“Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarning tadbirkorlik tashabbuslari qo‘llab-quvvatlanadi
AT “Xalq banki”da xotin-qizlarning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda bandligini ta'minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboeva, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirining birinchi o‘rinbosari Gulnora Marufova, vazirlik hamda AT “Xalq banki”ning mutasaddi vakillari ishtirok etishdi.
Vazirning birinchi o‘rinbosari G. Marufova yig‘ilish davomida xotin-qizlar bandligini ta'minlash hamda ularni kasb-hunarga o‘qitish borasida vazirlik tomonidan olib borilayotgan ishlar hamda zarur chora-tadbirlar to‘g‘risida ma'lumot berib o‘tdi.
Ta'kidlanganidek, hozirda Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan joriy qilingan “Ayollar daftari”ni shakllantirish va u orqali yurtimizdagi xotin-qizlarni ijtimoiy, huquqiy va psixologik qo‘llab-quvvatlash, bilim va kasb o‘rganishga ehtiyoji va ishtiyoqi bor bo‘lgan ishsiz xotin-qizlarni bandligini ta'minlash borasida ko‘plab amaliy ishlar olib borilmoqda. Jumladan, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tomonidan Respublika Kasaba uyushmalari Federatsiyasi hamda boshqa mutasaddi idoralar, banklar va hokimliklar bilan hamkorlikda uyma-uy yurish orqali 6,5 milliondan ortiq xotin-qizlarning muammolari puxta o‘rganib chiqildi.
O‘rganishlar natijasida yurtimiz ayollarining uzoq yillardan beri yig‘ilib qolgan ijtimoiy, moddiy, tibbiy, kasbga o‘qitish, o‘z sohasi bo‘yicha ish topish kabi ko‘plab yechimini kutayotgan muammolari borligi aniqlandi. Shu sababli hozirgi vaqtda ishsiz, boquvchisi bo‘lmagan, yolg‘iz onalar va muammosi bor xotin-qizlar bilan manzilli ishlash bo‘yicha “Ayollar daftari”ni mahallabay yuritish ishlari amalga oshirilmoqda.
Yig‘ilishda ta'kidlanganidek, ayni vaqtda tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish istagini bildirgan hamda “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarning biznes loyihalari ishlab chiqilmoqda. Mazkur biznes loyihalar doirasida xotin-qizlarga turli tadbirkorlik yo‘nalishlari bo‘yicha bazaviy hisoblash miqdorining 150 baravarigacha kredit mablag‘lari ajratilishi rejalashtirilgan.
Videoselektor yig‘ilishida ishtirokchilar tomonidan xotin-qizlar tadbirkorligini yanada rivojlantirish va bu boradagi qo‘shimcha imkoniyatlarni ishga solishga doir kelgusi rejalar xususida zarur ma'lumotlar berib o‘tildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi