FAO va O‘zbekiston o‘rtasida 2021-2025 yillarga mo‘ljallangan mamlakat xadli dasturi imzolandi
O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xodjaev FAOning Yevropa bo‘yicha mintaqaviy konferensiyasi (EMK) raisi sifatida FAO rahbarining o‘rinbosari Vladimir Raxmanin va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy koordinatori, FAOning O‘zbekistondagi vakili Viorel Gusu bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv natijasiga ko‘ra FAO va O‘zbekiston o‘rtasida 17 million AQSh dollari miqdoridagi byudjetli 2021-2025 yillarga mo‘ljallangan Mamlakat xadli dasturiimzolandi, shuningdek, jami 645 ming AQSh dollarilik 4 ta grant loyihasi tasdiqlandi.
Imzolangan Mamlakat hadli dasturi (MHD) oziq-ovqat tizimini isloh qilish bilan bog‘liq milliy strategik ustuvorliklarga erishishda O‘zbekiston hukumatiga ko‘mak ko‘rsatishga yo‘naltirilgan. MHDning birinchi strategik ustuvor yo‘nalishi salomatlik, farovonlik va barqaror taraqqiyotga olib keluvchi inson kapitalini inklyuziv rivojlantirishga qaratilgan. Ikkinchi strategik ustuvor yo‘nalish esa barqaror rivojlanishga hamda iqlim o‘zgarishini inobatga olgan holda rivojlanishga yo‘naltirilgan.
O‘zbekistonning qishloq xo‘jaligi sohasini rivojlantirishga qaratilgan 4 ta grant loyihalari 2021-2023 yillar mobaynida amalga oshiriladi.
"Barqaror oziq-ovqat tizimlarini geografik ko‘rsatkichlar yordamida mustahkamlash" loyihasi (2021-yil fevral - 2022-yil dekabr, byudjet - 250 000 AQSh dollari) geografik ko‘rsatkichlar orqali mamlakatimizning qishloq hududlarini rivojlantirishga imkon tug‘diradi (mahsulot nomlarini joy nomlari bilan bog‘lash nazarda tutilmoqda, Parmezan pishlog‘i, Bovar sosiskalari singari), bu ishlab chiqaruvchi guruhlarga marketing strategiyasini belgilash hamda manfaatdor tomonlarning xabardorligi va imkoniyatlarini oshirishda yordam beradi.
"O‘zbekistonda COVID-19ga qarshi kartoshka sohasini tiklash va rivojlantirish" loyihasi (2021-yil fevral - 2023-yil yanvar, byudjet – 195 000 AQSh dollari) kartoshka ishlab chiqarish sohasini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish orqali O‘zbekistonning milliy oziq-ovqat xavfsizligini yaxshilashga qaratilgan.
"Sholi ekinlarini ishlab chiqarish va ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash" loyihasining (2021-yil fevral - 2022-yil sentabr, byudjet – 100 000 AQSh dollari)asosiy maqsadi oziq-ovqat xavfsizligini oshirish va mamlakatimizda sholichilik bilan shug‘ullanayotgan fermerlarning yashash sharoitlarini yaxshilashdan iborat.
"Inklyuziv qishloq xo‘jaligi siyosatini amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlash" loyihasidan (2021-yil fevral - 2022-yil avgust, byudjet - 100000 AQSh dollari) ko‘zlangan maqsad qishloq xo‘jaligi sohasida inklyuziv siyosat yuritish natijasida qishloq joylarda yashash sharoitlarini yaxshilash, shuningdek qishloq hududlarni rivojlantirish hamda qishloq ayollarining huquq va imkoniyatlarini kengaytirishdir.
Uchrashuv doirasida FAO bosh direktorining o‘rinbosari Vladimir Raxmanin O‘zbekiston raisligida YeMKda amalga oshirilayotgan joriy vazifalar va 2021-yil oxiriga qadar mo‘ljallangan rejalar to‘g‘risida hisobot berdi.
Shuningdek, u pandemiya sharoitida barqaror rivojlanish va oziq-ovqat ta'minoti, shuningdek, Yevropa Ittifoqining qishloq xo‘jaligi sohasidagi yangi besh yillik dasturi doirasida hamkorlikni mustahkamlash masalalarini Qishloq xo‘jaligi Yevrokomissari Volfgang Burtsher bilan muhokama qilishni tashkilotga a'zo Yevropa davlatlari nomidan so‘radi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi