Suma Chakrabarti: Turizm O‘zbekiston milliy iqtisodiyotining lokomotivlaridan biriga aylanishi mumkin
Bosh vazir o‘rinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi A.Abduhakimov hamda O‘zbekiston Prezidentining iqtisodiy taraqqiyot, samarali boshqaruv va xalqaro hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi S.Chakraborti o‘rtasida videokonferensiya shaklida muzokara o‘tkazildi.
Aziz Abduhakimov xorijiy maslahatchiga O‘zbekistonning turizm sohasidagi so‘nggi islohotlar, investision imkoniyatlar, sohadagi yangi yo‘nalishlar, shuningdek sayyohlar uchun yaratilayotgan “Uzbekistan. Safe travel GUARANTEED” epidemiologik xavfsiz sharoitlar haqida batafsil ma'lumot berdi.
Suma Chakrabarti, o‘z o‘rnida, turizm sohasi O‘zbekiston milliy iqtisodiyotining asosiy lokomotivlaridan biriga aylanishi mumkinligini ta'kidladi.
Tomonlar pandemiyadan keyingi davrda O‘zbekiston brendingi va turizmni rivojlantirish strategiyasini yangilash masalalari bo‘yicha fikr almashishdi. Shu bilan birga, madaniy meros ob'ektlarini samarali boshqarish, aviatashuvlar tizimini rivojlantirish istiqbollari va infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirish hamda yangi turistik zonalarni yaratishga YeTTB (Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki) va boshqa xalqaro moliyaviy institutlar imkoniyatlarini faol jalb qilish masalalari muhokama qilindi.
Manba: «Yangi O"zbekiston»