Mamlakatimiz Prezidentining topshirig‘i asosida Surxondaryo viloyatida Qurolli Kuchlar tuzilmalari bo‘linmalari ishtirokida boshqaruv organlari va qo‘shinlar bilan mamlakat xavfsizligi, hududiy yaxlitligini ta'minlash, joylardagi mavjud muammolarni hal etishda mahalliy aholiga ko‘maklashish maqsadida o‘quv mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tmoqda.
Surxondaryo viloyatining harbiy qismlar navbatchilik bo‘linmalariga yetib kelgan signal orqali o‘quv mashg‘ulotlari boshlandi. Unga ko‘ra qo‘shinlar shaxsiy tarkibi yuqori jangovar shaylikka keltirildi. Shaxsiy tarkib zudlik bilan tegishli anjom va qurol-aslahalarni olgan holda jangovar va zirhli texnikalarga joylashdi. Bo‘linma komandirlari tomonidan belgilangan jangovar topshiriqni bajarish, ko‘zlangan maqsadga erishishda qo‘l keladigan aniq rejalar ishlab chiqilib, harakatlanish yo‘nalishi belgilab olindi. Shundan so‘ng shaxsiy tarkib jangovar va zirhli texnikalarda belgilangan o‘quv joyi tomon yo‘l oldi.
Qurolli Kuchlar Bosh shtabi boshlig‘i rahbarligida o‘tkazilayotgan o‘quv mashg‘ulotlari davomida 100 dan ortiq o‘quv savollari amaliy tarzda ko‘rib chiqiladi. O‘quv mashg‘ulotlari boshlanishi bilan O‘zbekiston Respublikasi davlat chegarasi hamda unga yaqin bo‘lgan hududlarni qo‘riqlash va himoya qilish ishlari Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari va hamkor kuchlar bilan birgalikda kuchaytirilgan tizimga o‘tkazildi. Unga ko‘ra, blok postlarni kuchaytirish, aholi o‘rtasida tartibsizliklarning oldini olish, muhim ob'ektlarni muhofaza qilish borasida ham rejali chora-tadbirlarni qo‘llash belgilandi.
Mazkur o‘quv mashg‘ulotlari kuch tuzilmalarining jangovar shayligi va qobiliyatini oshirish, janubiy sarhadlarimizning ishonchli himoyasini tashkil etish hamda hududda tinchlik va osoyishtalikni ta'minlash bo‘yicha mahalliy boshqaruv organlari va kuch tuzilmalarining o‘zaro hamkorligini amalda qo‘llash ko‘nikmalarini mustahkamlashga qaratilmoqda.
Shuningdek, o‘quv mashg‘ulotlari davomida mahalliy aholi uchun Qurolli Kuchlar qudratini va boshqaruv organlarining o‘zaro hamkorligini namoyish etish, joylardagi mavjud muammolarni o‘rganish va ularni hal etishda mahalliy aholiga ko‘maklashish bilan birga, harbiy-tibbiy mutaxassislar ishtirokida fuqarolarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, ular orasida tushuntirish va madaniy-ma'rifiy ishlarni olib borish orqali profilaktik tadbirlarni yo‘lga qo‘yish, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ular qalbida milliy armiyamizga bo‘lgan faxr va iftixor tuyg‘ularini oshirish, xalq va milliy armiya o‘rtasida bo‘lgan ishonch va birdamlikni mustahkamlashga qaratilgan tadbirlar o‘tkazib borilishi rejalashtirilgan.
Qo‘shinlarimizning jangovar shayligi va harbiy xizmatchilarning tayyorgarligini yanada oshirish, fuqarolarimizda milliy armiyamizning kuch-qudratiga bo‘lgan ishonchni mustahkamlashga qaratilgan mashg‘ulotlar davom etmoqda.
Maqsud ABILOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar departamenti
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi