O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari Vengriya ishbilarmonlari vakillariga barcha qo‘shma loyihalar hamda tashabbuslarni amalga oshirishda davlatning har tomonlama yordami kafolatlanganligini taʼkidladi

2021-02-18 | Iqtisodiyot

O‘zbekiston hukumati delegatsiyasining Vengriyaga tashrifi doirasida kecha Budapesht shahrida ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillarini jamlagan O‘zbekiston-Vengriya biznes-forumi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi maʼlumotiga ko‘ra, forumning ochilish marosimida O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov va Vengriya tashqi ishlar va tashqi iqtisodiy aloqalar vaziri Peter Siyyarto ishtirok etdi.

O‘zbekiston hamda Vengriya o‘rtasidagi investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy hamkorlikni yana-da rivojlantirishning hal qiluvchi omili sifatida ikki mamlakat ishbilarmon doiralarining o‘zaro aloqalarini mustahkamlash masalalari tadbirning asosiy mavzusi bo‘ldi.

Tadbirni ochar ekan, Peter Siyyarto ikki davlat aloqalarini rivojlantirishning ijobiy dinamikasini va Vengriya hukumati har ikki mamlakatga ustuvor bo‘lgan yo‘nalishlarda iqtisodiy sheriklikni izchil kengaytirishga alohida eʼtibor qaratayotganini taʼkidladi, shuningdek, venger kompaniyalarini o‘zbekistonlik tadbirkorlar bilan o‘zaro aloqalarni faollashtirishga chaqirdi.

O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari o‘z nutqida barcha qo‘shma loyihalar hamda tashabbuslarni amalga oshirishda davlatning har tomonlama yordami kafolatlanganligini taʼkidladi. Shu bilan birga, vengriyalik salohiyatli investorlar va savdo sheriklarini O‘zbekiston hukumatining O‘zbekiston – Vengriya ishbilarmonlik hamkorligini jadal rivojlantirishga sodiqligiga ishontirib, ikki mamlakat ishbilarmonlik aloqalarini faollashtirish muhimligini taʼkidladi.

Vengriya kompaniyalariga xorijiy investorlar uchun O‘zbekistonning ochiqligini taʼminlash va jozibadorligini oshirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar, shaffof ishbilarmonlik muhitini shakllantirish, korrupsiyaga qarshi kurashish, investitsiya muhitini yaxshilash va iqtisodiyotda davlatning rolini bosqichma-bosqich qisqartirish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar to‘g‘risida batafsil maʼlumot berildi. Qolaversa, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, yengil sanoat, oziq-ovqat sanoati, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasi va bank-moliya sektori kabi istiqbolli yo‘nalishlarda investitsiyaviy imkoniyatlar ham chuqur ochib berildi.

Biznes-forum davomida, shuningdek, vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari hamda O‘zbekiston va Vengriyaning yetakchi kompaniyalari rahbarlari o‘rtasida “G2B” va “V2V” uchrashuvlari o‘tkazildi. Unda ishtirokchilar qo‘shma korxonalar tashkil etish va o‘zaro manfaatli savdo bitimlarini tuzish masalalarini atroflicha muhokama qilish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Tadbir yakunida O‘zbekistonning turli hududlarida parrandachilik, baliqchilik, chorvachilik va oziq-ovqat sanoati sohalarida 12ta investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha qator ikki tomonlama bitimlar imzolandi. Bundan tashqari, 76 ta yangi istiqbolli investitsiya loyihasi ustida birgalikda ishlashni davom ettirishga kelishib olindi. Ulardan 26tasi bo‘yicha O‘zbekiston va Vengriya taraflardan hamkorlar aniqlangan bo‘lib, tegishli muzokaralar olib borilmoqda.

Shuningdek, O‘zbekiston Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni rag‘batlantirish agentligi va Savdoni rivojlantirish bo‘yicha Vengriya agentligi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida bitim, o‘zaro sayyohlik oqimlari hajmini ko‘paytirish bo‘yicha O‘zbekiston Xususiy turizm tashkilotlari Assotsiatsiyasi hamda Vengriya Sayyohlik agentliklari va turoperatorlari Assotsiatsiyasi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida bitim, shuningdek, O‘zbekistonda farmatsevtika sohasida taʼlim tizimini takomillashtirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi farmatsevtika sanoatini rivojlantirish agentligi hamda Vengriya farmakologik klasteri o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida bitim imzolandi.

Manba: “Dunyo” axborot agentligi

Поделиться