O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Bosh vazir o‘rinbosari Behzod Musayev Namangandagi chekka maktablarni borib ko‘rdi
2021-02-15 | Ta’lim
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Behzod Musayev ilm maskanlardagi mavjud shart-sharoitlar va ta’lim jarayonlari bilan yaqindan tanishish maqsadida Namangan viloyatining Chortoq tumanidagi chekka maktablarda bo‘ldi.
Hukumat mas’ul vakili Chortoq tumani hokimi Anvarjon Otaxo‘jayev, Xalq ta’limi vazirining o‘rinbosari Ibrohim Jo‘rayev, viloyat hokimining yoshlar siyosati va ma’naviy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari G‘ulomjon Murodxo‘jayev, viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Rustamjon Isroilov hamrohligida “Bog‘” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan 9-sonli maktab faoliyati bilan tanishish asnosida dars jarayonlarini kuzatdi. O‘qituvchi va o‘quvchilar bilan muloqot qilib, ular uchun ma’rifat dargohida yaratilgan shart-sharoitlarni ko‘zdan kechirdi.
bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar va yangilanishlar jarayonida xalq ta’limi tizimi, ularda yoshlarga ziyo ulashayotgan muhtaram ustoz muallimlarning jamiyatdagi o‘rni va nufuzini yuksaltirishga har qachongidan-da yuksak e’tibor qaratilmoqda.
Muloqot chog‘ida yosh avlod, kelajagimiz egalari ko‘rsatilayotgan e’tibor va yaratib berilayotgan imkoniyatlardan oqilona foydalanib, ilm-fan cho‘qqilari sari astoydil intilib, ozod yurt ertasiga har jihatdan munosib ulg‘ayishga da’vat etildi.
Tumandagi o‘rganishlar chog‘ida mutasaddilar Alisher Navoiy nomidagi mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi 40-maktabda ham bo‘ldi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan Besh muhim tashabbus doirasida olib borilayotgan ishlar va tadbirlar bilan tanishib, pedagogik jamoa va o‘quvchilarga yosh avlod istiqboli borasidagi zarur taklif-tavsiyalarni berishdi.
Oqilxon Dadaboyev
Manba: O'zA