O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Davlat xizmatchilari va mutaxassislarni xorijda tayyorlash hamda ularning salohiyatini yanada oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
2021-02-13 | Hujjatlar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni
Iqtidorli va istiqbolli, ayniqsa, respublika hududlaridan yosh mutaxassislarni izlab topish va tanlashga qaratilgan faoliyatni tubdan takomillashtirish va yanada modernizatsiyalash, ularning xorijdagi nufuzli ta’lim va ilmiy muassasalarda, ishlab chiqarish, innovatsion va boshqa kompaniyalarda maqsadli ta’lim olishini hamda stajirovkadan o‘tishini tashkil etish, professional, chuqur bilimga ega, zamonaviy fikrlaydigan va vatanparvarlik ruhida tarbiyalangan yangi avlod kadrlarini shakllantirish va ularni davlat xizmatiga jalb etish borasida barcha shart-sharoitlarni yaratish maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 3-oktabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida kadrlar siyosati va davlat fuqarolik xizmati tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–5843-son Farmoni bilan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish bo‘yicha “El-yurt umidi” jamg‘armasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi ixtiyoriga o‘tkazilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
Belgilansinki, Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish bo‘yicha “El-yurt umidi” jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda – Jamg‘arma) O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish bo‘yicha “El-yurt umidi” jamg‘armasining huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari, shu jumladan xalqaro shartnomalari bo‘yicha uning huquqiy vorisi hisoblanadi.
2. Quyidagilar Jamg‘armaning qo‘shimcha vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib belgilansin:
iqtidorli va istiqbolli, ayniqsa, respublika hududlaridan davlat xizmatchilarini tizimli ravishda izlab topish, tanlash va rag‘batlantirish, ularning xorijdagi nufuzli ta’lim, ilmiy va boshqa muassasalarda ta’lim olishini va stajirovkadan o‘tishini tashkil etish;
professional, chuqur bilimga ega, zamonaviy fikrlaydigan va vatanparvarlik ruhida tarbiyalangan yangi avlod kadrlarini shakllantirish va ularni davlat xizmatiga jalb etishga ko‘maklashish;
rivojlangan mamlakatlar tajribasiga tayangan holda xorijiy ekspertlar bilan hamkorlikda davlat xizmati va ta’lim sohasiga raqamli texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan ilmiy-amaliy tadbirlar tashkil etish;
xorijiy ta’lim, ilmiy va boshqa tashkilotlar, olimlar va ekspertlar, shuningdek, vatandoshlar bilan hamkorlikda onlayn platformalarga asoslangan masofaviy ta’lim dasturlari, o‘quv kurslari va boshqa ta’lim, ilmiy-tadqiqot va amaliy loyihalarni amalga oshirish.
3. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining mutaxassislarni izlab topish, tanlash va ularning xorijda ta’lim olishini tashkil etish tizimini quyidagilarni nazarda tutgan holda, tubdan qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha taklifiga rozilik berilsin:
ochiq stipendiya tanlovlari asosida xorijda bakalavriat,magistratura va doktoranturada ta’lim olish dasturlari Jamg‘armaning asosiy ta’lim dasturlari (keyingi o‘rinlarda – ta’lim dasturlari) hisoblanadi;
Jamg‘arma ta’lim dasturlari bo‘yicha nomzodlarni saralash tanlovi muntazam ravishda va O‘zbekiston Respublikasining barcha fuqarolari uchun ularning respublikadagi ish va o‘qish joyidan qat’i nazar ochiq tarzda amalga oshiriladi;
Jamg‘arma tomonidan vazirliklar, idoralar va tashkilotlarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri buyurtmalari asosida istiqbolli va talab yuqori bo‘lgan mutaxassisliklar bo‘yicha stajirovkadan o‘tish dasturlari tashkil etiladi.
4. Belgilansinki, Jamg‘arma ta’lim dasturlari bo‘yicha nomzodlarning ochiq saralash tanlovi quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha amalga oshiriladi:
davlat va jamiyat boshqaruvi;
qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq sohasi;
ta’lim, sog‘liqni saqlash va boshqa ijtimoiy soha tarmoqlari;
iqtisodiyot sohalari va tarmoqlari.
5. Jamg‘arma 2021-yilda ochiq stipendiya tanlovlari asosida yoshlarning nufuzli xorijiy mamlakatlarda bakalavriat dasturi bo‘yicha ta’lim olishi uchun 100 ta o‘rin, magistratura va doktoranturada o‘qish uchun avvalgi yillarga nisbatan o‘rtacha 5 barobar ko‘p o‘rin ajratsin.
6. Belgilab qo‘yilsinki:
Jamg‘armaga Davlat byudjetidan tegishli yil uchun ajratilib ishlatilmasdan qolgan mablag‘lar Jamg‘arma ixtiyorida qoldiriladi
va keyingi yillar uchun uning ta’lim dasturlarini moliyalashtirish uchun yo‘naltiriladi;
Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi tinglovchilarining xorijiy ta’lim, ilmiy va boshqa tashkilotlarda stajirovkasi tashkil etiladi;
xorijda kadrlar malakasini oshirish, ularning stajirovkadan o‘tishini tashkil etish va xorijiy tillarga o‘qitish tegishli vazirliklar, idoralar va tashkilotlar uchun Davlat byudjetida nazarda tutilgan maqsadli mablag‘lar, buyurtmachilarning byudjetdan tashqari mablag‘lari va qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan tashkil etiladi;
Jamg‘arma stipendiyalari kvotalari Vasiylik kengashi qaroriga ko‘ra ta’lim dasturlari hamda istiqbolli va talab yuqori bo‘lgan mutaxassisliklarni hisobga olgan holda ta’lim sohalari kesimida nomzodlarni saralash tanlovini o‘tkazish yo‘nalishlari bo‘yicha ajratiladi;
Jamg‘arma ta’lim dasturlari bo‘yicha ta’lim olgan stipendiatlarga stipendiat bilan tuzilgan shartnomada belgilangan tartib hamda muddat mobaynida vazirliklar, idoralar va boshqa davlat tashkilotlari hamda davlat ulushi mavjud bo‘lgan tashkilotlarda uzluksiz ishlab berish majburiyati yuklanadi;
Jamg‘arma davlat xizmatchilari va boshqa toifadagi xodimlar salohiyatini oshirishga ko‘maklashish, iqtidorli va istiqbolli yoshlarni, eng avvalo respublika hududlaridagi yoshlarni rag‘batlantirish maqsadida yetakchi xorijiy va mahalliy olimlar hamda ekspertlarni jalb etgan holda o‘quv kurslari, ilmiy-ma’rifiy va boshqa tadbirlarni tashkil etish huquqiga ega;
stipendiat uzrsiz sababga ko‘ra ta’lim dasturlaridan chetlashtirilgan taqdirda yoki Jamg‘arma ta’lim dasturlari tugallanganidan so‘ng mehnat faoliyatini vazirliklar, idoralar yoki boshqa davlat tashkilotlarida davom ettirishdan bosh tortgan hollarda, Jamg‘arma tomonidan stipendiatning ta’lim olishi uchun sarflangan barcha moliyaviy xarajatlar u bilan imzolangan shartnoma shartlariga muvofiq stipendiat tomonidan qoplanadi.
7. Jamg‘arma Vasiylik kengashi ikki oy muddatda:
vazirliklar, idoralar va tashkilotlarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri buyurtmalari asosida istiqbolli va talab yuqori bo‘lgan mutaxassisliklar bo‘yicha amalga oshiriladigan stajirovkadan o‘tishni tashkil etish tartibini;
Jamg‘arma stipendiyalarini moliyalashtirishning bir stipendiatga mo‘ljallangan cheklangan miqdorini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
8. Quyidagilar:
Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish bo‘yicha “El-yurt umidi” jamg‘armasi tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;
Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish bo‘yicha “El-yurt umidi” jamg‘armasi to‘g‘risidagi nizom 2-ilovaga muvofiq;
Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish bo‘yicha “El-yurt umidi” jamg‘armasi Vasiylik kengashi tarkibi 3-ilovaga muvofiq;
Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish bo‘yicha “El-yurt umidi” jamg‘armasi ta’lim dasturlari bo‘yicha nomzodlarni ochiq saralash tanlovini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom 4-ilovaga muvofiq;
Davlat xizmatchilari va mutaxassislarni xorijda tayyorlash hamda ularning salohiyatini yanada oshirish tizimini tubdan takomillashtirish yuzasidan “Yo‘l xaritasi” 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
9. Vazirliklar, idoralar va boshqa manfaatdor tashkilotlar:
har yili 1-sentabrga qadar eng yaxshi tayyorlangan nomzodlarni Jamg‘armaning ochiq saralash tanlovida ishtirok etishga tavsiya etgan holda Jamg‘arma ta’lim dasturlari bo‘yicha ta’lim olish uchun istiqbolli va talab yuqori bo‘lgan mutaxassisliklar bo‘yicha real ehtiyoj to‘g‘risidagi ma’lumotlarni Jamg‘armaga kiritib borsin;
tizimli asosda stipendiatlar mehnat faoliyatining monitoringini o‘tkazishda Jamg‘armaga ko‘maklashsin, ularni munosib ishga joylashtirish, O‘zbekistonda ularning kasbiy jihatdan o‘sishi va mansab pog‘onalarida ko‘tarilishi uchun sharoitlar yaratsin.
10. Jamg‘armaga, istisno tariqasida, o‘z ta’lim dasturlarini tashkil etishi, respublikaga xorijiy olimlar va mutaxassislarni, shu jumladan, vatandoshlarni jalb qilishi uchun Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi “Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” DUKda import kontraktlari (shartnomalari)ni majburiy tarzda ro‘yxatdan o‘tkazmagan holda birja tanlovlari va vakolatli organlarda kontraktlar (shartnomalar)ni ekspertizadan o‘tkazmasdan xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha xorijiy hamkorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzishga ruxsat berilsin.
Belgilab qo‘yilsinki, Jamg‘arma ta’lim dasturlarini amalga oshirish bo‘yicha Jamg‘arma nomidan tuziladigan import kontraktlarini amalga oshirish muddatlari aynan ushbu kontraktlarda belgilangan muddatlar hisoblanadi.
11. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 6-ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
12. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim farmonlari 7-ilovaga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
13. Jamg‘arma manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
14. Jamg‘arma (A.Sh. Bekmurodov) Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (A.A. Xodjayev), O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (A.K. Kuchimov) va O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (A.D. Xadjayev) bilan birgalikda ommaviy axborot vositalarida ushbu Farmon mohiyati va ahamiyati bo‘yicha chiqishlar va tematik teleko‘rsatuvlar tashkil etsin.
15. Mazkur Farmon ijrosini samarali tashkil etishga shaxsiy javobgar etib O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi o‘rinbosari K.K. Kuranbayev belgilansin.
16. Mazkur Farmon ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga har yil yakuni bo‘yicha axborot kiritib borilsin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOEV
Toshkent shahri,
2021-yil 11-fevral
Manba: O'zA