O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Transport sohasi raqamli texnologiyalar yana-da rivojlanadi
2021-02-18 | Texnologiyalar
Transport vazirligida Tojikiston Respublikasi transport vazirligi delegatsiyasi hamda Qirgʻiz Respublikasi transport va yoʻl vazirligi vakillaridan iborat ishchi guruhi bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Uchrashuvda mamlakatimiz transport sohasiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, raqamli texnologiyalardan foydalanishning umumiy darajasini oshirish boʻyicha amalga oshirilayotgan loyihalar yuzasidan taqdimotlar oʻtkazildi.
Jumladan, yoʻlovchi tashish yoʻnalishlarini ochiq tenderlar orqali tashuvchilarga biriktirish boʻyicha ishlab chiqilgan elektron axborot tizimi, shuningdek, Toshkent shahri jamoat transportida avtomatlashtirilgan toʻlov tizimining joriy etilgani yuzasidan batafsil maʼlumot berildi.
Shuningdek avtomobil transportida yoʻlovchilarni va yuklarni tashishga litsenziya berish jarayonining toʻliq elektron shaklga oʻtkazilgani, avtotransportda xalqaro yuk tashuvlari bilan shugʻullanuvchilarga qulaylik yaratish maqsadida xorijiy/koʻp tomonlama ruxsatnomalarga milliy tashuvchilardan buyurtmalarni onlayn tarzda qabul qilish tizimi yoʻlga qoʻyilgani yuzasidan taqdimot oʻtkazdi.
Uchrashuvda raqamli texnologiyalarning transport sohasi rivojidagi ahamiyati, aholiga koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirishda innovatsion yechimlardan samarali foydalanish, bu borada oʻzaro hamkorlik aloqalarini kengaytirish istiqbollari muhokama etildi, deb xabar beradi Transport vazirligi matbuot xizmati.
Manba: «Yangi O"zbekiston»