O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Alisher Navoiyning «Mahbubul qulub» asari belarus tilida chop etildi. Kitob taqdimoti 16-fevral kuni bo‘lib o‘tadi
2021-02-13 | Madaniyat
Joriy yil 16-fevral kuni Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) Ijroiya qo‘mitasi binosida buyuk o‘zbek shoiri va mutafakkiri, jamoat va davlat arbobi Mir Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligi munosabati bilan maʼnaviy-maʼrifiy tadbir bo‘lib o‘tadi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mamlakatimizning Belarusdagi elchixonasi maʼlumotiga ko‘ra, anjuman doirasida Alisher Navoiyning “Mahbubul-qulub” asarining belarus tilida nashr etilgan kitobi taqdimoti o‘tkaziladi.
Tadbir O‘zbekistonning Minskdagi elchixonasi, Belarus Prezidenti kutubxonasi va MDH Ijroiya qo‘mitasi hamkorligida tashkil etimoqda.
Anjumanda Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori Shuhrat Sirojiddinov, Belarus Respublikasi Milliy assambleyasi kengashining xalqaro ishlar va xavfsizlik masalalari bo‘yicha komissiyasi raisi Sergey Rachkov, “Zvyazda” nashriyoti bosh direktori Aleksandr Karlyukevich, Belarus Yozuvchilar uyushmasi aʼzolari, Alisher Navoiy asarlari tarjimonlari, Hamdo‘stlik davlatlarining elchilari, MDH Ijroiya qo‘mitasi rahbariyati hamda doimiy vakolatli vakillari ishtirok etishi nazarda tutilgan.
Shuningdek, MDH Ijroiya qo‘mitasi binosida foyesida Alisher Navoiy ijodiga bag‘ishlangan kitoblar ko‘rgazmasi ham tashkil etiladi.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi