O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston iqtisodiyot assambleyasi tashkil etildi
2021-02-15 | Iqtisodiyot
O‘zbekiston iqtisodiyot assambleyasi o‘zida 12 ta mahalliy ilg‘or assotsiatsiya va milliy markazni birlashtiradi.
Tashkilotning asosiy maqsadi – respublikamiz iqtisodiy hayotidagi islohotlarda, qonunchilik va davlat dasturlarida nodavlat biznes sektori vakillarining ishtirokini ta’minlash, shuningdek, ularning mahalliy hamda xalqaro maydondagi huquq va manfaatlarini himoya qilish, tadbirkorlar faoliyatidagi masalalarini yuqori davlat tashkilotlariga yetkazishda ko‘maklashishdan iborat.
Assambleya qoshidagi xalqaro arbitraj sudi, mediamarkaz, tadbirkorlikka tayyorlash va malaka oshirish bo‘yicha biznes akademiya, xalqaro bozorlarga chiqishga mo‘ljallangan elektron platforma hamda IT bo‘limlari o‘z yo‘nalishi doirasida tadbirkorlarga xizmat ko‘rsatadi.
Assambleya dasturida xalqaro iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, xalqaro ko‘rgazma va biznes forumlar tashkil etish bo‘yicha faoliyat olib borishi ham belgilangan. Bundan tashqari, milliy brendlar yaratish, marketing, menejment va biznes doira vakillari uchun kasb bayramlarini tashkillashtirish uning faoliyat doirasiga kiradi.
Iqtisodiy tashkilot mamlakatga investitsiyalar jalb qilish bilan birga, mahalliy ishlab chiqaruvchilarimiz uchun xorij bozorlarini muntazam o‘rganadi va tahlillar olib boradi. Bir vaqtning o‘zida hamkor davlatlarda o‘zbek mahsulotlari uchun shou-rumlar tashkil etish bilan shug‘ullanadi.
Eslatib o‘tamiz, tashkilot 2021-yil 10-fevral kuni Adliya vazirligi tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazildi.
Manba: O'zA