy ilmiy tashkilotlar va oliy ta’lim muassasalari hamda axborot texnologiyalari sohasidagi dasturchilar va tashkilotlarga sun’iy intellekt asosidagi dasturiy ta’minotda foydalanish uchun davlat va boshqa ma’lumotlar to‘plamlarini olish imkoniyatini taqdim etuvchi raqamli ma’lumotlar плaтформaсиni yaratsin.
10. Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Adliya vazirligi hamda Markaziy bank idoralararo ishchi guruhini tashkil qilsin va eng yaxshi xorijiy tajribalar asosida 2021-yil 1-iyunga qadar Vazirlar Mahkamasiga -eksperimental innovatsion tadqiqotlar doirasida sun’iy intellekt texnologiyalarini qo‘llash bo‘yicha maxsus huquqiy режимni joriy qilishning aniq mexanizmlari to‘g‘risida, shu jumladan, quyidagilarni nazarda tutuvchi takliflarni kiritsin:
tadbirkorlik subyektlarining faoliyatini sun’iy intellekt texnologiyasi asosida transformatsiya qilishni moliyalashtirishga ko‘maklashish dasturini ishlab chiqish va joriy etish;
tadbirkorlik subyektlarining faoliyatini sun’iy intellekt texnologiyasi asosida transformatsiya qilish natijasida ish joylarini saqlab qolish maqsadida xodimlarning malakasini oshirish va qayta tayyorlashga ketgan sarf-xarajatlarni subsidiyalash dasturini ishlab chiqish;
tadbirkorlik subyektlari uchun sun’iy intellekt yechimlarini ishlab chiqish va o‘z faoliyatida joriy qilish bo‘yicha tadqiqotlar
va ishlanmalarni (R&D) rag‘batlantiruvchi choralar ko‘rish.
11. Muvofiqlashtirish komissiyaning 2021-yilda sun’iy intellekt sohasida loyihalarni amalga oshirish uchun ochiq shaklda taqdim etiladigan davlat ma’lumotlarini yaratiladigan platformada 4-ilovaga muvofiq ro‘yxat bo‘yicha joylashtirish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin.
Sun’iy intellekt uchun davlat ma’lumotlarini shakllantirishga mas’ul tegishli vazirlik va idoralarning rahbarlari o‘ziga taalluqli qismlarda ma’lumotlarni o‘z vaqtida joylashtirish, shuningdek, ularning to‘liqligi, dolzarbligi hamda ishonchliligi yuzasidan shaxsan javobgar ekanligi belgilab qo‘yilsin.
Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi sun’iy intellekt texnologiyalari asosida qayta ishlash uchun taqdim etiladigan raqamli davlat ma’lumotlari to‘plamlariga kirish imkoniyatini tashkil qilish hamda ularning sifati ustidan tizimli nazoratni ta’minlasin.
12. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda “O‘zstandart” agentligi bilan birgalikda bir oy муддaтдa sun’iy intellekt va katta hajmdagi ma’lumotlar sohasidagi xalqaro standartlarni O‘zbekiston Respublikasi davlat standartlari sifatida qabul qilish bo‘yicha ishlar jadvalini tasdiqlasin.
13. Quyidagilar:
2021/2022 o‘quv yilidan boshlab grant asosida “Sun’iy intellekt” yo‘nalishi bo‘yicha kadrlar tayyorlash bosqichma-bosqich boshlanadigan oliy ta’lim muassasalari va ilmiy tashkilotlar ro‘yxati 5-ilovaga muvofiq;
Iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha va davlat boshqaruvi tizimida sun’iy intellekt texnologiyalarini amaliy qo‘llash bo‘yicha o‘quv kurslari va fanlarini joriy qilish ko‘zda tutilgan oliy ta’lim muassasalari ro‘yxati 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan birgalikda 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab
5 va 6-ilovalarda ko‘rsatilgan har bir oliy ta’lim muassasasiga kamida bir nafar yetakchi xorijiy ekspert va olimni sun’iy intellekt va uni qo‘llash texnologiyalari sohasida o‘qitishda ishtirok etish uchun jalb qilsin.
Belgilansinki, xorijiy ekspertlar va olimlarni oliy ta’lim muassasalariga jalb qilish bilan bog‘liq xarajatlar ularning byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan qoplanadi.
14. Innovatsion rivojlanish vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Moliya vazirligi 2021 yildan boshlab sun’iy intellekt sohasida stajyor-tadqiqotchilar hamda tayanch doktoranturada tahsil olish uchun har yili 5 kishilik kvotani maqsadli ajratishni ko‘zda tutsin.
15. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi “Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt” doktorantura ixtisosligini tashkil qilishni ko‘zda tutsin.
16. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, AT “Aloqabank”, “O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki” AJ tomonidan “Sber” guruhi (Rossiya) bilan birgalikda sun’iy intellekt texnologiyalarini tatbiq qilish sohasida o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish ishlari olib borilayotganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
Bosh vazir maslahatchisi O.M.Umarov, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh.Sadikov, O.Pekos), Innovatsion rivojlanish vazirligi (I.Abduraxmonov, A.Nazarov), AT “Aloqabank” (K.Irisbekova), “O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki” AJ (A.Mirsoatov) iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari ehtiyojlaridan kelib chiqib, “Sber” guruhi (Rossiya) bilan xorijiy ilg‘or tajriba hamda eng yaxshi tajribalar asosida sun’iy intellekt texnologiyalari va boshqa dasturiy mahsulotlarni joriy etish masalalari bo‘yicha hamkorlikni faollashtirish choralarini ko‘rsin,
shu jumladan:
bir oy muddatda pilot loyihalarini tezkorlik bilan va samarali amalga oshirish, mahalliy mutaxassislarni o‘qitishni tashkil qilish, shuningdek, mazkur qarorda belgilab berilgan boshqa yo‘nalishlarda hamkorlik qilish bo‘yicha birgalikda “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
sun’iy intellektni rivojlantirish hamda davlat organlari va boshqa tashkilotlar faoliyatida, shuningdek, ushbu sohada normativ-huquqiy bazani tayyorlashda maslahatchi sifatida qatnashish uchun “Sber” guruhining (Rossiya) yetakchi mutaxassislari va ekspertlari jalb qilinishini ta’minlasin.
17. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi hamda O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi bilan birgalikda ommaviy axborot vositalarida mazkur qarorning mohiyati va ahamiyati haqida chiqishlar va tematik teleko‘rsatuvlar tashkil qilsin.
18. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
19. Innovatsion rivojlanish vaziri I.Yu.Abduraxmonov hamda axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh.M.Sadikovлaр zimmasiga mazkur qarorning bajarilishini samarali tashkil qilish bo‘yicha shaxsiy mas’uliyat yuklatilsin.
Mazkur qarorning 2, 3 va 4-ilovalarida ko‘rsatilgan vazirlik, idora va tashkilotlar Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan kelishilgan holda yigirma kun muddatda yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha “manzilli yo‘l xaritalari” (chora-tadbirlar dasturlari)ni tasdiqlasin.
Muvofiqlashtirish komissiyasi (A.N.Aripov) mazkur qarorning bajarilishini har chorakda muhokama qilish, mas’ul vazirlik, idora va tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish hamda nazorat qilishni ta’minlasin.
20. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchilari R.A.Gulyamov, A.A.Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOEV
Toshkent shahri,
2021-yil 17-fevral
Manba: O'zA