O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Aziz Abduhakimov: "Sportchilarimiz Tokio-2020 olimpiadasida munosib ishtirok etishlari uchun ularga motivatsiya berish kerak"
2021-02-12 | Sport
2021-yilda o‘tkaziladigan Tokio yozgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari oldidan sportchilarimiz va murabbiylarimizga motivatsiya ulashish, shuningdek ularning ushbu nufuzli musobaqaga yuqori samaradorlik bilan tayyorgarlik ko‘rishini tashkil etish maqsadida mamlakatimizda tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilgan. O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov boshchiligida Jismoniy tarbiya va sport vazirligida o‘tgan uchrashuvda shu haqida maʼlum qilindi.
"Mamlakatimiz sport delegatsiyasi shu kunga qadar Tokio yozgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga jami 42 ta litsenziyani qo‘lga kiritgan. Prezidentimiz va Hukumat tomonidan sportni rivojlantirishga bugungidek yuksak eʼtibor qaratilayotgan bir paytda bu ko‘rsatkich kam, albatta. Hozirda atletlarimiz yana 68 ta litsenziya uchun kurash olib borishmoqda. O‘zbekiston sport delegatsiyasi umumiy hisobda Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga 110 ta litsenziyani qo‘lga kiritishni maqsad qilgan va buning uchun imkoniyatlar yetarli", - dedi Aziz Abduhakimov yig‘ilishda.
Bugungi kunda Tokio-2020 o‘yinlarida qatnashuvchi O‘zbekiston terma jamoa aʼzolari uchun uzluksiz o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari tashkil etib berilmoqda. Shu bilan birga, qator sport turlari bo‘yicha terma jamoamiz xorijda o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tkazishi uchun ham sharoit yaratib berilmoqda.
Bundan tashqari, terma jamoamizga 17 sport turi bo‘yicha 22 nafar malakali xorijlik murabbiy-mutaxassis jalb etilgan.
Qayd etish lozimki, Olimpiya sport turlari bo‘yicha milliy terma jamoalarimiz joriy yilning 25-iyunigacha 20 ta sport turi bo‘yicha 49 xalqaro litsenzion musobaqada ishtirok etishi rejalashtirilgan.
Yig‘ilishda Aziz Abduhakimov barcha viloyatlarning turizm va sport masalalari bo‘yicha maslahatchilariga Tokio-2020 yozgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga yo‘llanma olgan hamda litsenziyalar uchun kurash olib borayotgan har bir sportchining ijtimoiy holidan doimiy ravishda xabar olib turish, ularning muammolarini jiddiy o‘rganish va joyida hal qilish bo‘yicha aniq topshiriqlar berdi, bu ularning nufuzli sport musobaqasiga yana-da yaxshi tayyorgarlik ko‘rishi uchun motivatsiya bo‘lishini taʼkidladi.
Uchrashuvda shuningdek 2025-yil Toshkentda o‘tadigan o‘smirlar IV Yozgi Osiyo o‘yinlariga, 2024-yil Parij shahrida bo‘ladigan XXXIII yozgi Olimpiya o‘yinlariga ham tayyorgarlik masalasiga ham eʼtibor qaratildi. Ushbu musobaqalarda ishtirok etishi mumkin bo‘lgan yoshlar orasida seleksiya ishlarini hozirdan kuchaytirish, ularning puxta tayyorgarlik ko‘rishi uchun barcha sharoitlarni yaratishga doir taklif va mulohazalar tinglandi.
Yig‘ilish yakuniga ko‘ra, ko‘tarilgan muammo va takliflar yuzasidan "yo‘l xaritasi" ishlab chiqilib, kamchiliklarni bartaraf etish choralari belgilandi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligi