O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi malayziyalik sheriklar bilan hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgilab oldi
2021-02-17 | Madaniyat
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi (IMXITM), Malayziya Islom ilmiy universiteti (USIM), Islomni anglash instituti (IKIM) rahbariyati ishtirokida onlayn muzokaralar bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbir O‘zbekistonning Malayziyadagi elchixonasi ko‘magida tashkil etildi.
Ushbu ekspertlar uchrashuvi o‘tgan yili imzolangan bitimlar doirasidagi amalga oshirilayotgan hamkorlikning mantiqiy davomi bo‘ldi.
Videokanferensiyada Malayziya vakillari Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi faoliyati bilan tanishtirildi. Xususan, Imom Abu Mansur Moturidiy va uning izdoshlari merosini chuqur o‘rganish, shuningdek, maʼnaviy rivojlangan va maʼrifatli yosh avlodni tarbiyalash Markazning asosiy maqsadlari ekani taʼkidlandi.
Tadbirda tomonlar Malayziya olimlari va mutaxassislarining ilmiy maqolalarini “Moturidiylik” ilmiy-adabiy jurnalida nashr etish, shuningdek, IKIM va USIM kitoblarini Markazning elektron kutubxonasiga kiritish, Malayziya Islomni anglash instituti radiokanalida IMXITM vakillari bilan suhbatlar tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bundan tashqari, O‘zbekiston tomonining Malayziya Islom ilmiy universiteti huzuridagi Islom ilmiy instituti hamda Fatvo va Halolni o‘rganish xalqaro markazi bilan yaqin hamkorligini yo‘lga qo‘yish, Xalqaro islom akademiyasi bazasida Malayziya Islom ilmiy universiteti Qurʼon va Sunnat fakultetining qo‘shma taʼlim dasturlarini joriy etish rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, USIM 1998-yilda tashkil etilgan va Malayziyadagi davlat oliy taʼlim muassasasidir. Universitetning asosiy maqsadi - milliy taʼlim va tadqiqot tizimiga axborot texnologiyalarini joriy etish orqali islomni o‘rganish usullarini rivojlantirishdan iborat. Bugungi kunda USIMda 12 mingdan ziyod talaba, shu jumladan, 40 dan ortiq mamlakatdan 700 nafar chet ellik yigit-qiz tahsil olmoqda.
IKIM 1992-yilda ilmiy islom sohasida fundamental va chuqur izlanishlarni rejalashtirish va o‘tkazish maqsadida tashkil etilgan. Institut direktorlar kengashining raisi Malayziyaning sobiq bosh vaziri Abdulla Ahmad Badaviy hisoblanadi. Institut tarkibida Shariat, qonun va siyosatni o‘rganish markazi - (Centre for the Study of Shari‘ah, Law & Politics – SYARAK), Fan va atrof-muhitni o‘rganish markazi (Centre for Science and Environment Studies – KIAS), shuningdek, Iqtisodiy va ijtimoiy tadqiqotlar markazi (Centre for Economics & Social Studies – EMAS) faoliyat yuritmoqda.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi